Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yana Dianami demang!

Yana Dianami demang!

Foto: «Xabar.uz»

Diana haqida shunchalik ko‘p yozildiki, o‘qigan odam ham «E, bo‘ldi-da, endi!» deb yuboradigan bo‘ldi.

Ammo aynan Dianani ko‘cha supurishga olib chiqqan odam, uni shu ishga buyurgan odam mard bo‘lib, aybini tan olib, «Dianani trassaga men olib chiquvdim, uzr», deganida olam guliston edi. Buning o‘rniga fojeani xaspo‘shlash boshlanib ketdi. Hatto Diananing o‘zini, ayrimlar voqea tafsilotlarni bayon qilgan jurnalistni, ya’ni meni ayblashga tushib ketdi.

Hurmatli «kattakon»lar, yaxshilab eslanglar, 52 ta yigit avtobusda yonib ketganida prezidentimiz Sh.Mirziyoyev «Ularning o‘limida o‘zimni aybdor his qilayapman, Namanganga borganimda ularning onalariga nima deyman?» deganida obro‘si tushib ketdimi? Qaytanga Prezidentimiz mard ekan, deb xalqning ixlosi ortmadimi?

Men endi bu mavzuda yozmayman, degan edim. Ammo bugun Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayevning voqeaga munosabatini o‘rganib chiqdim.

Unda mana bu narsa ta’kidlangan:

«Baxtsiz hodisaning Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi bilan bog‘lab ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar va munosabatlar bildirilayotgani noxolis talqin hisoblanadi va haqiqatga mos kelmaydi. Shu munosabat bilan, jamiki ommaviy media vakillarini ushbu holatni yoritishda xolisonalikka rioya qilishga, bir tomonlama yondashuvdan qochishga chaqiramiz».

Hokim yozgan javobning eng qaynoq joyi mana bu:

«Ijtimoiy soha xodimlari mahalliy hokimiyat organlari va boshqarmalar tomonidan hududlarni obodlashtirish ishlariga chiqarilmagan va bundan keyin ham jalb qilinmasligiga viloyat rahbari sifatida so‘z beraman».

Men Samarqand viloyatida yashayman va viloyat hokimiga bo‘ysunaman hamda uning so‘zlari rostligiga ishonaman!

Shu munosabat bilan men, Karimberdi To‘ramurod, bugun «Xabar.uz» sayti orqali quyidagi bayonotni beraman:

  1. Diana katta trassada nima qilib yurganini viloyat hokimi «Ushbu hodisa xolis surishtirilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanishiga so‘z beraman», deganidek, tegishli idora mutaxassislari aniqlashadi.
  2. O‘z tashabbuslari bilan ko‘cha tozalashga chiqqan o‘qituvchilarning bu jonbozliklarining o‘sha kunlari O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga qilgan tashrifiga sira ham aloqasi yo‘q, ular oldinroq, 14 mart kuni «Navro‘z» bayrami munosabati bilan hasharga chiqishgan.
  3. «Sputnik» saytidagi hamkasblarimiz tomonidan ta’kinlanganidek, «Hashar – sira ham majburiy mehnatga jalb qilish emas, balki millatni birlashtirib turadigan ming yillik an’ana, har bir o‘zbekistonlikning fuqarolik burchidir. Dianani tozalash ishlariga Kattaqo‘rg‘on tumani XTB mudirining buyrug‘i emas, vijdoni olib chiqqan. U o‘zining fuqarolik burchini ado etishga chiqqan».
  4. O‘qituvchilar shunday yaxshi tashabbus ko‘rsatib, «Navro‘z» hashariga chiqqan bo‘lsalar-da, xo‘jalik ishlari xodimlari bilan birgalikda o‘qituvchilarning bu ishlarga jalb qilinganligi, ularning rahbarlari o‘qituvchilar xavfsizligini ta’minlamaganlari, IIBga aytib, YHX xodimlari jalb qilinmaganligi — boshqa masala.

Hurmatli «Xabar.uz» sayti o‘quvchilari! Zinhor Karimberdi To‘ramurod o‘z maqolasiga raddiya yozibdi, deb o‘ylamanglar, bu ish mening qoidalarimga zidligini ham yaxshi bilasiz. Jurnalistik tadqiqotlar natijasi bo‘ldi bu.

Diana mavzusini shu bilan tugatgan Karimberdi To‘ramurod.

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring