Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Osmondagi bolalar-3» filmini qachon ko‘ramiz?

«Osmondagi bolalar-3» filmini qachon ko‘ramiz?

Foto: «Xabar.uz»

«Osmondagi bolalar» filmini ta’rifu tavsiflashga hojat yo‘q. Xalqimiz har gal intiq bo‘lib ko‘radi. U nafaqat badiiy kino, balki ardoqli sog‘inchimizga ham aylanib qoldi. Biz filmdagi to‘rt og‘aynini maktab davridan bilamiz. Keyingi hayoti ham faqat yoshligini aks ettiradi. Mana endi «Osmondagi bolalar-3» havola etilmoqda. Biz film haqida rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan shu haqda suhbatlashdik...

– Zulfiqor aka, «katta tarix»ning davomiga oydinlik kiritsak. «Osmondagi bolalar-3» g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

– Bilasizmi, bu filmning bosh qahramonlari yillar mobaynida millionlab muxlislarga xuddi yaqin qarindoshlaridek bo‘lib qolgan ekan. Ular menga YuZ MING marotalab savollar berishardi. Qahramonlarning keyingi hayoti nima bo‘ldi, deb qayta-qayta so‘rashardi... Albatta, bu har bir ijodkor uchun katta baxt.

Ko‘plab murojaat va iltimoslardan so‘ng nihoyat uning davomini yozishga kirishdim. Ancha vaqt ketdi.

Filmni suratga olib ham bo‘ldik. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda «Osmondagi bolalar»ning uchinchi qismini tomoshabinlarga havola etamiz...

– Filmning dastlabki qismlari katta ekrandan tushmagan, bir necha oy mobaynida kassabop bo‘lgan edi. Buni davlat kinosida kuzatish – noyob hodisa.

– Aniq fakt: «Osmondagi bolalar-1» filmi «Panorama»da 9 oy uzluksiz qo‘yilgan, ikkinchisi besh yarim oy namoyish etilgan. Televideniye haqida gapirmasa ham bo‘ladi... Bilganim shu... Ammo shaxsan men yoki ijodiy guruhimiz a’zolari shuncha yildan beri film prokatidan bir tiyin ham olmaganmiz.

– Odatda davomli filmlarda faqat birinchisi ko‘proq nom qozonadi va ko‘p daromad topadi. «Osmondagi bolalar»da bu qanday kechgan?

– O‘zimning filmim haqida gapirish ancha nokamtarlik bo‘ladi... Bilmadim...

– Nihoyat, uchinchi qism tayyor. Uni ne-ne to‘sqinlik va rasmiyatchiliklardan so‘ng suratga olganingiz ma’lum. Bu qancha vaqtni oldi? Xo‘sh, ko‘nglingiz to‘ldimi?

Ha, filmni yaratish biz uchun bayram... Eng qiynagan holat esa – kinoga aloqasi bulmagan odamlarning rasmiyatchiligi, gohida esa ochikdan-ochiq gina-kudurat qilgani...

Film qancha vaqtda suratga olindi?

– Umumiy ishlab chiqarish vaqti 9 oy... Xuddi ona bolasini yuragining tagida o‘stirganday...

– Film treylerida oldingi qismlarda ishtirok etmagan aktyorlar Karim Mirhodiyev va Bahrom Matjonovni ko‘rdik. Ular qanday qahramon?

– Karim aka o‘zini, ya’ni Karim Mirhodiyevni o‘ynadi, Bahrom esa Amerikada suratga tushdi. Ular nafaqat mening do‘stlarim, balki mahoratli aktyorlar! Muhimi, shu!

– Dilnoza Kubayeva ham bor. Hamdam rolini o‘ynagan Muzaffar esa yo‘q.

– Kubayeva uchinchi qismda Oypopukni o‘ynadi. Baxtiyorning qizi Rizvongulni esa san’at institutida o‘zim topgan qizimiz Mahliyo Asqaraliyeva ijro etdi. Tomoshabinlarimiz uni ilk bor «Berlin-Oqqo‘rg‘on» filmida ko‘rishgan...

Muzaffarga kelsak, oilasi va sog‘lig‘idagi muammolar tufayli suratga tushmadi. Buni uning o‘zi yozma ravishda yozib berdi. Ilojimiz qancha!

– Osmondagi bolalar katta bo‘lgan. Ularning eng quvnoq davri navqironlikda qolib ketgan. Qahramonlaringiz jiddiylashgandir? Agar shunday bo‘lsa, bu mashhur va quvnoq «epopeya»ga putur yetkazmaydimi?

– To‘g‘ri, yoshi qirqdan oshgan erkaklarning yigirma yoshli yigitlardan farq qilishi tabiiy... Lekin ko‘ngillari o‘sha-o‘sha: qalbi toza... Quvnoq sarguzashtlar esa haliyam davom etadi. Mazkur filmimiz kayfiyatni ko‘tarishi bilan ham xalq e’tiborini qozongan. Bu an’ana davom etadi.

Premera qachon?

– Taxminan 25 aprelga mo‘ljallangan. Ammo hali taklifnomalarni berishmadi.

– Xo‘sh, xalqimizning sevimli rejissyori Zulfiqor Musoqov hozir nimalar bilan band? Orzular va rejalaringiz?.. 

– To‘rta ssenariyni allaqachon kinematografiya agentligiga topshirib qo‘yganman... Ular har xil mavzuda va turli janrlarda yozilgan. Ya’ni, o‘zbek boks maktabini yaratgan ulug‘ sportchi Sidney Jekson haqida «Jekson va uning nabirasi», shahrimiz bilan bog‘liq ilk komediya «Hotamtoy», shiddatli melodrama «Registon uzra laylak qor» va nihoyat «Sardoba» nomli komediyalar... Orzular hozircha shu! Sizlarga sog‘liq va omad tilayman...

Anvar Namozov suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring