Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurota chashmasi: mo‘’jizaning siri nimada? Nega rus bosqinchilari chashma baliqlarini yeb halok bo‘lgan edi?

Nurota chashmasi: mo‘’jizaning siri nimada? Nega rus bosqinchilari chashma baliqlarini yeb halok bo‘lgan edi?

Nurota chashmasi baliqlari.

Foto: «Awaytravel»

Nurota chashmasining sirli jihatiga bu yerning tabiiy o‘rni va buloqning shifobaxsh xususiyatlari ham sabab bo‘lgan. Shuningdek, chashma suvi tarkibidagi fosfor moddasi suvning va baliqlarning tovlanib turishini ta’minlab, jozibali ko‘rinish paydo qiladi.

Nurota chashmasining suvi minglab kilometr yerosti yo‘laklaridan soniyasiga 290 litr miqdorida oqib chiqadi. Chashma suvi qishin-yozin bir xil — 19,5 daraja iliq bo‘ladi.

Ming yillar davomida oqib turgan chashmaning muzlashi hech kuzatilmagan, u minerallashgan yumshoq ichimlik suvidir. Aniqlanishicha, mazkur suvning tarkibida oltin moddasi bor, u oshqozon-ichak xastaliklariga davo. Suvdagi yod moddasi buqoq kasalligiga, noyob brom moddasi esa asab kasalliklariga shifo ekanligi qadimdan ma’lum. Uning tarkibidagi kumush eritmasi esa suv tarkibi yaxshi saqlanishini ta’minlaydi.

Nurota ziyoratgohi. Foto: «Awaytravel»

Chashma suvining 80 foizi yer qa’ridan chiqib tursa, qolgan 20 foizi yerosti yo‘laklaridan va quduq tomonidan kelib butun shaharga hayot baxsh etadi. Mazkur chashmadan tarixda eng ko‘pi soniyasiga 460 litrgacha suv chiqqan bo‘lsa, qurg‘oqchilik yillari eng kami soniyasiga 180 litr suv chiqqan.

Muqaddas chashma suvidan bugungi kunda ko‘plab ziyoratchilar va chet eldan kelgan sayyohlar ham olib ketadilar.

Nurota chashmasining baliqlari tog‘ daryolarida uchraydi, fan tilida sutbaliq, ya’ni daryo marinkasi deb ataladi. Mazkur baliqlar o‘rtacha 17 yil yashab, umri davomida chashma suvi chiqadigan ariqchalarni qumlardan tozalaydi, suvning mo‘’tadil kelishini ta’minlab, hatto uni filtrlab beradi.

Qizig‘i shundaki, baliqlar hech qanday tashqi ozuqasiz, suv tarkibidagi mikrorganizmlar va minerallardan oziqlanib yashayveradi. Shu bois o‘tmishda ba’zilar ularni «avliyobaliq» deb ham atashgan.

Mahalliy aholining ta’kidlashicha, o‘tgan asr boshlarida rus askarlarining o‘limiga ham aynan shu baliq iste’moli sabab bo‘lgan. Ogohlantirishga qaramay, ular «avliyobaliq»dan ovlab yeyishgan va shu zahoti vafot etishgan.

Rostan ham bu baliqlarni iste’mol qilib bo‘lmaydi, chunki ularning ichida qora pardasi bo‘lib, uvildirig‘i zaharli, uni tozalamasdan iste’mol qilgan odamning terisida dog‘lar paydo bo‘ladi, ko‘proq iste’mol qilsa, o‘limga olib keladi.

Bu ilohiy maskan doim mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Foto: «Awaytravel»

Bu ilohiy maskan bugungi kunga kelib obod qilingan, uning yonida xiyobon, favvoralar, yam-yashil daraxtzoru gulzorlar barpo etilgan. Sir-asrorlarga to‘la Nurota chashmasidan xorijlik sayyohlar va yurtdoshlarimizning qadami uzilmaydi.

Shuhrat Normurodov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring