Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inoyat Sodiqova

Onamning «Bundan battari bo‘lishi mumkin edi; o‘limdan boshqaning imkoni bor», degan gaplarini doim yodimda saqlayman.

«Nazira» — 1944—2007-yillarda yashab o‘tgan qashqadaryolik birinchi tadbirkor ayol haqidagi ta’sirli film

«Nazira» — 1944—2007-yillarda yashab o‘tgan qashqadaryolik birinchi tadbirkor ayol haqidagi ta’sirli film

«Nazira» filmining premerasi

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 19 dekabr kuni rejissyor Jahongir Qosimov suratga olgan «Nazira» filmining premerasiga borish nasib qildi. Filmni rahmatli Nazira Shodmonovaning o‘g‘li moliyalashtirgan.

Film 1944—2007-yillarda yashab o‘tgan qashqadaryolik birinchi tadbirkor ayol Nazira Shodmonovaning hayot yo‘liga bag‘ishlangan. U sho‘rolar davri, Ikkinchi jahon urushi yillarida dunyoga keladi. O‘smirligi esa paxta dalalarida o‘tadi. Hayotning achchiq zarbalariga dosh bergan, qiyinchiliklarni o‘zgacha matonat bilan shaxdam bosib o‘tgan o‘n farzandning onasi mustaqil O‘zbekistonning ilk tadbirkor ayollaridan biriga aylandi.

Ayollarning oiladagi qadr(sizlig)i, jamiyat illatlari, davlat organlaridagi «kalamushlar» aynan Nazira opa hayotlik vaqtini tasvirlasa-da, go‘yoki bularning barchasi bugun ham dolzarbday.

Nazira opa, so‘zsiz, yosh ayol-qizlar uchun shijoat timsoli bo‘lishga loyiq inson bo‘lgan ekanlar. Film mazmuni tomoshabinni, ayniqsa, ayollarni «shunday yo‘l tutsa bo‘larkan-ku!» – deyishga majburlaydi.

Filmni ko‘rib yig‘ladim. Bir emas, besh-olti marotaba. Film boshidan oxirigacha uning yaratilishiga sababchi bo‘lgan Nazira opaning o‘g‘li xayolimdan ketmadi. Zaldagilar premera oldidan ham olqishlab, unga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Film tugaganidan so‘ng shaxsan borib unga rahmat aytgim keldi. Butun tomoshabinlar, ayniqsa, ayol-tomoshabinlar nomidan.

Bizning zaminda shunday tadbirkor ayol-rahbarlar yashab, shunchaki yashab emas, kurashib yashab o‘tganlaridan biz faxrlanishimiz kerak. Va bunday ayollarning biografik hikoyalari ko‘plab yaratilishidan umidvorman.

Filmda o‘zim ilg‘agan ayrim kamchiliklarni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Titrdagi ba’zi yozuvlar lotin alifbosida ketgan; kadrda u vaqtda ishlab chiqarishda bo‘lmagan avtomobillar ko‘rinadi; tergovchi xonasida u vaqtda bunday formatda mavjud bo‘lmagan xarita va shu kabi mayda detallar. Bir gap bilan «bularni bartaraf qilish evaziga film chiqarilmasligi xavfi bo‘lgan bo‘lsa», — roziman deb qo‘yaverdim.

Ijro mahorati:

Besh baho! Nazira opaning yoshligini o‘ynagan aktrisadan bunday obrazni qoyilmaqom ijro eta olishini kutmagandim. Yig‘latdi. Boshqa aktyor va aktrisalar ham shunday taassurot qoldirdiki, ularning o‘rnida boshqalarni tasavvur qila olmaysiz. Ayniqsa tadbirkor Nazira opani!

Premeradan so‘ng
Foto: «Xabar.uz»

Tomoshabin madaniyati:

O‘zbek kinosiga 13 yil avval tushgan ekanman. O‘sha-o‘sha — qarsakka ziqnamiz; lekin film paytida baland ovozda laqqillashib o‘tirishlar, telefonda bemalol suhbat qurib o‘tirishlar bu darajada, deb o‘ylamagan edim. Ularga rahmim keldi. Bu film ikki xil asr, bir necha epoxani aytib, tasvirlab berayotgan durdona bo‘lsa-yu, unga quloq solishmasa!

Tarixsiz kelajak yo‘q. Albatta borib ko‘ringlar, ayniqsa, yoshlar!

Qayerda: Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring