Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yosh olimlar ilmiy stajirovkani xorijda o‘taydi

Yosh olimlar ilmiy stajirovkani xorijda o‘taydi

Foto: «so-l.ru»

Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini o‘zlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Nizomga ko‘ra, ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha takliflarni umumlashtirish, nomzodlarni saralash, tanlovini tashkil etish va o‘tkazish Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Ilmiy stajirovka o‘tashga ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va texnik-muhandis xodimlari nomzod sifatida tavsiya etiladi.

Nomzodning yoshi 25 dan 45 gacha bo‘lishi va u albatta xorijiy tillarni o‘zining ish faoliyatini amalga oshirish darajasida bilishi talab etiladi. Yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari 6 oygacha, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan zamonaviy ilmiy va texnologik asbob-uskunalarda ishlashni o‘rganish bo‘yicha ilmiy stajirovkalar 3 oygacha davom etadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlov haqidagi e’lonni tanlov o‘tkazishdan 1 oy oldin ommaviy axborot vositalari, shuningdek, internet-nashrlar va Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi. Tanlov qachon o‘tkaziladi, ishtirokchilarga qanday talablar qo‘yiladi, zarur hujjatlar ro‘yxati – bularning barchasi e’londa ko‘rsatib o‘tiladi.

Nomzodlarning hujjatlari ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bevosita bo‘ysunuvchi vazirlik yoki idoralar (buyurtmachi)ning rasmiy xati asosida Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilib, unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • ilmiy stajirovka rejasi;
  • ilmiy-tadqiqot yoki oliy ta’lim muassasasining Ilmiy kengashi qarori;
  • xodimi yosh olim hisoblanadigan ilmiy-tadqiqot muassasasi (oliy ta’lim muassasasi) tomonidan tasdiqlangan va qabul qiluvchi tomon bilan kelishilgan, ilmiy stajirovka taklifnomasi va dasturi;
  • nomzodning ma’lumotnoma-ob’yektivkasi (anketa);
  • oliy ta’lim muassasasini tugatganligini tasdiqlovchi diplomning nusxasi;
  • ilmiy darajasini (fan nomzodi, PhD va fan doktori), ilmiy unvonini (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) tasdiqlovchi diplom(lar)ning nusxasi, agar mavjud bo‘lsa;
  • mehnat daftarchasining nusxasi;
  • fuqarolik pasportining nusxasi;
  • nomzodning 3x4 sm o‘lchamdagi oq fondagi rangli fotosurati (4 dona);
  • chet tilidan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar), agar mavjud bo‘lsa.

Nomzodning ushbu hujjatlarini ko‘rib chiqish, mutaxassislik fanidan chet tilida suhbat o‘tkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim darajasi va ko‘nikmalarini aniqlash bevosita buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.

Buyurtmachilarning ilmiy stajirovkalar bo‘yicha takliflari 10 kunlik muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan umumlashtirilib, maxsus ekspert guruhiga xulosa olish uchun kiritiladi.

Maxsus ekspert guruhi bir oylik muddatda kiritilgan takliflarni to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqib, nomzodlarning ilmiy stajirovka dasturlari himoyasini o‘tkazib (bunda, nomzodlar o‘z ilmiy stajirovka dasturlarini chet tilida prezentatsiya ko‘rinishida himoya qilishlari talab etiladi), yakuniy xulosani Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tanlov natijalarini umumlashtiradi hamda tasdiqlash uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kuzatuv kengashiga taqdim etadi.

Ilmiy stajirovka o‘tashga yuborish tanlov yakuniga muvofiq Jamg‘arma kuzatuv kengashining tegishli qarori qabul qilingandan so‘ng amalga oshiriladi.

Ilmiy stajirovkalar bo‘yicha xarajatlar Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi, Vazirlik, xodimi yosh olim hisoblanadigan ilmiy-tadqiqot muassasasi (oliy ta’lim muassasasi) hamda yetakchi xorijiy ilmiy tashkilot o‘rtasidagi shartnoma bilan tartibga solinadi. Ilmiy stajirovka shartlari, talablari va muddatlari ayni shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring