Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroillik maqomchi: O‘zbek maqomlari bizga notanish emas

Isroillik maqomchi: O‘zbek maqomlari bizga notanish emas

Foto: O‘zA

Shahrisabz shahridagi Xalqaro maqom san’ati anjumani doirasida uchrashuvlar, konsertlar, davra suhbatlari, taqdimotlar, maqom san’ati ijrochilarining tanlovi va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda. Xalqaro tanlovda maqom ijrochiligi bo‘yicha faoliyat olib borayotgan taniqli hofizlar, san’atkorlar o‘zaro bahslashmoqda.

Rubin Tenenbom (Belgiya), “Lamekan” ansambli sozandasi:

– Avvalo mana shunday ajoyib festivalni tashkil etgani uchun mamlakatingiz rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Buyuk jahongir Amir Temur va u dunyoga kelgan Shahrisabz haqida ko‘p eshitganman. Sababi san’atdagi yo‘nalishimiz Sharq xalqlari milliy musiqalariga hamohang. Bugun jamoamiz bilan turk usulida aytiladigan qo‘shig‘imizni ijro etdik. Qo‘shiq musiqasi terma bo‘lib, turli davrlarda ijro etilgan kuylardan olingan. O‘ylaymanki, bizning ijroimiz muxlislarga ma’qul keladi.

Osif Alixon (Pokiston), “Qavvali” guruhi solisti:

– Pokistonning kavvali yo‘nalishi ijrosini havola qildik. Kavvali – Janubiy Osiyoda keng tarqalgan so‘fiylarning qadimiy musiqasi hisoblanadi. Bu yo‘nalishdagi qo‘shiqlar “tuxarminum” va “tabla” deb ataluvchi musiqa asboblari bilan ijro etiladi. Bu yo‘nalishdagi qo‘shiqlarimiz bilan ko‘plab festivallarda ishtirok etganmiz va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritganmiz. Xususan, Belgiyada 2012 yili o‘tkazilgan musiqa festivalida g‘olib bo‘lganmiz. Yurtingizda o‘tayotgan anjumanda ham munosib ishtirok etamiz, degan umiddamiz. Bunday keng miqyosli anjuman xalqlarimizning madaniy hamkorligini yanada mustahkamlaydi.

Marina Tichchir (Isroil), “The Jaffa maqam quartet” guruhi a’zosi:

– Xalqaro anjuman ilk marotaba tashkil etilganiga qaramay, hamma jihatlarga e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, milliy an’analarni aks ettirib turgan kompozitsiyalar bizda katta taassurot qoldirdi. Aslida o‘zbek maqomlari bizga notanish emas. Boisi Isroilda buxorolik, samarqandlik yahudiylar yashaydi va ular buxorocha, farg‘onacha va tojikcha maqomlarni doim yaxshi ko‘rib eshitishadi.

Guruhimiz a’zosi Dmitriy o‘zbekcha maqomlarni kuylay oladi. Chunki u yoshligidan shunday qo‘shiqlarni tinglab ulg‘aygan. Biz kuylaydigan qo‘shiqlar G‘arbda va Sharqda yashovchi yahudiylar musiqalari asosida tashkil topgan. Shu boisi konsert dasturiga taqdim etgan loyihamiz yangi. Unda G‘arb va Sharq uslublarini uyg‘unlashtirdik. O‘ylaymizki, festivaldagi chiqishlarimiz xalqqa manzur bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring