Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangiobod tuman IIB boshlig‘i fuqaroni urdi

Yangiobod tuman IIB boshlig‘i fuqaroni urdi

2018-yil 9-iyul kuni Jizzax viloyatining Yangiobod tumani, Ziyokor ko‘chasida yashovchi fuqaro N.Tursunboyev Bosh prokuraturaning «Ishonch telefoni»ga murojaat qilib, Yangiobod tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonov uning o‘g‘li S.Qurbonboyevni urib tan jarohati yetkazganligini bildirib, I.Sulaymonovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy saytida xabar berildi.

Yangiobod tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida so‘ralgan fuqaro S.Qurbonboyev 2018-yil 7-iyul kuni soat 14:30 larda Yangiobod tumani IIB boshlig‘i I.Sulaymonov «Mustaqillikning 22 yilligi» suv iste’molchilari uyushmasi hududidagi «Pastkichaqir bulog‘i» fermer xo‘jaligi dalasiga kelgan vaqtda kombaynlar g‘alla o‘rmasdan turganligini vaj qilib, mushti bilan uning (S.Qurbonboyevning) burun qismiga urganligini bildirgan.

Mazkur holat yuzasidan Yangiobod tuman prokuraturasi tomonidan tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring