Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Raj Kapur bilan suratga tushishga andisha qilganman» yoki turk aktyori bu safar ham talato‘pda

«Raj Kapur bilan suratga tushishga andisha qilganman» yoki turk aktyori bu safar ham talato‘pda

Kuni kecha  Toshkentda «Ipak yo‘li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali   marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Marosim avvalida kinofestival mehmonlari Takeshi Kitano, Armand Assante, Burak O‘zchivit, Sergey Bezrukov, Nurgul Yashilchay, Timur Bekmambetov, Tavakkel Musilim, Umesh Mexra kabi ko‘plab taniqli kino yulduzlar maxsus «qizil yo‘lak»dan o‘tishdi. 

Tadbirda 500 ga yaqin kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va kinooperatorlar, prodyuser va kinotanqidchilar, kinoshunos olimlar ishtirok etdi.

Ochilish marosimida taniqli estrada yulduzlari ishtirokida shou-konsert va teatrlashtirilgan chiqishlar taqdim etildi. Tadbirni yoritish uchun dunyoning 40 davlatidan ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdi. Demak bu festival butun dunyo e’tiborida bo‘ldi. Albatta bunday katta tadbirda o‘ziga xos istaymizmi yo‘qmi yutuqlari, hayajonlari bilan birga kamchiliklari bo‘lishi tabiiy va tomoshabinning ko‘p bo‘lishi ham. Tomoshabinning asosiy qismi esa mana shu o‘zbek degan millat. Biz mana shunda keng miqyosli tadbirlar orqali o‘z qadriyatlarimizni, madaniyatimizni, urf-odatlarimizni ham ko‘rsatamiz. Balki bizga erish tuyulgan jihatlar boshqalar uchun tabiiydir, biz tabiiy deb o‘ylagan, e’tibor bermagan tomonlarimiz boshqalarga erish tuyular...

Men Raj Kapurni ko‘rganman...

Gulchehra Umarova, jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

— San’at sohasida ishlayotganimga, bu sohani yoritayotganimga, aralashib yurganimga 40 yildan oshdi. Qanchadan-qancha mashhur odamlarni ko‘rdim. Ammo birortasi bilan suratga tushish xayolimga kelmagan. To‘g‘ri, muxlislik bor gap. Ammo biz o‘zbekmiz, o‘z qadriyatlarimiz, o‘z qarashlarimiz bor. Ayniqsa ayol muxlislarning erkak kumiri ortida yugurib yurishi juda uyatli. Chunki bizda ayol erkakning ortidan yugurishi kerakmas, balki erkak ayolga iltifot ko‘rsatishi kerak, erkak ayolning oldiga borsin suratga tushaylik deb. Lekin o‘sha Turkiyaning mashhur aktrisasi Nurgul Yashilchayning ortidan erkaklarimiz yugurgani yo‘q, yoki ayollar Burak O‘zchivitga qo‘pol bo‘lsa ham aytay yopishgandek yopishgani yo‘q. O‘tgan yili ham xuddi shunday voqea bo‘lgandi. Qanchadan qancha ayollarning aktyorni o‘rab olib suratga tushgani qoralangandi. O‘sha bahslardan keyin fanatlarimiz xulosa qilgandir, deb o‘ylagandim, ammo afsus.

Men Raj Kapurni ham ko‘rganman, uchrashganman, o‘sha paytlari ham fotomuxbirlar yopirilib suratga olishgan, intervyu olganman, lekin yonma yon turib suratga tushishga andisham yo‘l qo‘ymagan. O‘sha paytlari nimagadir odamlar bunaqa aktyorlarga yopishib ketmasdi. Har qanday vaziyatdayam o‘zligimizni yo‘qotmasligimiz kerak deb o‘ylayman. Axir turklar bilan madaniyatimiz, dinimiz, urf-odatlarimiz bir xil. Ularning xayollaridan o‘tgandir: «bu yerdagi ayollarning aka-ukasi, turmush o‘rtog‘i yo‘qmikan», degan.

Otasi va turmush o‘rtog‘idan ham uyalishmadi...

Mohira Sultonova, kashtachilik maktabi «SUZANE SULTAN» MChJ  direktori:

Kecha Toshkent festivali doirasida o‘tkazilgan turk kinoijodkorlari bilan bo‘lgan voqeadan men shuni angladimki, turk erkaklari o‘ta hamiyatli va oriyatli ekanlar! O‘z ayol millatdoshlari, garchi u juda mashhur aktrisa bo‘lsada, garchi ular katta bir Xalqaro anjuman sahnasida turgan bo‘lsalarda, ayol bo‘la turib ayollikka, insonlikka yarashmagan kibr, tantiqlik uchun kimsan Nurgul Yashilchoyga yaxshigina saboq bera olishdi! O‘zidan ketgan millatdoshini namoyishkorona joyiga qo‘yib qo‘yishdi!

Mana shuning uchunam turk ayollari dunyo bo‘ylab mardikorchilik qilmas ekan, turklardan dunyo bo‘ylab eng xaridorgir fohishalar chiqmas ekan. Turmush o‘rtog‘i, otasi, millatdoshlari yonida turib,uyalmasdan Buraak,Buraak, deb sahnaga otilmas, bir erkak aktyor bilan rasmga tushish uchun yopishib ketmas ekan...

Mana shunday bitta aqlli gap, bitta ko‘z qiri bilan ayollarni yo‘lga soladigan, ham xonligi, ham bekligi bo‘lgan erkaklar ko‘payishi kerak bizning millatda ham.

Aktyorga rahmim keldi

Shoxira Hamro, kinoshunos:

— Birinchi qator, o‘rtada o‘tirgandim, Burak sahnaga chiqqach, elchixonadagilaru, 9 aktyorning bo‘sh o‘rindiqlariga fanatlar yopirildi. Yonimga kelib o‘tirgan ayol uni telefoniga tasvirga olarkan, o‘ziga o‘zi  «quchoqlab tashlasamda», «yugurib borib, rasmga tushsam, oxranasi otvormasmikan» — deb alahsirayotganini eshitib, kim ekan bu kuchli fanat, deb qarasam, men tengi bir xotin. Ko‘zlari bejo, mening qarayotganimni sezmadiyam… unga anqayib tursam, zaldagi xotin xalaj sahnaga, Burak O‘zchivitga qarab yugurib kela boshladi. Bittasi boshqalardan oldinroq unga yetaman deb bir sakragandi, o‘ng oyog‘imni ustiga tushdi. Qochib ulgurmadim. Qarasam, Burak olomonning orasida qolib ketgan, birorta qo‘riqchi ko‘rinmaydi. O‘zimdanam Burakka rahmim keldi, biron narsa bo‘lsa tashkilotchilarning boshi baloga qoladida. «Oxrana», deb shu baqiraman, haligina bo‘sh o‘rindiqlarni poylab yurganlar yerga kirdimi, ko‘kka uchdimi, yo‘q! Orqaga qarasam o‘zimizning  «iboli», «hayoli», «iymanib turadigan» o‘zbek qiz juvonlar aktyorni talamon qilishayapti, chetdan qaraganda bu juda uyatli holat edi men uchun, buni har safar takror-takror guvohi bo‘laverish esa undanda uyatli. 

Men suhbatlashgan va ayrim facebook sahifalarida hamyurtlarimiz fikrlariga yozilgan izohlar esa yanada bahstalab.

Adiba Umirova: Odamlar kinofestivalni tomosha qilib rohatlanish o‘rniga Burak bilan suratga tushgan shinavandalarni kuzatib butun kuchi va asabini shunga sarflayotgan vaqtga achinaman... Zo‘r jahon kinolarini ko‘r, zo‘r dramaturglar bilan suhbatlash, aktyorlarning unutilmas rollari haqida so‘ra. O‘zbek kinosini qanday ko‘tarish haqida o‘yla. Olomon hamma joyda bor, olomon harakatidan ma’ni topolmasang xoslarni kuzat...

Shamshod Nur: Bu axmoqlikdan boshqa narsa emas, ochilish marosimida boshqa aktyorlarning ko‘ngliga kelmasmikin ham demay faqat Burakning orqasidan yugurishdi. Tanimasayam kerak boshqa dunyo yulduzlarini, chunki turk seriallaridan boshqasini ko‘rishmaydi ular.

Akbar Umarov: Bizning millatda xudoga shukr oriyatli erkaklar ko‘p. Va ayollarimiz orasidayam andishalilari bor. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Artistga fanat bo‘maslik uchun yoshlarni yaxshi o‘qitib, ilm berish, kimligini va nima uchun inson bo‘lib tug‘ilganini o‘rgatib katta qilish kerak.

Xurshid Raxmanov: Barchasi tarbiyaga bog‘liq, Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir» degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar haqiqat ekanini yaxshi anglaymiz. Bu bilan butun millatni qoralashimiz noto‘g‘ri, to‘g‘ri kamchilik qidirsa barcha millatda topiladi. Birinchi navbatda o‘zini hurmat qiladigan, o‘zining  izzatini, obruyini biladigan insonlar ham juda ko‘plab topiladi bizni millatda!

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring