Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xorazmda o‘lgan odam so‘roq qilinib, sud unga hukm o‘qidi!

Xorazmda o‘lgan odam so‘roq qilinib, sud unga hukm o‘qidi!

Foto: «UzNews.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK Departamenti Xorazm viloyati Bog‘ot tumani bo‘limi boshlig‘i Departamentning Bog‘ot tuman bo‘limi tomonidan fuqaro G.A. va boshqalarning MXXning Bog‘ot tuman bo‘linmasi boshlig‘i nomiga yozgan arizasi yuzasidan IIB, DSI xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgani qayd etilgan hamda jinoyat ishi qo‘zg‘atish va ish yurituviga olish haqida 2017-yilning 30-aprel kuni qaror qilgan.

Bu voqea haqidagi barcha hujjatlar «UzNews.uz»ga taqdim qilingan. Qarorda Bog‘ot tumanida yashagan S.B.B. aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zgalarning mulkini qo‘lga kiritib kelgani bois, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani bayon qilingan.

Shuningdek, ushbu qarordan bir nusxa Bog‘ot tumani Prokuroriga yuborilgan. Bog‘ot tumani prokurori tomonidan tasdiqlangan ayblov xulosasida voqea joyidan 197 million 142 ming so‘m pul va 12 million 535 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingani ham qayd etilgan.

Qolaversa, bir fuqaroning «firibgarlik» ishi bo‘yicha 2017-yilning 23-may kuni aynan prokurorning rahbarligida tuman IIB tergovchisi, MXX Bog‘ot tuman bo‘linmasi xodimi, tuman IIB JQ va UJQKB katta tezkor vakili, tuman IIB XOOG MTP PkI va yana bir kishidan iborat tarkibda tergov guruhi tuzilgan.

Barcha tadbirlar amalga oshirilgan, xullas, S.B.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, lekin ayblanuvchi sifatida so‘roq qilinishi lozim bo‘lgan fuqaro 2017-yilning 4-iyul kuni yurak qon tomir va nafas yetishmovchiligi, miya shishi, koma holati, bosh miyada qon aylanishining gemorrogik tipda o‘tkir buzilishi kasalligi bilan olamdan o‘tgan.

2017-yilning 4-iyul kuni olamdan o‘tgan fuqaro tuman IIB tergovchisi tomonidan «so‘roq qilingan». Vafot etgan kishiga nisbatan tergovchi tomonidan savollar berilgan, masalan, «Siz ko‘rsatma berishni xohlaysizmi, agar xohlasangiz, qaysi tilda?» mazmunidagi savol ayblanuvchi marhumga berilgan.

«Noto‘g‘ri o‘ylamang, biz aqldan ozmaganmiz, qo‘limizda yuqoridagi yozganlarimizni isbotlovchi dalil va ashyolar mavjud. Bu kabi savollarga, tabiiyki, javob bo‘lmagan, javob beradigan yoki berishi kerak bo‘lgan ayblanuvchi 2017-yilning 4-iyul kuni vafot etgan edi, tergovchi esa marhumni 2017-yilning 26-oktabr kuni so‘roq qilgan», deyiladi xabarda.

Bu jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksi 84-moddasiga asosan, advokat tergovchidan ishni ayblanuvchiga nisbatan ayblilik masalasini hal qilmay turib tugatish bo‘yicha Iltimosnoma ham taqdim qilgan.

Tuman IIB Tergov bo‘limi bu jinoyat ishini tugatmagan holda, uni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumani sudiga oshiradi. Bog‘ot tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi esa o‘lib ketgan odamning ishini sud tartibida, uning aybini isbot qilish uchun, 2017-yilning 27-noyabr kuniga belgilaydi.

Xabarda qayd etilishicha, marhum S.B.B.ga nisbatan o‘tkazilgan ish bo‘yicha hukm 2018-yilning 12-yanvar kuni o‘qilgan.

Hukmda «Marhum S.B.B. O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilsin», deyilgan.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring