Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori: yoshlarni rahbarlikka tayinlash bo‘yicha yangi tanlov tashkil etiladi

Prezident qarori: yoshlarni rahbarlikka tayinlash bo‘yicha yangi tanlov tashkil etiladi

Foto: Facebook / Alisher Sadullayev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev kecha, 30-may kuni «Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, 3 yilda bir marta istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha «Taraqqiyot» respublika tanlovi o‘tkaziladi.

Tanlovda tayanch oliy ma’lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yil ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan (45 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

Respublika komissiyasi tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarga vazirlik va idoralar, boshqa davlat tashkilotlari vakillarini, shuningdek, yetakchi olim va mutaxassislarni, jumladan, xorijiy olim va mutaxassislarni jalb etish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.

Tanlovning xolisona va shaffof o‘tkazilishi, shuningdek, nomzodlarning sifatli va xolisona tanlab olinishi, qo‘yiladigan talablarga ularning muvofiqligi uchun javobgarlik Respublika komissiyasi zimmasiga yuklanadi.

Davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida ularning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.

Tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa – eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Bunda tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Tanlov g‘oliblari Akademiya hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy yuqori malakali mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida o‘tkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka o‘tashni o‘z ichiga oladigan «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi»ga muvofiq uch oylik kurslarda o‘qiydilar.

Tanlov g‘oliblari «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi»ga muvofiq uch oylik kurslarni o‘tagandan keyin tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

Tanlov g‘oliblarini tegishli rahbarlik lavozimlariga tayinlash yuzasidan chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritilgan final bosqichi ishtirokchilarining faoliyatini keyinchalik ularni xizmat bo‘yicha ko‘tarish yoki rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun monitoring qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining umumiy muvofiqlashtiruvi ostida amalga oshiriladi.

Izohlar 4

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring