Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Yapon imperatori taqdirlagan o‘zbek go‘rkovi

Yapon imperatori taqdirlagan o‘zbek go‘rkovi

Miroqil Fozilov.

Foto: Anvar Namozov.

Mozorga yo‘qlov

Qabristonni ziyorat qilib turinglar, zero, u sizlarga oxiratni eslatadi.

Hadisi sharif

Men bu insonni izlab Toshkentdagi Yakkasaroy qabristoniga bordim. Jimjit maskanda turli-tuman qabrlar do‘mpayib turardi. Ammo bu dargoh kimsasiz emas, kimdir marhum otasi ko‘milgan qabrni tartibga keltirayapti, boshqa birovlar obodonchilik yumushi bilan band. Mozor ozoda, pokiza.

Miroqil aka ayol-ishchilarga ish taqsimlab berayotgan ekan. Keyin menga yuzlandi. Ilk uchrashuvdayoq ming yillik qadrdonimni ko‘rgandek bo‘ldim. Jussasi kichik, chehrasi ochiq, samimiy bu qariyaning yuzida qandaydir nur bor edi.

– Miroqil Fozilovman, Oqil ota ham deyishadi, 1941-yil 21-oktyabrda tug‘ilganman. Otajonimning ishini davom ettirayapman. U kishi oltmish yil qaradi shu mozorga. Pensiyaga chiqquncha ishlagan. Pensiyadan so‘ng akam ishlagan, keyin esa men keldim. 1972-yilda ham ishlagan edim, o‘shanda akamning tobi bo‘lmay qolgandi. 1980-yili qayta keldim.

Miroqil otaning ilk bor qabr kavlagani yodida. O‘shanda Oloy bozori tomonda mozor buzilgan, shahardagi barcha go‘rkovlarni chaqirib, suyaklarni olish buyurilgan edi. Fozil ota ham borib, ish bilan andarmon bo‘ldi. O‘lim so‘rab yo‘lamaydi – bu yoqda aza chiqib qoldi: mahalladagi Mahammat aka degan kishi vafot etdi. O‘n olti yashar yigitning ana shu marhum uchun qabr qazishiga to‘g‘ri keldi. Chunki otasi peshinga yetib kelaman deb ulgurmadi. Marhumning jussasi ilk bor go‘r kavlagan go‘rkovniki singari kichik edi, rasm-rusumi ado etib dafn qilindi. Yosh go‘rkov qo‘rqmadi, chunki o‘shanda ularning uyi shu qabriston hududida, o‘zi esa otasiga yordam berib, hammasini ko‘rib-bilib yurardi.

O‘sha kuni boshqa mozordagi suyaklarni ko‘chirgan Fozil ota Yakkasaroy qabristonida ne-ne marhumlarni dafn etmagan deysiz! Millatiga qarab o‘tirmadi. O‘z ishini, o‘z burchini ado etdi. Jumladan, yapon asirlarini yakka o‘zi ko‘mdi.

79 majruh musofir

Urush — qirollar ermagi.

Ingliz maqoli

Urushni qirollar boshlaydi, xalqlar, elatlar jabr ko‘radi. Ayniqsa, askarlar o‘ladi, mayib-majruh bo‘ladi. 1945 yili Ikkinchi jahon urushida Kvantun armiyasi sovet qo‘shinlaridan yengilgach, yapon jangchilari qurshab olindi. Ularning aksariyati o‘zini o‘ldirishga ulgurdi, qolgani Sovet ittifoqi qo‘shinlari tomonidan asir olindi. Shundan so‘ng yapon mahbuslari ko‘plab respublikalarga og‘ir ishlarga yuborildi. Jumladan, O‘zbekistonga yigirma uch ming harbiy asir jo‘natilgan.

Ularning yordami bilan Toshkentda Navoiy, Muqimiy teatrlari, markaziy telegraf, madaniyat vazirligi binolari, to‘qimachilik kombinati qurildi. Shuningdek, Chirchiqda ikkita zavod, kimyogarlar madaniyat saroyi bunyod etildi. Yapon asirlari yuqori voltli elektr tarmog‘ini Bekoboddan Toshkentgacha tortib kelishdi. Farhod GESi qurildi. Ma’muriy va yashash joylari, yo‘llar, to‘g‘onlar barpo etildi.

Sobiq ittifoq bo‘ylab ishga yuborilgan yapon asirlarini sekin-asta o‘ldirib yuborish haqida markazqo‘mning maxfiy buyrug‘i bo‘lgan, hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar tufayligina bu qatliom amalga oshmay qolgan. «Ojiz, notavon odam — dengizga tashlangan qayiq misoli», — deyiladi yapon maqolida.

Bu sobiq harbiylarning yoshi 20-30 da bo‘lib, 1945 yildan 1949, ba’zilari 1950 yilgacha O‘zbekiston hududida edi. 800 dan ziyod askar turli sabablarga ko‘ra shu yurtda hayotdan ko‘z yumdi. Toshkentning Yakkasaroy qabristonida 79, Toshkent viloyatida 8, Qo‘qonda 240, Andijon viloyatida 32, Bekobodda 146, Bo‘stonliqda 13, Farg‘onada 2, Angrenda 133, Buxoroda 153 nafar yapon asiri dafn etilgan.

– Toshkentga yuborilgan asirlarni tekstil kombinati binosida asrashgan, – deydi Miroqil ota. – Bu yerga keladigani ikki yuz ellik nafarcha edi. Ular elektr stansiyasi qurishar, qabriston yonidagi ko‘chadan yayov olib o‘tilardi. Orasida yoshlari ko‘p edi. Bizni ularning yog‘och oyoqkiyimi o‘ziga jalb qilardi. Bunday poyabzalda odimlash uchun asirlar oyog‘ini baland ko‘tarib yurishga majbur bo‘lardi. Onajonim nihoyatda ko‘ngli bo‘sh odam edi. Soqchilar qurshovidagi yapon asirlarini ko‘rib yig‘lardi. Uyimiz ular olib o‘tiladigan ko‘chaga yaqin bo‘lgan. Shaftoli, olma, uzum o‘sib yotar, onam bu mevalarni uzib, yaponlarga berardi. Soqchilar indamasdi.

Yetmish to‘qqiz nafar yapon asirining peshonasiga Toshkentda o‘lish yozilgan ekan. Ular shu qabristonda dafn etildi. Fozil ota yetmish to‘qqizta go‘r kavladi, yetmish to‘qqiz marta duo o‘qidi, yetmish to‘qqiz jasad ko‘mdi.

– Otajonim «Birov yetmagan, qaragin, musulmonchilik, Alloh bitta» der edi, – xotiraga cho‘madi Miroqil ota. – Yoz paytlarida yonib ketmasin deb vaqtli turib o‘t o‘rardi. Uyimiz mana shu qabriston hududida edi. Keyinroq otam yaponlar ko‘milgan joy atrofidan paxsa devor urib chiqdi. Biz bochkada suv tashib, loy qoriganmiz.

Ma’lum vaqt o‘tgach paxsa devor beton blok bilan almashdi. 1990-yili Yaponiya bilan bordi-keldi kuchaygach, beton devor olib tashlanib, panjara o‘rnatildi.

Elchi tiz cho‘kkan kun

Yutuqning kaliti – mehnatda.

O‘zbek maqoli

Fozil ota qabristonga oltmish yil qaradi. U kishining vafotidan so‘ng, mana qirq yilki, Miroqil ota aslo nazoratni kanda qilmaydi. Oilada to‘rt o‘g‘il, ikki qiz edilar. Miroqil ota – to‘rtinchi farzand. Katta akasi haydovchi, opasi hamshira bo‘lgan. Bugun do‘xtir singlisi bilan o‘zi qoldi. Bir vaqtlar xuddi padari buzrukvorining qavatida yordamchi bo‘lgani kabi endi o‘zining o‘g‘illari ham Miroqil otaga ko‘makchi. Uch o‘g‘li, ikki qizi bor. Ikki o‘g‘li Miroqil otaning ishini davom ettirmoqda, biri esa bankda faoliyat ko‘rsatadi.

Yaponiya hukumati O‘zbekistonda ko‘milgan marhum fuqarolariga ko‘rsatilgan ehtiromni aslo e’tiborsiz qoldirmadi. Dastlab elchixonadan kelib Miroqil ota bilan suhbatlashishdi. Keyin sakura ko‘chatini ekib ketdilar. Yoz oylarida sakurani har kuni sug‘orishga to‘g‘ri keladi, aks holda quriydi. Miroqil ota ko‘chatlarga suv quyib, asrab-avayladi, tozalik, obodonchilikka azaldan o‘ch emasmi, ulkan qabristonning bir qismi bo‘lmish yapon mozorini ham orasta, pokiza saqladi. Miroqil Fozilov haqida Yaponiyadagi gazetaga yozib chiqishdi. Bu esa yanada yaponlarning e’tiborini tortdi, qabristonga keladiganlar ko‘paydi. Otaxonni yaxshi tanib qolishgan. Uzoqdan ko‘rib, «Mirakil, Mirakil» deb kelaverishadi.

2017-yilning 16-dekabrida Miroqil ota Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga taklif qilindi. Otaxon yaqinlari bilan birga bordi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligidan vakillar, jurnalistlar ham kelishdi. Dastavval miting, so‘ng taqdirlash marosimi bo‘ldi. Yapon elchisi Miroqil akani imperator ordeni bilan taqdirladi. Darajasi jihatidan oliy edi bu mukofot.

«Yaponiya imperatori imperator saroyida O‘zbekiston fuqarosi Fozilov Miroqilni kunchiqar quyosh va kumush nurlari ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida muhr qo‘ydi», — deb yozilgandi. O‘zbekistonlik go‘rkov, ota ishining davomchisi chiroyli va sharafli mehnati tufayli yapon imperatorining nufuzli mukofotiga munosib ko‘rilgan edi. Ordenni taqar ekan, elchi janoblari cho‘kkalab, Miroqil otaning oyog‘ini o‘pmoqchi bo‘ldi. «Nima qilayapsiz?», — deb darhol uni ko‘tarib oldi Miroqil ota. Ko‘zda yosh, hayajonli daqiqalar edi hamma uchun. Shundan so‘ng barchani to‘kin dasturxon atrofiga taklif qilishdi. Bu otaxon hayotidagi eng unutilmas kun bo‘ldi. Hozir Yaponiya safariga taklif qilishgan.

– Xudoga shukur, Alloh meni yurg‘azib qo‘yibdi, – deydi Miroqil ota. – Pensiyaga chiqqan bo‘lsam ham ishlagan maskanimdaman. Rahbarlar qo‘yishmadi, ishlab turasiz deyishdi. Ancha yumushlarni amalga oshirdik. Ushbu qabriston obodonchilik bo‘yicha shaharda birinchi o‘rinda turadi. Men har kuni bir aylanib chiqaman. Supurish, gullarni o‘tash, daraxtni butash kabi ishlar bor.

Aytib bo‘lmaydigan sirlar

Avom xalq orasida mayitlar bilan bog‘liq turli gap-so‘zlar yuradi. Marhumlar ruhi go‘rkovlarni bezovta qiladi deyishadi. Gohida murda o‘lmagan, komaga tushgan bo‘ladi-yu tirilib ketadi deydiganlar ham bor.

– Yo‘q, bunday hodisalar ro‘y bermagan, – deydi Miroqil ota. – Bu ishni qiladiganlar nihoyatda pok bo‘lishlari kerak. Aks holda mayib qilib qo‘yadi. Alohida e’tibor qaratib, ozoda bo‘lib, birovga yomon gapirmay, shirinso‘z bo‘lish kerak. Ne-ne odamlar oldimga kelishadi, Oqil aka, siz bilan suhbatlashaylik deyishadi. Go‘rkovlik ham oddiy yumush, ammo eng asosiy sirlarni aytib bo‘lmaydi. Aslida shariatda har bir mo‘min musulmon go‘rkovlik, g‘assollik qilishi kerak deyiladi. Ota vafot etsa o‘g‘il, onani qizi yuvishi kerak. Ba’zilar o‘zim qo‘yaman desa, mayli, lahadga qo‘yib chiqaversin.

Miroqil otaning shogirdlari har xil mozorlarda ishlashayapti. Bu yil yapon mozoriga yaponlarning tashrifi yanada ko‘paydi. Bir kunda uch-to‘rt mahal kelishayapti.

Sovet davrida bir voqea bo‘lgan. Raykom kotibi ayol kishi edi. Uzun qora plash kiyib, qora ko‘zoynak taqib kelardi mozorga. Aylanib chiqardi. Birorta ota o‘g‘illari bilan qabrni ziyorat qilayotgan bo‘lsa, nega bolasini ergashtirib keladi deb do‘q urardi. Otasi, onasi o‘lganida ayrimlar janozada qatnasha olmagan, aks holda ishdan bo‘shatilgan.

– Bugun prezidentimiz shuncha sharoit yaratayapti, – deydi samimiy ohangda Miroqil ota. – Hamma joy tinch-osoyishta. Dinimizga keng yo‘l ochib berdi. To‘g‘ri yur, namozingni o‘qi deyapti. Turli oqimga kirganlar, adashib qolganlar kechirilmoqda. Yaponiya imperatori, yapon xalqiga ham rahmat, bizning mehnatimizni e’tiborga olgani uchun.

Fozil ota avliyosifat inson edi. 1993-yili 99 yoshda vafot etdi. Oyimbuvi esa 85 yoshda hayotdan ko‘z yumdi.

Hajdagi g‘aroyib voqealar

2008 yili Miroqil otaga hajga borish baxti nasib etdi. Uch kun Madinada bo‘lishdi, to‘rtinchi kuni ziyoratchilarni Makkai-mukarramaga olib ketishdi. Miroqil ota Ka’bani birinchi tavof qilishida: «Marhum ota-onamga bag‘ishlayman, bilib-bilmay qilgan gunohlarim bo‘lsa kechirgaysan. Qabul qilguvchi o‘zingsan», — dedi. Allohdan astoydil so‘radi. Ka’baning yarmiga borganida ro‘parasida... marhum ota-onasining qo‘llaridan ushlagan o‘zining ayoli paydo bo‘ldi. Xuddi plakatga solib qo‘ygan rasmdagidek. Fozil ota duo qilardi: «Bolam, bardam bo‘l, xudo quvvat beradi, amallarni bajarasan». Duoning sharofati edi bu. Miroqil ota ham, xotini ham qo‘llaridan kelgancha Fozil otaning duolarini olishgan. Ko‘p duo qilib ketgan.

– O‘sha yerda yig‘ladim, dodladim. Mirahmad aka degan sherigimizga aytdim. Otajonim duo qilayapti dedim. Xuddi hozirgi manzaradek aniq edi hammasi. Otam judayam e’tiqodli bo‘lgan.

Yigirma bir va o‘n yetti kunlik safar ham o‘tdi. Ertalab avtobus hoji bo‘lganlarni aeroportga olib ketishi kerak. Yotoqxonadagi bo‘lmada olti kishi edilar. Erta tongda vaqtli turib, bomdod namozini o‘qib bo‘lishdi. Miroqil ota Ka’badagi, O‘zbekistondagi hayotga tinchlik tilab, o‘tganlarni duo qilib, omin deyishi bilan... otasi shundoq joynamozga kelib cho‘kkaladi. «Bolam, biz qaytdik, sen eson-omon borasan», — dedi. Miroqil ota yana yig‘lab dod soldi. Sheriklari hayron. «Hozirgina otajonim xayrlashib ketdi. Yolg‘on bo‘lsa, Allohning aziz joylarida o‘tiribman, Allohning qahriga uchrayman», — dedi Miroqil ota ko‘z yoshlarini tiya olmay. Padari buzrukvori ko‘p aytardi, «Bolam, to‘g‘rilikka yetmaydi», — derdi.

Yaponlar taqdirlashdi. Biz esa... aksincha!

Miroqil ota kunchiqar mamlakat ordenini doim yonida olib yuradi. Maqtanish uchun emas, aslo! Ulug‘ insonlarga bunday qilish yot! Miroqil otadan ordeni haqida juda ko‘p so‘rashadi, sababi shu. Men ham suhbat asnosida shu orden bilan qiziqdim. Miroqil akaning ko‘ksiga taqtirib suratga oldim. Yaponiya imperatorining nafaqat Miroqil akaga, balki o‘zbek xalqiga ham ehtiromi kabi tuyuldi bu. Miroqil aka ham shuni e’tirof etdi. Hammasi yaxshi, biroq...

Olisdagi Yaponiya o‘zbek go‘rkoviga shu qadar ehtirom ko‘rsatgan ekan, biz-chi? Nima qildik? Necha yillardan buyon qabristonda musulmonchilik an’analariga ko‘ra halol ishlayotgan keksa otaxonga qanday munosabatda bo‘ldik? Qay tarzda taqdirladik? Javobi oddiy: siyqasi chiqqan yondashuv asosida qo‘liga faxriy yorliqlar tutqazib qo‘ydik, xolos! Eng ayanchlisi esa...

Miroqil otaning padari buzrukvori Fozil otaning o‘limidan bir yil o‘tib, qabristonga u kishining nomi qo‘yilgan edi. Orada yigirma to‘rt yil «Fozil ota» bo‘lib kelgan ushbu mozor o‘tgan yildan e’tiboran Yakkasaroy qabristoni deb atala boshlandi. Sababi tushuntirilmadi, izoh berilmadi. Bizda shunday axir: Shomahmudovlar haykali ham markazdan ancha nariga ko‘chirilgan, hech qanday izohlanmagan. Xalq esa eski gapni aytib yuravergan: «Nachora, kimgadir kerak bo‘libdi...». Ajabo, oltmish yil halol, pokiza mehnat qilgan, nafaqat o‘zbek millati, balki boshqa xalqlar vakillarini ham Allohning bandasi deb qabul qilgan, ularning jasadini kimsasiz qoldirmay dafn etgan Fozil ota nomi kimga og‘irlik qilgan edi?..

Ishoning. Miroqil ota hech kimdan mansab-martaba, mukofot so‘ramaydi. U halol xizmatiga xudodan ajr kutadi, xolos. Va bu o‘z mevasini beradi.

Bir yili marhum ayolni dafn etdi. Xizmat haqiga tugun qoldirib ketishibdi. Miroqil ota tugunni ochib qarasa, marhumning tanglay tishlari ekan, hammasi tilla. Olib qo‘ydi. Uch kundan keyin marhumning o‘g‘li kelganida tugunni qaytarib berdi. Oradan roppa-rosa yigirma yil o‘tib, xuddi shu sanada Miroqil otani chiroyli mashinada yo‘qlab kelishdi. Bir erkak u bilan quchoqlashib ko‘rishdi, quyuq so‘rashdi. O‘zini tanishtirdi. Yigirma avval dafn qilingan marhum ayolning o‘g‘li ekan. «O‘shanda onamdan judo bo‘lganimda bolalarim o‘qirdi, – dedi u. – Juda qiynalgan paytim edi. Bir-ikki o‘rtog‘imdan yordam so‘radim, berishmagan. Uch kundan keyin qabristonga kelsam, siz qo‘limga tugun berdingiz, qaramasdan olib qaytibman. Uyga borib qarasam, onajonimning tilla tishlari ekan, o‘shani sotib, marosimlarni o‘tkazganman. Xudoga shukur, bugun o‘g‘illarim yonimga kirib, mana, mashinalar bor, hamma shart-sharoitim yaxshi. Sizga boshdan-oyoq sarpo olib keldim». Miroqil ota qancha unamasin, u qo‘yarda-qo‘ymay in’omlarini otaxonning qo‘liga tutqazdi.

Ha, xudoyim yetkazsin.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring