Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xususiy ta’limga tayyormizmi?

Xususiy ta’limga tayyormizmi?

Foto: «Zarnews.uz»

2016-yil bahorida, Fransiyada o‘qib yurgan kezlarimda vatanga qaytgandan keyin ta’lim sohasini rivojlantirish, uni yanada yuqori cho‘qqilarga olib chiqish uchun o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilib qo‘ygan edim. Sababi Fransiyadagi o‘qishimiz aynan ta’lim sohasi bilan bevosita bog‘liq edi. Hatto bu boradagi ko‘nglimdagi gaplarni men bilan birga borgan do‘stimga aytganimda ba’zan «sizga bunga yo‘l berishmaydi, bir o‘zingiz hech narsa qila olmaysiz», deb hafsalamni pir qilib ham turardi.

Yurtimga qaytib kelganimdan keyin men birinchi duch kelgan muammo ish topish bo‘ldi. Ammo hozir ish topish muammolariga vaqt ajratib o‘tirmayman, buning o‘zi bir tarix. Ana shunday ish izlab yurgan kezlarimda ham meni ta’lim tizimini isloh qilishga hissa qo‘shish istagi bir zumga bo‘lsa-da tark etmadi. Shunda o‘zimga-o‘zim so‘z berdim. Xususiy maktab ochaman va o‘zim istagan yangiliklarni amalga oshiraman, menga hech kim xalaqit berolmaydi degan to‘xtamga keldim.

Ammo insonning fikri vaqt o‘tishi, vaziyat o‘zgarishi bilan o‘zgarib borar ekan. Hatto bugun bir fikr ustida qattiq turib olgan bo‘lsangiz ham, ertaga umuman teskarisini aytib turar ekansiz. Menda ham shunday bo‘ldi. Xususiy maktab ochishni o‘ylab yurgan odam to‘satdan xususiy maktabga qarshi bo‘lib turibman. Buni esa quyidagi bir necha omillarda asoslab berishga harakat qilaman:

— Xususiy maktablarning ochilishi (aslida hozir ham bor, ammo ko‘zga ko‘rinmaydi) jamiyatda shundoq ham mavjud bo‘lgan iqtisodiy tabaqalanishni kuchaytirib yuboradi;

— Xususiy ta’limga haddan ortiq e’tibor berilishi ortidan umumiy xalq ta’limining obro‘si tushib ketadi;

— Jamiyatda kadrlar borasida ham tabaqalanish vujudga keladi;

— Xususiy ta’limda hammaning ham ta’lim olishga qurbi yetmasligi sababidan yuqori lavozimdagi kadrlar bir necha ma’lum toifalarning qo‘lida to‘planib qoladi;

— Ta’lim tizimi kimlar uchundir biznesga aylanib qoladi;

— Yaxshi oylik maosh ortidan davlat maktablaridagi ilg‘or o‘qituvchilar xususiy maktablarga o‘tib ketadi va davlat maktablarida salohiyat jihatdan bir muncha past darajadagi o‘qituvchilar qoladi, bu esa savodxonlik darajasining tushishiga sabab bo‘ladi va hokazolar.

Aytamiz desak, yana sabablar chiqaverishi mumkin. Xususiy ta’limning ham o‘ziga yarasha ijobiy tomonlari ham bor. Buni rad etmaymiz. Masalan, ta’lim sifati oshadi, yaxshi salohiyatli kadrlar yetishib chiqadi, xususiy ta’limning foydalarini ko‘pchilik yaxshi biladi. Ammo, xususiy ta’limda hammaning ham o‘qish imkoniyati yo‘qligini inobatga olgan holda, eng avvalo, umumiy davlat maktablarini isloh qilib, keyin xususiy ta’limga yo‘l berilsa ma’qulroq bo‘lar edi. Xo‘sh, bugungi kunda ta’lim sifatini oshirish uchun nima qilish kerak? Qanday qilsak biz bu sohada yutuqlarga erishishimiz mumkin bo‘ladi? Bu borada quyida bir necha tavsiyalar keltirib o‘tmoqchiman:

— Birinchi navbatda o‘qituvchilar oylik maoshini kamida ikki barobar oshirish kerak (bu iqtisodimizga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin, ammo, ta’limga sarflangan pul albatta o‘zini oqlaydi);

— Ikkinchidan, o‘qituvchini har xil qo‘shimcha ixtiyoriy-majburiy ishlardan ozod qilish, haddan tashqari ko‘payib ketgan hujjatlar to‘plamini kamaytirish kerak;

— O‘qituvchining ishlagan yoki ishlamaganini uning yozgan kunlik ish rejalariga qarab emas, balki bugungi kunda zamonaviy kuzatuv kameralari orqali tekshirish tajribasini ishga solish kerak. Chunki kunlik ish rejasi faqat xo‘jako‘rsinga qilinadigan ish. Dars uchun bu hujjatning muhimligi aytilsa-da, u faqatgina oylik maosh yozish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun har bir sinf xonasi kuzatuv kameralari bilan jihozlansa, bunday konspektning keragi bo‘lmaydi, unga ketgan vaqtda o‘qituvchi dars uchun qo‘shimcha materiallar bilan ishlaydi, vaqtini unumli ishlarga sarf etadi;

— To‘rtinchidan, sinflardagi o‘quvchilar sonini ko‘pi bilan 20 nafar qilib belgilash (bunga ham moliyada o‘tirganlar yo‘l qo‘ymaydi, ammo bularga ham o‘sha gap), bugungi sinflarda 40 nafargacha o‘quvchi bor, bu ayniqsa poytaxt maktablarida ko‘proq namoyon bo‘lmoqda;

— Beshinchidan, o‘qituvchilikni faqatgina oliy pedagogika bilim yurtini tugatganlarga topshirish kerak. Chunki, bugun xohlagan odam o‘qituvchilik qilyapti, xohlagan odam pora berib ishga kiryapti maktabga, kollejga, oliygohga;

— Oltinchidan, o‘qituvchilikka ishga olayotganda bir necha bosqichli konkurslar tizimini joriy etish zarur, sinov muddatidan o‘tolmagan kadrlarni almashtirish kerak. Qiynalib ishga kirsa, ishdan ayrilib qolmaslik uchun kurashadi, o‘z ustida ishlaydi;

— Maktablar moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, o‘qituvchilarga metodik jihatdan erkinlik berish va hokazolarni sanab o‘tish mumkin.

So‘zim yakunida shuni aytishni lozim topdimki, yuqorida bildirilgan fikrlar shaxsiy kuzatuvlarim natijasi, bunda qandaydir g‘araz, kimlarnidir nishonga olish maqsad qilinmagan. Maqsadim esa yurtga oz bo‘lsa-da manfaatim tegishi.

Jahongir Ostonov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring