Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xovos shaharchasining yangi markazi «Mirzacho‘l tajribasi» asosida quriladi

Xovos shaharchasining yangi markazi «Mirzacho‘l tajribasi» asosida quriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurib, Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Mirzacho‘l tajribasi» asosida Xovos shaharchasining yangi markazi bunyod etilishi rejalashtirilgan. M-39 avtomobil yo‘li bo‘yidagi 42 gektar hududda kompleks qurilish ishlari loyihalashtirilgan. Unga muvofiq, bu yerda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bog‘i, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi. Yo‘l infratuzilmasi rivojlantirilib, aholi va transportlar uchun qulayliklar yaratiladi.

Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta ko‘p qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Endi har yili yangi ko‘p qavatli uylar barpo etilib, aholining ijtimoiy sharoitlari bosqichma-bosqich yaxshilanib boradi. Oilaviy sharoiti yaxshilangan insonning umidi, ertangi kunga ishonchi ham ezgu bo‘ladi.

Shuningdek, «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatida 32 ta tikuvchilik majmualari tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sexlar asosan kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga mo‘ljallangan bo‘lib, jami 4 ming 200 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz shu yerda xovoslik nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bilan suhbatlashdi. 

Shavkat Mirziyoyev avvalroq, Sirdaryo tumanidagi «Sirdaryo universal oyna» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishgan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring