Ilm ahlining e’tirofi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti akademik Shavkat Ayupov muallifligida jahonning nufuzli Newsweek “Pangea Globe” nashrida chop etilgan maqolasi biz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Ushbu maqolada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi jarayonida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining roli va ilmiy hamkorlikdagi faoliyati har tomonlama tahlil etilgan. Muallif Markazning tashkil etilishi mamlakatning ma’naviy, ilmiy va madaniy hayotida yangi bosqichni boshlab bergani, shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlaydi.
Bunday nufuzli nashrda chop etilgan maqolada Markaz faoliyatidagi asosiy vazifalari — ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari, fundamental tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, ekspozitsiya va muzey konsepsiyalarining ilmiy asoslarini ishlab chiqish masalalari atroflicha yoritilgan. Shu bilan birga, Akademiyaning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi, xalqaro forum va konferensiyalardagi faol ishtiroki Markazning ilmiy salohiyati va nufuzini oshirishda muhim omil sifatida baholanadi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2025 yil 29 yanvardagi topshirig‘iga muvofiq, Fanlar akademiyasiga Islom sivilizatsiyasi markaziga ilmiy-uslubiy va tashkiliy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Fanlar akademiyasi va uning tarkibiy bo‘linmalari Markaz bilan yaqin ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydilar.
Fanlar akademiyasi Prezidenti Shavkat Ayupov va vitse-prezidenti Baxrom Abduxalimov boshchiligida akademiklar, olimlar va ilmiy muassasalarning faol ishtiroki natijasida Markazning muzey ekspozitsiyalari va kontentlari yuqori ilmiy saviyada tayyorlandi. Hamkorlik doirasida markaz faoliyati mazmunini boyitish va uning ilmiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 800 dan ortiq ilmiy-tadqiqot loyihalari ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Markazning Kengaytirilgan ilmiy kengashi faoliyati doirasida Fanlar akademiyasi va turli ilmiy muassasalar olimlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar rejasi va yo‘nalishlari shakllantirildi, innovatsion va ilmiy dasturlar muvofiqlashtirildi xamda amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu loyihalar Islom sivilizatsiyasining ilmiy, ma’naviy, madaniy va tarixiy merosini o‘rganish, uning jahon fan va madaniyati taraqqiyotidagi o‘rnini yoritish, shuningdek, zamonaviy ilmiy tahlillar asosida milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratildi.
Fanlar akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasidagi bu samarali hamkorlik kelgusida ham izchil rivojlanib, yangi ilmiy natijalar va amaliy yutuqlarni berishi shubhasiz.
Shu o‘rinda muhtaram prezidentimizning ilm-fan taraqqiyotiga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uyg‘un rivojlanishiga, shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga ko‘rsatib kelayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligini alohida e’tirof etamiz. Bu yuksak e’tibor Markaz faoliyatida yangi marralar uchun ilhom va mas’uliyat bag‘ishlaydi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter