Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangiyo‘l «Suvoqava» aholining 150 ta arizasiga «pinagini ham buzmadi»

Yangiyo‘l «Suvoqava» aholining 150 ta arizasiga «pinagini ham buzmadi»

Foto: «Kun.uz»

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga Yangiyo‘l shaharidagi «Fayzli» mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi aholi istiqomat qiluvchi fuqarodan (M. G‘anixo‘jayeva) murojaat kelib tushgan.

Murojaatda aytilishicha, oxirgi ikki yil mobaynida u istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uyning oqava tizimi talab darajasiga javob bermaydi. Murojaatni o‘rganish maqsadida ko‘rsatilgan manzildagi ko‘p qavatli uyga kelgan mutaxasisslar arizada «talab darajasiga javob bermaydi» degan so‘zlar ularning ko‘z oldida namoyon bo‘lgan manzaraga nisbatan juda «yumshoq» qo‘llanilganga guvoh bo‘ldilar.

Shunisi e’tiborliki, yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida shu uyda yashovchi fuqarolar «Suvoqava» DUKning Yangiyo‘l bo‘linmasiga juda ko‘p marotaba murojaat qilishgan. Ammo...

O‘tgan ikki yil mobaynida «Suvoqava»ga ushbu uyda yashovchi fuqarolardan hammasi bo‘lib 150 ta ariza kelib tushgan, lekin bo‘linma tomonidan arizada keltirilgan holatlar bo‘yicha hech qanday choralar ko‘rilmagan, murojaatlar javobsiz qoldirilgan.

Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati jiddiy o‘rganib chiqildi. Muammoni o‘rganish davomida ko‘p qavatli uyning yaqinida kafe ishga tushgan bo‘lib, uning rahbari o‘zboshimchalik bilan ko‘p qavatli uyning oqava tizimiga ulanib olgani ma’lum bo‘ldi. Albatta, ushbu holat uyning oqava tizimga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va oxirgi ikki yil mobaynida ularning shirin hayotini «zaharlab» kelgan. Ya’ni, bitta «ishbilarmon» tadbirkorning o‘z manfaatini ko‘zlab qilgan ishi – moddiy tarafdan iqtisod qilish maqsadida belgilangan joydan yaqinroq bo‘lgan oqava tizimiga ulanishi, shu ikki yillik sarsongarchiliklarni keltirib chiqargan. Xalqimizning bir aqilli iborasi bor: «ziqna ikki marotaba to‘laydi».

Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida, xo‘jalik sub’yekti ko‘p qavatli uyning oqava tizimidan uzildi va avval belgilangan joyga o‘z hisobidan ulandi, deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring