Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida koronavirusdan o‘lim holati ro‘y berganining sababi aytildi

O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida koronavirusdan o‘lim holati ro‘y berganining sababi aytildi

AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifing vaqtida Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov bir qator muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytardi.

— Nega chet davlatdan fuqarolarimizni tinimsiz olib kelyapmiz? Bu ahvolda kasallikni to‘xtatish mumkinmi?
— Chet davlatlardan fuqarolar davlat rahbarining ko‘rsatmalariga muvofiq charter reyslari tashkil etilib olib kelinyapti. Ular darhol karantinga olinyapti va kasallik aniqlansa davolash choralari ko‘rilyapti.

— Nega chet davlatlarda asosan katta yoshdagilar vafot etgan bo‘lsa, bizning yurtimizda yoshlar orasida ham o‘lim qayd etildi?
— Kasallikdan o‘lim holati asosan katta yoshdagilarda, jarrohlik amaliyotlaridan keyin, surunkali somatik kasalliklar bilan og‘rigan insonlarda (yurak kasalliklari, qandli diabet, buyrak kasalliklari, o‘pkaning surunkali kasalliklari) qayd etilmoqda. Yurtimizda o‘lim holati yoshlarda ham qayd etilishiga vafot etgan o‘sha yosh fuqarolarning tibbiy yordamga kechikib murojaat etganliklari sabab bo‘ldi.

— Qanday kasalliklari mavjud bo‘lganda fuqarolarimizga chetdan yurtimizga kirib kelishiga ruxsat berilmaydi?
— O‘zbekiston fuqarolari har qanday yuqumli va parazitar kasalliklarga chalingan bo‘lmasin, o‘z yurtiga kirishga haqli.

— O‘zbekistonda qachon ekspress usulda koronavirusga tekshirish yo‘lga qo‘yiladi?
— Ekspres testlarning aksariyati koronavirus kasalligi bilan kasallanib sog‘ayganlar qonida mazkur virusga qarshi antitelolar paydo bo‘lganligini, ularning titrini aniqlashga qaratilgan. Respublikamizdagi laboratoriya tashxisoti standartlarida ham ekspress usulda tekshirish mavjud. Yaqin kunlarda antitelolarni aniqlash maqsadida ekspress testlarda ham tekshirishlar boshlanishi mumkin.

— Koronavirus kasalligi tasdiqlangan odamlar o‘rtacha nechchi kun davolanadi?
— Bu — kasallikning darajasiga, kechishiga va bemorning umumiy ahvoliga bog‘liq. O‘zbekistonda davolanib sog‘ayib shifoxonadan chiqib ketganlar o‘rtacha 25 kunni tashkil etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring