Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xontaxta tarbiya». Mushtning sababi nimada?

«Xontaxta tarbiya». Mushtning sababi nimada?

Foto: Dilfuza Komil kanali

Bugun hammaning og‘zi polvon: katta-katta gapirib, hamma muammolarda atrofdagilarni, siyosatni, hukumatni, o‘lganlarni, qolganlarni, palonchilarni, pistonchilarni ayblaymiz. «Odamlar unday, odamlar bunday» deymiz (o‘zimizni odam qatoriga qo‘shmaymizmi, bilmadim), hech shu muammolarda hamma qatori o‘zimizning ham aybimiz borligini, shu muammolar ildiz otayotgan vaqtda yo haqiqatni aytishdan qo‘rqib, yoki loqaydligimiz tufayli bir chetda pisib yurganimizni tan olgimiz kelmaydi. Xullas, aybdor atrofdan qidiriladi. Bunday bo‘lishiga esa... bizni tarbiyalaganlar, ota-onamiz sababchi desam, e’tirozga shoshilmay turing. Tarbiyada yo‘l qo‘yiladigan xatoliklar ko‘p bo‘ladi va bu xatolar (xato deb bilinmagani uchun ham) avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tadi.

Masalan, aytaylik kichkintoyingiz bexos yiqilib, boshini xontaxtaga urib oldi-da, og‘riqdan dod sola boshladi. Siz nima qilasiz? Uni yupatish, chalg‘itish uchun xontaxtani aybdor qilasiz:
- Shu urdimi seni? Shumi?..

Bola beixtiyor buni tasdiqlaydi (sho‘rlik nimayam qilsin, hammasini ko‘rib-bilib turgan kap-katta odam xontaxtaga tuhmat qilib turgandan keyin!)

Tasdiq javobidan keyin siz go‘yo xontaxtani jazolaysiz – uni paq-paq ura turib, ta’kidlaysiz:

- Mana senga! Mana senga! Yana mening bolamni urasanmi, a urasanmi?..

Yoki o‘sha tobda kichkintoyning akasi yo opasi o‘sha atroflarda bo‘lsa, u sho‘rlik tuhmat ob’yektiga aylanadi. Unga ko‘zingizni qisib qo‘yib, kichkintoydan so‘raysiz:

- Seni akang (yoki opang) urdimi?..

Arzanda darhol tasdiqlaydi (unga baribir, boshimni o‘zim urib oldim, demasa, ya’ni aybini tan olmasa bo‘lgani). Siz sho‘ring qurg‘ur beayb akacha yoki opachani yolg‘ondakam urib qo‘yasiz:

- He o‘sha seni, ukasini uradigan! Mana bo‘lmasam!.. Mana!.. Mana!..

Akasining yoki opasining «kaltak yeyayotganini» ko‘rgan arzanda kichkintoy darhol yupanib, yig‘idan to‘xtaydi.

Ayni o‘sha damda siz bolangizga aybdorni atrofdan qidirish haqida ta’lim berib qo‘yasiz.

- Bolajonim, ko‘rib turibman, boshingni xontaxtaga o‘zing urib olding. Bunda o‘zingdan boshqa hech kimning aybi yo‘q: akang, opang o‘z o‘yini bilan band, xontaxta ham o‘z o‘rnida turibdi. Sen ko‘zingga qarab yurmaganing uchun ham yiqilib, unga boshing bilan urilding. Bundan keyin ehtiyot bo‘lib yur, - desangiz olam guliston edi! Yo‘q. Chunki siz ham onameros «tarbiya usullari»ga rioya qilasiz.

Qisqasi, eslatmoqchimanki, onasiga tantiqlanib xontaxtani aybdor qiladigan yoshdan allaqachon o‘tib, donishmandlarga quloq soladigan yoshga yetganmiz. Donishmandlardan biri Mavlono Rumiy aytadilarki:

«Oqil odam yegan mushtining sohibini emas, sababini qidiradi...»

P.S.: hikmatdagi «oqil odam» degan joyini «kap-katta odam» deb o‘qilsa, yanayam tushunarliroq bo‘ladi.

Dilfuza Komil

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring