Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponlardan kam joyimiz bormi?

Yaponlardan kam joyimiz bormi?

Foto: «trinixy.ru»

Yaqinda Feysbukda bir lavhaga ko‘zim tushib qoldi. Voqea Polshada qayd etilgan. Katta trassadan o‘tib ketayotgan mashinalardan biridagi yo‘lovchi oynadan turli shisha idishlarni uloqtirdi. Keyingi mashinadagi odam o‘sha mashinani to‘xtatib tanbeh berdi. Shisha uloqtirgan yo‘lovchi uzr so‘radi va tashlagan narsalarini yig‘ishtirib oldi. E’tiborlisi, boshqa haydovchilar ham to‘xtab, bu harakatni ma’qullashdi, ya’ni hech kim ozodalik, atrof-muhit obodligiga befarq bo‘lishmadi.

Rossiyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha Jahon chempioantida ham yaponiyaliklarning o‘yindan so‘ng stadionni har xil chiqindilardan tozalashi ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, Yaponiya terma jamoasi a’zolarining o‘yinda yutqazib, chempionatni tark etayotganiga qaramasdan, o‘zlariga ajratilgan xonani tozalab, stol ustiga «Rahmat» degan yozuvning qoldirishi ham yuksak madaniyat belgisi. Yoki bo‘lmasa, haj mavsumida ikki yaponiyalik hojining atrofda sochilib yotgan «baklashka»larni yig‘ishtirib yurishi ham ularning tozalikka bo‘lgan e’tibori naqadar yuksakligini ko‘rsatib, hammaning hayratiga sabab bo‘ldi.

Bizning bu borada ulardan kam joyimiz bormi? Albatta, yo‘q. Azaldan saharlab kelinlar, uy sohibalari xonadonlari atrofini avval suv sepib, tozalab supurishgan. Tuy-marakalar oldidan qo‘shnilar yoppasiga hashar uyushtirib, chala qurilishlarni nihoyasiga yetkazishgan. Tozalik, obodonlikka katta e’tibor qaratilgan, qaysi uy atrofi, ko‘cha-kuy notoza bo‘lsa, oqsoqollar, mahalla faollari tanbeh berib, bunday noma’qul ishlarga barham berishgan. Ayniqsa, suvga tupurgan, ariqlarga chiqindi tashlaganlarga yaxshigina saboq berib qo‘yilgan.

Ko‘p uzoqqa bormaylik, poytaxtimizda mana 2-3 oy bo‘ldiki, ariqlar, kanallar atrofi tozalanib, obodonlashtirilmoqda. Endi bu joylarni ko‘rib ko‘nglingiz yayraydi, qilsa bo‘larkan-ku, degan o‘y o‘tadi ichingizdan. Albatta, aslida keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlarining tub maqsadi ham mamlakatimizni yanada obod qilish, eng muhimi, odamlarning, ayniqsa, yosh avlod  qalbida «Obodlik ko‘ngildan boshlanadi», degan g‘oyani mustahkam shakllantirishdir.

Yurtimizda bir xayrli an’ana bor — har yili katta bayramlar arafasida umumxalq xayriya hasharlari o‘tkaziladi. Shu bahona ko‘p joylar tozalanib, obod bo‘lib, maftunkor qiyofaga kiradi. Bu yilgi hashar Mustaqillik bayramining 27 yilligi hamda Qurbon hayiti bayramlari arafasida, ya’ni 18-19 avgust kunlari o‘tkaziladi.

Bugun, 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida ushbu masalalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Bosh vazir hasharni texnika xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya etgan holda tashkil etish hamda hasharchilarning xavfsizligini ta’minlashga katta e’tibor berish zarurligini ta’kidladi. «Hashar milliy qadriyatimiz, ayniqsa, muqaddas qadamjolar, qabristonlarni obod etish muhim vazifamiz bo‘lishi kerak», — dedi Bosh vazir.

Yig‘ilishda O‘zbekiston ekologik harakati va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi joylardagi aholi dam olish maskanlarida hashar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqani ma’lum qilindi. Unda, shuningdek, Qurbon hayitini munosib tarzda, yuqori saviyada o‘tkazish, tadbirlar o‘tadigan joylarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash borasida tashkiliy vazifalar belgilab berildi. Xususan, Qurbon hayiti munosabati bilan hayit namozi o‘qiladigan 2 mingga yaqin masjidlarda, 8,5 mingdan ortiq muqaddas qadamjolarda, qabristonlarda, shuningdek, istirohat bog‘lari, bozorlar va odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda aholi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Mutasaddilarga bozorlarda savdo xizmatini yuqori saviyada yo‘lga qo‘yish, narx-navoning sun’iy ravishda oshishining oldini olish bo‘yicha zarur tadbirlar belgilash vazifalari topshirildi. Ayniqsa, bayram kunlari joylarda tashkil etiladigan savdo rastalari va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash zarurligi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga alohida topshiriqlar berildi.

Yuqorida yaponiyaliklarning ozodalikka bo‘lgan e’tibori haqida misollar keltirdik. Kunchiqar mamlakatda ekologik madaniyat, tevarak-atrofga hurmat bilan qarash, tabiatni asrab-avaylash bolalikdan shakllantirilarkan. Shuning uchun bu tarbiya yaponiyaliklarning qon-qoniga singib ketgan va biz buning isbotini ko‘rdik. Albatta, biz ham oilamizda farzandlarimizni pokizalik ruhida tarbiyalasak, Vatanimizning har bir joyi o‘z uyimiz kabi saranjom-sarishta, toza bo‘lishi kerakligini ularning ruhiga joylay olsak, ko‘ngil va yurt obodligiga erishgan bo‘lamiz.

Abdug‘ani Abdurahmonov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring