Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yoshlar ittifoqi huzurida jamg‘arma tuzildi. Ilk moliyaviy yordam — 500 mlrd.

Yoshlar ittifoqi huzurida jamg‘arma tuzildi. Ilk moliyaviy yordam — 500 mlrd.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 27-iyun kuni «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

2018-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)larida «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi amalga oshiriladi.

Davlat dasturi doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:

a) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasini, shuningdek, uning tuman va shahar filiallarini tashkil etish, Jamg‘armaning mablag‘laridan Davlat dasturidagi tadbirlarni moliyalashtirish, jumladan, quyidagilarni amalga oshirish uchun foydalanish:

yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish;

Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo‘yicha kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish;

Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg‘arma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish;

tegishli ko‘nikmalarga ega band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish;

b) yoshlarning qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, shuningdek, ularga biznes yuritish ko‘nikmalarini singdirish;

v) davlat-xususiy sheriklik shartlarida:

yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi va sarflash materiallarini ijaraga berish, ularni internet bilan ta’minlash, shuningdek, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga boshqacha ko‘mak berish, jumladan, biznes rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun «Yosh tadbirkorlar» kovorking-markazlarini;

savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun mehnat kuchi haddan ziyod bo‘lgan tumanlarda «Yoshlar mehnat guzari» komplekslarini qurish.

Quyidagilar 2018 yilda Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilandi:

— daromadlarning prognoz qilingan qismini oshirib bajarish hisobiga respublika budjetidan 2018-yil iyulda, 1-oktabrgacha va 1-dekabrgacha teng ulushlarda ajratiladigan 500 milliard so‘m miqdoridagi beg‘araz moliyaviy yordam;

— har chorakda Jamg‘armaga o‘tkaziladigan, vazirlik, davlat qo‘mitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga tushadigan yillik tushumlarning 1 foizi miqdoridagi ajratmalar;

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi PF-5106-son farmoni 13-bandiga muvofiq O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasiga har oyda tushadigan mablag‘larning 10 foizi;

— mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;

— xayriya qiluvchilar – jismoniy va yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari;

— Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘armaga ijro etuvchi direktor – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi;

Jamg‘armaning tuman va shahar filiallariga Jamg‘armaning ijro etuvchi direktori tomonidan tayinlanadigan tegishli tumanlar va shaharlarning muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlari rahbarlik qiladi;

investitsiyaviy va ijtimoiy komplekslarning respublika va hududiy organlari, shuningdek, moliyalashtiruvchi tijorat banklari xodimlarining 30 foizgacha bo‘lgan qismi asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi va ish haqi saqlab qolingan holda Jamg‘armaga, uning tuman va shahar filiallariga biriktiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring