Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Yana majburiy a’zolik. Nimalar bo‘lyapti o‘zi?!

Yana majburiy a’zolik. Nimalar bo‘lyapti o‘zi?!

Foto: «Eco.Uz»

4-aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolanibdi, u bugun «Xalq so‘zi»da e’lon qilindi.

Mazkur qonun bilan «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunning 25-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi:

«Fermer xo‘jaliklarining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zoligi majburiydir».

Ya’ni fermerlar endi Kengashga majburan a’zo qilinadigan bo‘ldi.

O‘zi tadbirkorlarning Savdo-sanoat palatasiga majburiy a’zoligi kammidi?! Nimalar bo‘lyapti o‘zi, a?

Baraka topgurlar, Fermerlar kengashi nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi (Savdo-sanoat palatasi ham). Nodavlat notijorat tashkilotiga Qonun bilan (!) majburan a’zo qilib bo‘lmaydi, tushunsangizchi axir, Xudo xayringizni bersin! 

Deputatlar qayerga qarashyapti, demoqchimisiz? E, qo‘ying, eslamaylik shularni...

Shu joyida bitta qiziq faktni aytay. O‘tgan yili oktyabr oyida xuddi shu qonun loyihasi Oliy Majlisda muhokama qilingan payti quyidagicha xabar chiqqan edi:

«Deputat Rasul Kusherboyev bu talab yuqori turuvchi qonun hujjatlarimizga zid bo‘lib qolmaydimi, degan haqli savolni o‘rtaga tashladi.

Shu bois deputat kengashga fermerlarning a’zoligini ixtiyoriylikka asoslantirish maqsadga muvofiq, degan taklifni ilgari surar ekan, Konstitutsiyamizda nodavlat notijorat tashkilotlar, uyushmalar, jamoat birlashmalariga ixtiyoriylikka asoslangan a’zolik huquqini majburiyatga aylantirib bo‘lmasligini ta’kidladi. Bu jamoat tashkiloti hisoblangan ushbu Kengashni davlat organi vazifasini bajaruvchi tashkilotga aylantirib qo‘yishini qayd etdi.

Shu bois, fermerlarda Kengashga a’zo bo‘lish yo bo‘lmaslik huquqini qoldirish maqsadga muvofiq, degan yakdil fikrni bildirdi».

Ko‘ryapsizmi, qonunlarimizga zid bunday qonunlarga qarshi chiqqan deputatlar ham bo‘lgan, lekin bu kabi fikrlovchilar Parlamentda juda ozchilik. Qolganlari qarsak chalishni do‘ndirishadi lekin.

Rasul Kusherbayev yurist bo‘lmasa ham, lekin buni ongli ravishda tushunib, qarshilik qilibdi. Xo‘sh, Parlamentimizdan o‘rin egallagan yuristlarchi (ular orasida «kattakonlari» ham bor), ular qarshilik qilishmaganmikin?

Qonunlarimizdan parchalar:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi

34-modda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Bu huquq, tushunyapsizlarmi, huquq! Majburiyat emas. Xohlasa a’zo bo‘ladi, xohlamasa yo‘q.

  1. «O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi Qonun

1-modda. Jamoat birlashmasi tushunchasi

O‘z huquqlari, erkinliklarini hamda siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, fan, madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarini birgalikda ro‘yobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma jamoat birlashmasidir.

Erkinlik va ixtiyoriylik degan tushunchalar haqida hech eshitganmisizlar?

  1. «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi Qonun

2-modda. Nodavlat notijorat tashkiloti tushunchasi

Nodavlat notijorat tashkiloti — jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z qatnashchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir.

Qonunlarimizga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari faqat va faqat ixtiyoriylik asosida tuzilishi mumkin xolos. Boshqacha yo‘li yo‘q, bo‘lmagan ham. Faqat O‘zbekistondagina istisno bo‘lishi mumkin.

No comment…

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring