Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vazir jurnalistlar bilan to‘qnashdi... (1-qism)

Vazir jurnalistlar bilan to‘qnashdi... (1-qism)

Foto: «Sputnik Kazaxstan»

Shu yil 19-fevralda «KazTAG» axborot agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘istonda ommaviy axborot vositalari xodimlarini g‘azablantirgan va ularning keskin noroziligiga sabab bo‘layotgan voqea ro‘y bermoqda.

Biryoqlama qarash

Axborot va kommunikatsiyalar vaziri Dauren Abayev jurnalistlar akkreditatsiyasi tartiblarini o‘zgartirish haqidagi buyruq loyihasini qayta ko‘rib chiqishini bildirgan.

Gap 2013-yil 21-iyunda o‘sha paytdagi Madaniyat va informatsiya vaziri qabul qilgan «Jurnalistlar akkreditatsiyasi tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 138-son buyrug‘iga kiritilayotgan o‘zgartirish haqida ketmoqda. Agar u qabul qilinsa, jurnalistlarning tadbirlarni yoritish uchun binolarga kirishi sezilarli qiyinlashadi. 13-fevralda muhokamaga qo‘yilgan hujjat 27-fevralgacha muhokama qilinadi.

Vazirning aytishicha, matbuot xodimlari bundan keyin etika me’yorlarga qat’iy rioya qilishlari zarur. Hozir amaldordorlarning shikoyat qilishicha, jurnalistlar davlat organlari binosiga go‘yoki bir tadbirga kelishadi-da, keyin xonama-xona yurishadi va ularning ishlashiga xalaqit qilishadi.

Ammo vazir janoblari ko‘plab amaldorlar jurnalistlardan qochib xonasiga yashirinib olayotgani haqida negadir ochiq aytishni istamaydi.

Foto: «Kapital.kz»

«Sizlar bu hujjatni oxirigacha o‘qimagansiz va hayajonga berilayapsizlar. Oddiy ish etika qoidalari mavjud. So‘rovnoma yuborish kerak. Davlat organlari ma’lum vaqt ichida unga javob berishi shart. Bu huquq emas, ularning majburiyati. Agar siz ularni yo‘lakda uchratib qolsangiz, savolingizga javob so‘rashingiz mumkin, ammo kechirasizu xonasiga kirib borish aslo mumkin emas. Odam ish jarayoni bilan band bo‘lsa, uni bezovta qilish to‘g‘ri emas. Lekin bu hujjatni ham odamlar tayyorlagan va xatodan xoli bo‘lmasligi mumkin», deya vazir o‘z qarorini izohlaydi.

«Ichki tartibga yozma rozilik so‘rash umum e’tirof etilgan me’riy amaliyot. Marhamat, muzey yoki kutubxonaga boring. U yerda muayyan tartib bor va siz unga doim amal qilasiz. Har bir davlat organining ham o‘z reglamenti mavjud. Uni bajarishning hech qanday qiyin joyi yo‘q», deydi yana Abayev osmondan tushgan kishiday.

Qolaversa, u avval akkreditatsiyadan o‘tgan, biroq tahririyatdan bo‘shatilgan xodimlar, keyin ham uni suiste’mol qilib, foydalanib yurishganidan bosh muharrirlar yozg‘irayotgani ham ana shunday chora ko‘rishiga sabab bo‘lganini bayon qildi.

Uning shunday ham axborot olish qiyin jamiyatda ortiqcha jarayon – akkreditatsiyadan o‘tish va buning uchun bir talay hujjatlarni taqdim etish zarurligi haqidagi buyruq loyihasi jurnalistlarni senzura qilish bilan barobar ekanligini tushunishni istamayotgani qiziq.

Agar buyruqqa nazar solsangiz, tadbir o‘tayotgan joyda matbuot xodimi uchun joy yo‘q bo‘lsa, tashkilotchilar jurnalistlarni akkreditatsiya qilishni rad etish huquqiga ega bo‘ladi. Bu ham axborot olish huquqini cheklaydi. Abayev ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunga ham tuzatishlar kiritish to‘g‘risida eslatib o‘tgan.

To‘polon ko‘tarilgach, shoshib qoldi...

Qozog‘istonlik jurnalistlar agar vazir o‘zining ahmoqona buyrug‘ini bekor qilmasa, bunday o‘zgarishlarga nisbatan 3 ta shaharda mitinglar boshlashi mumkinligini ma’lum qilishdi.

Chunki yangi tartibdan hukumat o‘ziga nomaqbul bo‘lgan jurnalistlardan qutulish uchun yaxshi vosita sifatida foydalanishi va shaxsiy ma’lumotlariga ega bo‘lishi mumkin. Bu esa «to‘rtinchi hokimiyat»ning davlat tomonidan bo‘g‘ilishini anglatadi.

Foto: «Sputnik Kazaxstan»

Abayev janoblari to‘polon ko‘tarilgach, shoshib qoldi. Buyruqni qayta ishlab chiqishga va’da berdi. Shu bilan birga tahririyat bilan shartnomaviy munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish uchun jurnalist emas, matbuot xizmatlari va tahririyatlar javob berishini ta’kidladi.

Yangi tartib manfaatdor tomonlarning fikri, e’tirozi va takliflarini bilish uchun tarqatilganini aytmoqda. Unga buyruqni e’lon qilishdan avval professional hamjamiyatning fikrini olish muhim va shu sababli muhokamaga tashlagan. Abayevning qayd etishicha, agar yangi qoidaga qarshi jurnalistlar miting uyushtirsa, u albatta tadbirga boradi va loyihaga tushuntirish beradi.

Abayev vazirlikdagi o‘zining asosiy faoliyati qolib ketib, hukumatdagi o‘z hamkasblarini himoya qilish bilan ovora.

U bir gal jurnalistlarga amaldorlardan aqlli javob olish uchun aqlli savollar berish kerakligini maslahat qilgan edi.

Yaqinda bir oilaning 5 nafar bolasi o‘limi bilan bog‘liq ayblar tufayli ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston mehnat va ijtimoiy himoya vaziri Madina Abdulqosimovaning iste’fosini talab qiluvchi xabarlar tarqab ketdi. U esa bu talabning adolatsiz va biryoqlama deb atar ekan, jurnalistlarga yaxshisi bu kabi fojiaviy xabarlarni ko‘p ham tarqatmaslikni tavsiya qilgan edi.

U ehtimol axborotlashtirish, aloqa va raqamli texnikalar rivoji bo‘yicha yaxshi mutaxassis bo‘lishi mumkindir, ammo fikr va so‘z erkinligi, jurnalistlar huquqlari himoyasi haqida ketganda maqtana olmaydi. 

Ma’lumot uchun aytish kerakki, Dauren Askerbekovich Abayev 1979-yilda tug‘ilgan. Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universitetini tamomlagan. 2001-2003-yillarda tashqi ishlar vazirligida turli lavozimlarda ishlagan. 2003-2007-yillarda Qozog‘istonning Ozarbayjondagi elchixonasi uchinchi kotibi, Niderlandiyadagi muvaqqat ishlar vakili, 2007-yilda tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari bo‘lgan.

2007-2016-yillarda Qozog‘iston Prezidenti protokoli bosh eksperti, matbuot kotibi o‘rinbosari, Prezidentning matbuot kotibi – maslahatchisi lavozimida ishlagan. 2016 yil 6 maydan Qozog‘iston Respublikasi axborot va kommunikatsiyalar vaziri bo‘lib kelmoqda.

A.Hasanov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring