Kitoblar
AKT bo`yicha izohli lug`at BMTRDning “Raqamli Rivojlanish Tashabbusi” Dasturining “Axborot va Kommunikatsiya Texnologiyalari bo`yicha izohli lug`at” deb nomlangan maxsus loyihasining natijasidir. Dastlab kitob shaklida chiqarilgan luga`t, hozirgi kunda elektron shakl (CD hamda Veb ko’rinisshlari)da ham mavjud. O`zbekistonda AKT sohasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bugungi kunga kelib, bu borada amalga oshirilgan tadbirlarining muayyan natijalari (AKT foydalanuvchilarining soni, Internet jamoat foydalanish punktlari sonining ko`payishi, Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti tashkil etilishi) ko`zga tashlanmoqda. AKTga qiziqishning ortishi bilan bu sohaga aloqador o`zbek tilidagi darsliklar, izohli lug`atlarga ehtiyoj paydo bo`ldi.
BMTRD “Raqamli Rivojlanish Tashabbusi” Dasturi O`zbekistonda AKTni rivojlantirish bo`yicha qator masalalar ustida izlanishlar olib bordi. Yuqorida qayd etilgan ehtiyojni hisobga olgan holda, o`zbek tilining lotin alifbosida AKT bo`yicha izohli lug`atning birinchi nashrini tayyorladi. Entsiklopedik xususiyatga ega izohli lug`at AKT sohasidagi (3000dan ortiq) atamalarni o`ziga jamlagan ilk manbadir. Lug`atda atamalarning inglizcha hamda ruscha tarjimalari ham berilgan.
AKT bo`yicha izohli lug`at nafaqat texnik mutaxassislar, balki o`quvchilarning keng doirasiga mo`ljallangan bo`lib, undan olimlar, ilmiy xodimlar, o`qituvchilar, talaba va o`quvchilar, jurnalistlar hamda menejerlar ham foydalanishi mumkin.
Mazkur lug`at sohadagi ilk qadam bo`lib, bu borada yangilanishlar, o`zgarishlar, kengaytirishlar bo`lishi tabiiydir. Shu sababli, ushbu loyihani yanada mukammallashtirish uchun sizning fikr-mulohazalaringiz biz uchun o`ta muhim.
Lu'gatning elektron tahlilini quyidagi saytlardan topish mumkin: www.lugat.uz, www.slovar.uz, www.glossary.uz













