Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hokim, MXX, prokuror va’da berdi: «Xorijda adashgan yurtdoshlarimizni qaytaringlar, ularni qamamaymiz»

Hokim, MXX, prokuror va’da berdi: «Xorijda adashgan yurtdoshlarimizni qaytaringlar, ularni qamamaymiz»

Turobjon Jo‘rayev — Samarqand viloyati hokimi.

Foto: «Ozbekiston24» / «Xabar.uz»

Bugun, 12-mart kuni kechqurun Samarqand viloyati hokimiyatida turli sabablar bilan xorijda yurgan yurtdoshlarimizni vatanga qaytarish masalalariga bag‘ishlangan katta yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi, viloyat prokurori, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi, viloyat MXX rahbari, viloyat IIB boshlig‘i, viloyatdagi barcha masjidlarning imom-xatiblari, qidiruv e’lon qilingan fuqarolarning oila a’zolari, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni boshqargan viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev yoshlarimizga diniy bilimlarni puxta o‘rgatmaganimiz tufayli, ular o‘z ota-bobolari dini bo‘lgan islomni yaxshi bilmaganliklari tufayli adashib, begona oqimlarga kirib ketganini, ammo ular ham shu yurtning farzandlari ekanini, ularni kechirish lozimligini aytdi. Prezidentimiz e’lon qilgan afv tufayli Samarqand viloyatidan ham gumondorlar ro‘yxatida bo‘lgan 1749 kishidan 1625 tasi ro‘yxatdan chiqarilganini aytdi. Ularning muammolari o‘rganilgani, kimiga uy, kimiga ish, kimiga davolanish uchun sihatgohlarga bepul yo‘llanmalar berilganini aytdi.

— 124 fuqaromizni ro‘yxatdan chiqara olmadik, sababi ular xorijda yurishibdi, — dedi viloyat hokimi. – Ammo bilaman, hammasining vatanga qaytish istagi bor. Lekin hammasining yuragida «borsam qamab qo‘yishadi» degan qo‘rquv bor. Azizlar, farzandlaringizga ayting, hammasi qaytishsin, bittasi ham qamalmaydi, ularni kechiramiz. Ularning qamalmasligiga mana men kafilman!

Shundan so‘ng Samarqanddagi STV televideniyesi viloyat MXX bilan hamkorlikda tayyorlagan «Adashganlar» nomli hujjatli film namoyish qilindi. Unda Samarqanddan turli davlatlarga chiqib ketib, begona yurtlarda har xil diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchilarga qo‘shilib qolgan yoshlarning taqdirlari ko‘rsatildi. IShID saflarida janglarda qatnashgan, Ukrainaga kelganida MXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan 1992-yilda tug‘ilgan Sherzod Jo‘rayevning iqrori tomoshabinlarni larzaga soldi.

Viloyat MXX rahbari Ulug‘bek Mirzaahmedov ham MXX tomonidan necha kishi ushlangani, necha kishiga ozod bo‘lishi uchun yordam berilgani, qirqdan ortiq jinoiy ishlar yengillik berish maqsadida qayta ko‘rilayotgani haqida gapirdi.

— Ko‘pchilik yoshlar ota-onalari bilan doimiy ravishda aloqa bog‘lab turganidan xabardormiz, — dedi MXX rahbari. – Aytinglar, qaytishsin! Ularga qamoq jazosi berilmasligiga, ular ta’qib va tazyiqqa uchramasliklariga men kafilman!

Viloyat prokurori Farhod Zuparov jinoyat sodir etgan fuqarolar «Falon yil yashirinib yursam, jinoiy ish yopilib ketadi» deb xato o‘ylab yurishlarini, yaxshisi, kelib tavba qilishlari, eldan, davlat rahbaridan kechirim so‘rashlari to‘g‘ri bo‘lishi haqida gapirdi. Agar bekinib yursa-yu, chet elda qo‘lga tushsa, u davlat uni O‘zbekistonga qaytaradi, ammo barcha sarf-xarajatlar o‘sha fuqaroning bo‘yniga tushishini tushuntirdi.

So‘zi nihoyasida prokuror ham kafillik berdi:

— Farzandlaringizga ayting, qaytishsin! Men bitta narsaga kafolat beraman: agar qo‘li qonga botmagan bo‘lsa, bitta ham fuqaro qamalmaydi!

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi Olimjon Hayitov sud Yoshlar ittifoqi bilan imzolangan memorandum asosida 55 ta jinoyat ishini qayta ko‘rib, barchasiga yengillik berilganini, ayrim yoshlar jazodan ozod qilinganini aytdi.

Sud raisi boshqalardek qaytgan fuqarolar qamalmasligiga aniq kafillik bermagan bo‘lsa-da, «Mana, qamamaymiz degan gaplar bo‘layapti, bolalaringizga ayting, qaytishsin», — dedi.

Viloyat imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov diniy rivoyatlardan, oyat va hadislardan aytib, ota-onalarni vatandan tashqarida yurgan farzandlarini chaqirishga undadi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan, farzandlari chet ellarda yurgan ayrim ota-onalar rahbarlardan farzandlarini qaytarish borasida yordam so‘rashdi. Urgutlik sakkiz farzandning onasi Muhayyo Hodiyeva bir emas, uch o‘g‘li chetda yurganini, ularning yosh bolalari borligini aytib, farzandlarining qaytishlari uchun yo‘l ochib berayotgan prezident Shavkat Mirziyoyevga barcha onalar nomidan minnatdorchilik bildirdi.

— O‘g‘illarimning bari mehnatkash, — dedi onaizor. – Vatanga qaytishsa, o‘zlarining nomlarini halol mehnatlari bilan oqlashlariga mana men kafilman!

Albatta, yig‘ilish ehtiroslarga boy bo‘ldi, taassurotlar shunchalar beqiyos bo‘ldiki, yig‘ilishdan chiqiboq tanishlarimizga viloyat hokimi, prokurori, qozisi, MXX rahbari, IIB boshliqlari bergan kafillikni aytib, suyunchi olgimiz, ularni yurtga qaytishga da’vat qilgimiz kelib ketdi. 

Karimberdi To‘ramurod
Samarqanddan «Xabar.uz» uchun maxsus tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring