Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kushon davlati va «Bog‘i Firuza» ni o‘rgangan olim kim edi?

Kushon davlati va «Bog‘i Firuza» ni o‘rgangan olim kim edi?

Foto: «Uza.uz»

«1908-1909 yillarda men V.L.Vyatkinning shahar tashqarisidagi XV asrda Ulug‘bek qurdirgan observatoriyada olib borgan qazish ishlariga borib turardim.

O‘shandayoq qazuv ishlari meni o‘ziga rom etib qo‘ydi. Biz o‘zgacha bir hislar bilan ilon izi yo‘llar bo‘ylab, notekis kavlab tashlangan va ivirsib yotgan chuqurlar oralab yurardik.

Pishiqg‘ishtdan terilgan zinalardan tushib, u yerda yoysimon, sirti marmar plitalar bilan qoplangan ikki to‘siqdan iborat ulkan astronomik asbobni ko‘rish mumkin edi.

U yerdagi ba’zilari qora rangda bo‘lgan koshin g‘ishtchalar uyumi, sirlangan, guldor sopol bo‘laklari esimda qolgan.

Observatoriya tepaligini to‘laligicha qamrab olgan, bir necha joyi qazib ochilgan aylana devorni ham ko‘rish mumkin edi.

V.L. Vyatkin bu ishlarni shoshilmasdan tushuntirib o‘tar ekan, uning hikoyalaridan yorqin bir epizod xotiramda muhrlanib qolgan.

Uning aytishicha, ish boshlanishidan oldinroq mahalliy ayollar observatoriya o‘rnini qazishga yo‘l bermaganlar. Ularning fikricha, bu yer muqaddas «Childuxtaron» bo‘lib, go‘yo afsonaviy Qirq qiz ko‘milgan. Dalil sifatida ular marhumlar xotirasiga yoqiladigan sham, chirog‘don qo‘yilgan g‘ishtli supani ko‘rsatishgan. Biroq, ko‘p o‘tmay, qazishma ishlari bu yerda qizlarning qabri bo‘lmaganini isbotladi» .

Bu – yoshligidan fanga mehr, olimlarga ixlos qo‘ygan hamda ustozlari ishini davom ettirib, O‘rta Osiyo arxeologiya maktabiga asos solgan Masson Mixail Yevgenevichning 1976 yilda chop etilgan «Iz vospominaniy sredneaziatskogo arxeologa» nomli kitobidan parcha.

Bugun biz Markaziy Osiyo arxeologiya maktabi va me’moriy restavratsiyasi asoschisi, professor Mixail Masson haqida tarix fanlari nomzodi, arxeolog Margarita Filonovich bilan suhbatlashdik.

– Ustozim Mixail Yevgenevich Masson 1897 yilning 5 dekabrida Samarqandda tavallud topgan, – deydi Margarita Filonovich. – Otasi fransuz bo‘lib, yer o‘lchash bilan shug‘ullangan, ya’ni kadastr tuzuvchi edi. U Samarqand o‘g‘il bolalar gimnaziyasi, Petragrad Politexnika instituti, keyinchalik Turkiston sharqshunoslik institutida tahsil olgan.

Mixail Masson hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetining arxeologiya kafedrasining tashkilotchisi va mudiri bo‘lgan.

Havaskor arxeolog, o‘qituvchi, keyinroq Samarqand viloyat boshqaruvi amaldori bo‘lgan Vasiliy Lavrentiyevich Vyatkin ustozi ekanini ko‘p ta’kidlagan. Uning turmush o‘rtog‘i Galina Pugachenko ham tarix fanlari doktori edi. Ustozimning to‘rt farzandi bo‘lib, faqatgina to‘ng‘ich o‘g‘li Vadim Masson otasi izidan bordi.

Mixail Yevgenevich Masson 1986 yil Toshkentda vafot etdi. Ayni vaqtda u va turmush o‘rtog‘i Do‘mbirobod qabristoniga dafn etilgan.

Margarita Filonovich bizga ustozi chiqargan kitob va undagi «Mening bilimdon talabam Rita Filonovichga samimiyat bilan» degan dastxatni faxr va quvonch bilan ko‘rsatdi.

So‘ngra «u inson hammani ham mening talabam yoki shogirdim deya atamasdi, bunday e’tirofga loyiq bo‘lish baxt edi», deya, izoh berar ekan, xotiralardan ko‘zlari porlab ketganday bo‘ldi. Shunda buyuk arxitektor bilan qanday uchrashgani, u insonning qaysi fazilatlari ko‘proq yodida qolgani bilan qiziqdik.

– Aslida bu inson mening taqdirimni o‘zgartirib yuborgan, – deydi M.Filnovich. – M.Massonning ishlariga qiziqib, Belarusdan O‘zbekistonga kelib, Samarqandda tarix fakultetida o‘qidim. 1955 yil birinchi kursda ustozining ma’ruzasini tinglab, arxeolog bo‘lishga ahd qildim. So‘ngra biz talabalar – Janubiy Turkmaniston arxeologik kompleks ekspeditsiyasi, Katta Farg‘ona kanalida qurilishidagi arxeologik kuzatuv ishlariga jalb etildik. Janubiy-Turkmaniston arxeologik majmua ekspeditsiyasi Parfiya Niso va Marv qadimiy shaharlarida tog‘ qazilma ishlari olib borilganda, ekspeditsiyada oltmishdan ortiq insonlar qatorida ishtirok etganimni eslasam, hamon hayajonlanaman. Axir, shunday katta jarayonda ishchilar qatorida ishtirok etish, yangilik yaratish tushimga ham kirmagan. Lekin, bu ajoyib edi.

Farg‘ona kanali qurilishi ham yorqin xotiralarga boy bo‘lgan. U vaqtlarda texnika rivojlanmagan, minglab insonlar ketmonda yer qazirdi. Tuproq ostidan chiqqan topilma buyumlarni biz arxeologlar o‘rganardik. Ustozimiz qattiqqo‘llik bilan bizdan e’tiborli bo‘lishni talab etardi.

Har bir buyumni diqqat bilan o‘rganish, albatta zavqli va mas’uliyatli edi. Eng qizig‘i, ustozim faqat obidalarni emas, balki boshqa yo‘nalishlarda ham izlanishlar olib borardi. Misol uchun, tangalar, pul tarixi, tog‘ ishi, arxitektura, epigrafika. M. Masson olib borgan tadqiqotlar bois, O‘rta Osiyo hududida quldorchilik tartibi hukm surganligi isbotlangan. Bunga Samarqand, Buxoro, Toshkent va O‘rta Osiyoning boshqa shaharlaridagi rivojlanish sabab bo‘lgan. U 1925 yili Amir Temur maqbarasida allaqanday paramagnit hodisalarini kuzatgan va ichkarida nurlanuvchi sirli ob’yekt mavjudligi haqidagi farazni ilgari surgan edi. Vaholanki, bu vaqtda Amir Temurning qabri borasida bir nechta taxminlar bor edi.

M.Masson haqida yozilgan kitoblar va esdaliklarga e’tibor qiladigan bo‘lsak, ular orasida 1936-1938 yillarda Termiz shahri va uning atroflarida O‘rta Osiyo hududidagi dastlabki yirik arxeologik ilmiy ekspeditsiya – Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi (TAKE) haqida ko‘plab ma’lumotlarga duch kelish mumkin.

Unda professor Mixail Yevgenevich Masson rahbarligida ko‘hna shahar tarixini har tomonlama, chuqur o‘rganish uchun Toshkent, Moskva, Sankt-Peterburgning yuqori malakali mutaxassislari – arxeolog, san’atshunos, arxitektor, geolog, irrigator va boshqalar jalb etilgani aks etgan.

Mazkur tadqiqotlar natijasida Termiz shahrining paydo bo‘lishidan boshlab, XIV asrning boshlarigacha bo‘lgan tarix ilk bor davrlashtirilib, tarixiy topografiya tuzildi.

Kushonlar davriga tegishli Chingiztepa, Ayritom va Qoratepa kabi yodgorliklar o‘rganilib, Kushon davlati tarixini o‘rganishga jiddiy qadamlar qo‘yildi. Ayritomdan dunyoga mashhur mashshoqlar tasviri solingan friz bo‘laklari topildi. Termiz hukmdorlari saroyida keng ko‘lamli qazishma ishlari olib borildi. Boshqa me’moriy yodgorliklar, shahar va uning atrofi sug‘orish inshootlari tarixi tadqiq qilindi.

Qayd etish joizki, M.Ye. Masson rahbarligida olib borilgan keng ko‘lamli arxeologik tadqiqot ishlari (masalan, YuTAKE – Janubiy Turkmaniston arxeologik kompleks ekspeditsiyasi, Katta Farg‘ona kanali qurilishidagi arxeologik kuzatuv ishlari, KATE – Kesh arxeologik ekspeditsiyasi)da ko‘hna termizda orttirilgan tajriba yotadi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

«M.Filnovichdan ko‘p yillar M.Masson bilan birga ishlagan bo‘lsangiz, uning Samarqand tarixiy obidalarini bilimdoni bo‘lgani, 1912 yildan mahalliy yodgorliklar bo‘ylab mustaqil ravishda ekskursiyalar olib borgani haqida xabaringiz bormi?» deya so‘radik.

– Albatta, sharqshunos olim va arxeolog tarixiy obidalarni ko‘rishga kelgan chet elliklarga hamrohlik qilib, u yoki bu millatning turlicha xatti-harakatini qiziqish bilan kuzatgani, ularning o‘ziga xos fe’li haqida so‘zlab berardi, – deydi Margarita xonim. – Nemislar o‘zlariga aytilayotgan narsalarga jimgina, vijdonan quloq tutishlari, obida haqidagi qisqagina tarixiy ma’lumotni ham quloqlari ostidan o‘tkazib yuboradigan italyanlar yodgorlikning tokcha, eshik, zina, tomlarida obrazli tarzda joylashib olib, suratga tushishni yaxshi ko‘rishi, jiddiy inglizlar iltifot ko‘rsatgandek, og‘zaki tushuntirishni xotirjam tinglab, qo‘llaridagi «bedeker» yoki ingliz tilidagi boshqa yo‘llanmalar bilan eshitganlari orasidagi arzimagan tafovutlar to‘g‘risida ham bahsga kirishib ketishlari haqida tez-tez eslardi.

Bundan tashqari, u davrlarda ko‘p sonli sayyohlarning arxeologik topilmalarga qiziqishi bois, o‘ziga xos va qizg‘in antikvariat bozori, ayni paytda uning muqarrar salbiy jihati – ko‘hna buyumlarning soxtalashtirilishi yuzaga kelgani haqida so‘zlab, bizdan kasbimizga e’tiborli bo‘lishni talab etardi.

Vaholanki, mahalliy kulollar orasida turli aralashmalar bilan yog‘li suvda qaynatish orqali o‘zlarining sirlangan buyumlariga qadimiy tus berish avjiga chiqqan edi.

Misol uchun, Buxoro yahudiylaridan David Yusupov ko‘hna buyumlarni qalbakilashtirishda ancha ilgarilab ketgani, mahalliy aholi orasida o‘ta qobiliyatli va uddaburon soxtakor usta Sobir ekanini aytardi. U, ayniqsa islom davrigacha bo‘lgan terrakota haykalchalarini yasashda mohir bo‘lgan. Loydan yasalgan bir nechta qolipni topib olgan Sobir o‘z ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘ydi va bunday haykalchalarni qalbakilashtirish san’atida mukammallikka erishdi. Biz ana shu soxta mahsulotlar bozorda tarqab ketishining oldini olishimiz uchun bu ustalardan ko‘ra bilimdon va ziyrak bo‘lishimiz kerakligini ko‘p uqtirar edi.

Yoshi saksondan oshgan suhbatdoshimiz M.Massoni ko‘plab qazishma ishlari olib borgani, ular orasida Darg‘om daryosining chap qirg‘oqidan Shahrisabz yo‘lining Sharq tarafiga cho‘zilib ketgan «Bog‘i Firuza» va «Ishratxona» topilmalari negadir unutilib ketgani haqida so‘zlab berdi.

Bu majmua 1464 yilda qurilgani bo‘lib, unga yosh malika Xavend Sulton bika maqbarasi joylashgani haqida vaqf hujjatlarida qayd etilgan ekan. Aslida bu saroyning nomi Ashratxon bo‘lib, agar arab tilidan tarjima qilinsa, «O‘nta xona» degan ma’noni anglatib, juda quvnoq va yorqin ranglar bilan bezatilgan maqbara – saroydan bir nechta xotin-qizlar qabri topilgan ekan. E’tiborsizlik tufayli hozirda faqatgina nuragan devorlar qolgani esa achinarli.

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring