Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zamonaviy bank xizmatlari markazlari aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda

Zamonaviy bank xizmatlari markazlari aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida aksiyadorlik tijorat Xalq banki tizimida bir qator e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Xalq banki tomonidan aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, mijozlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, so‘nggi yillarda respublikadagi mavjud barcha tuman va shahar filiallarini zamonaviy qiyofada, to‘liq qayta ta’mirlanib, “Bank xizmatlari markazlari” tashkil etilmoqda.

Bugun Xalq bankining Toshkent shahar Amaliyot bo‘limida ham ana shunday zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatuvchi markaz foydalanishga topshirildi.

Ushbu markazda qurilish va kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Bo‘lim zamonaviy texnika vositalari va mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Shuningdek, xalqaro to‘lov tizimlarini bajaruvchi ko‘p funksiyali bankomatlar o‘rnatildi. Bu esa jahon andozalariga mos ravishda mijozlarga zamonaviy, sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi.

Shu bilan birga, bo‘limda mijozlar dastlabki ruxsatlarsiz va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz bevosita xizmat ko‘rsatish hududiga to‘sqinliksiz kirishi, shuningdek, dastlabki qabul qilish ma’muriyat xodimlaridan mavjud bank xizmatlari to‘g‘risida dastlabki maslahatlarni beruvchi “RECEPTION” xizmati yo‘lga qo‘yildi.



Ya’ni “RECEPTION” xizmatida bankning xodimi mijozlarni kutib oladi va unga xizmat turi bo‘yicha maslaxatlar beradi. Bu esa mijozning ortiqcha ovora bo‘lishining oldini oladi.

Shuningdek, bu yerda o‘rnatilgan elektron navbat uskunasi yordamida mijozlar navbatlari kelishini oldindan bilib turishadi.

- Bu yerda yangidan tashkil etilgan “Bank xizmatlari markazi”ning afzalligi shundaki, bankka kelgan mijoz navbat kutmaydi, - deydi Amaliyot bo‘limi sho‘ba mudiri Faxriddin Ochilov. - Ya’ni markazdagi universal xodimlarimiz bank faoliyati bilan bog‘liq barcha amaliyotlarni bajara olishadi.

Ayni paytda ushbu markazda yuridik shaxslar uchun 5 nafar, jismoniy shaxslar uchun 7 nafar xodimimiz tomonidan bir kunda o‘rtacha 700 nafarga yaqin mijozga sifatli bank xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Bugungi kunda Xalq banki Toshkent shahar Amaliyot bo‘limining kredit portfeli 73,8 mlrd. so‘mni tashkil etib, joriy yil boshidan buyon faqatgina jismoniy shaxslar uchun 10,5 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Bundan tashqari, 12 ming nafardan ortiq aholiga har oyda 9,5 mlrd. so‘mlik pensiya va nafaqalar tarqatilmoqda.

- Bankka tez-tez ishim tushib turadi lekin oddiy kommunal to‘lovlarini to‘lash uchun ham soatlab navbat kutib qolardik, - deydi Shaxnoza Husanova. - Chunki avvallari oddiy to‘lovlarni qabul qiluvchi xodim bitta bo‘lardi.

Endi Xalq bankida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan “Bank xizmatlari markazi” tashkil etilgani mushkulimizni oson qilmoqda. Sababi markazdagi bankning yettita universal xodimi bank bilan bog‘liq barcha ishlarimizni qisqa muddatlarda hal etishmoqda.

Bankda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun xizmat qilishining amaldagi isbotiga guvoh bo‘layapmiz.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda Xalq banki tomonidan yangidan tashkil etilayotgan “Bank xizmatlari markazlari” hamda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadi yotibdi.

Bank axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring