Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xo‘jayli tumani hokimi: «Muammolarni telegramda hal qilyapmiz, boshqalarga ham buni tavsiya qilaman»

Xo‘jayli tumani hokimi:  «Muammolarni telegramda hal qilyapmiz, boshqalarga ham buni tavsiya qilaman»

Foto: «Kruz.uz»

Ma’lumot almashish va muloqotlashishda «Telegram» eng qulay vositalardan biriga aylanib qoldi. Xo‘jayli tumani hokimi Jengis Yermashev «Xabar.uz»ga bildirishicha, telegram yordamida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni ham oson va qisqa muddatda hal qilish mumkin. Hokim buni o‘z tajribasidan kelib chiqib aytmoqda.

— Xo‘jayli tumani bo‘yicha 2018-yil 27-noyabr holatiga yil boshidan jismoniy va yuridik shaxslardan jami 3229 ta murojaat kelib tushdi: 1075 tasi yer, 1042 tasi uy-joy, 122 tasi moddiy yordam, 28 tasi yo‘llarni ta’mirlash, 93 tasi kommunal xizmatlar ko‘rsatish, 9 tasi korxona rahbarlari ustidan shikoyat, qolgan 870 tasi boshqa ijtimoiy masalalar. 

Bu muammo va vajlarni qisqa muddat ichida tezkor hal etish, joylardagi haqiqiy vaziyatni nazorat qilish va bilib turish uchun aholi bilan bevosita onlayn tarzda muloqot o‘rnatishga qaror qildik. Ya’ni shunday bo‘lsinki, odamlar hokimga murojaat etish uchun hatto uylaridan ham chiqishmasin. Shu maqsadda 2018-yilning 27-noyabrida «Telegram» messenjerida «Xo‘jayli tumani hokimiga elektron murojaat guruhi»ni ochdik.

Natijasi kutganimizdan ham yaxshi bo‘ldi: tumandagi o‘quv va ta’lim maskanlari, bank, arxitektura, tibbiyot birlashmasi, korxona, muassasa va tashkilot rahbarlari faoliyati yaxshiroq kuzatiladigan bo‘ldi, guruhga kelib tushgan murojaatlarni tez hal qilish hamda qilingan ishlarning haqiqiyligini tasdiqlashda fotosuratlar va video tasvirlar joylashtirib borilgani uchun har bir masalada bevosita hokim nazorati o‘rnatildi.


  • «Xo‘jayli tumani hokimiga elektron murojaat» guruhida hozir 8 ming nafarga yaqin faol foydalanuvchi bor.
  • Elektron murojaat guruhini hokimning o‘zi kuzatib boradi va murojaatlarning hal etilishi va ko‘rib chiqilishini nazorat qiladi.
  • Guruhga a’zo bo‘lish uchun messenjerda «@hokimgamurojaat» so‘zini qidirish lozim.

2019-yil 6-fevraligacha elektron murojaat guruhiga jami 1579 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 657 (41 foizi)tasi qanoatlantirilib, 800 (50,6 foizi)tasiga tushuntirish berildi. Yana 31 ta taklif va mulohaza yuzasidan va 91 nafar fuqaroga shaxsan tuman hokimi qabulida bo‘lish so‘raldi.

Telegram guruhi ochilmasidan oldingi 50 kun bilan keyingi 50 kun solishtirilganida, murojatlar bilan bog‘liq vaziyat ancha ijobiy tomonga o‘zargani, yuqori idoralarga murojaat 219 taga kamaygani, Jo‘qorg‘i Kenges, Vazirlar kengashi va boshqa organlarga murojaat to‘xtagani aniqlandi.

«Xo‘jayli tumani hokimiga elektron murojaat guruhi»da fuqarolarimiz hokim va boshqa rahbarlar bilan bevosita onlayn muloqot o‘rnatib, muammo yoki masalasini erkin yozishi, fotosuratlar va videomateriallar taqdim etishlari mumkin. E’tibor bering: murojaat qabul qilinganligi haqidagi javobni odamlar shu zahotiyoq olishadi. Bundan tashqari, elektron murojaat guruhida mutaxassislardan istalgan masalada fikr va yo‘l-yo‘riq so‘rab, maslahat olish mumkin.

Biz yo‘lga qo‘ygan onlayn muloqot prezident hamda hukumat farmon va qarorlari, jamiyatimizda ro‘y berayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda tuman ahamiyatiga molik voqealar mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazishimizda qo‘l kelyapti. Ta’kidlash o‘rinliki, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda ham bu juda qulay vosita.

Demoqchimanki, bu amaliyotni boshqa joylarda ham joriy etish kerak. Shunda xalq bilan bevosita aloqa o‘rnatiladiki, bu har bir tumanning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida o‘z aksini topmay qolmaydi. Biz bunga o‘z tajribamiz davomida amin bo‘ldik.

Jengis Yermashev,
Xo‘jayli tumani hokimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring