Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Turetta sindromi yoki o‘qituvchi haqida film. Nega bizning kinochilarga qalb yetishmaydi?

Turetta sindromi yoki o‘qituvchi haqida film. Nega bizning kinochilarga qalb yetishmaydi?

«Front of the Class» filmidan lavha.

Foto: «DISEARA.RO»

Biz xastalik haqida emas, balki kino haqida gaplashmoqchimiz. Kinoki, turetta sindromiga chalingan o‘qituvchi haqida (film nomi — «Front of the Class», 2008). Turetta sindromi asab bilan bog‘liq xastalik. Bunda bemor ortiqcha ixtiyorsiz harakatlar qilib, g‘ayritabiiy ovozlar chiqaradi. Ya’ni, «pok-pok», «kop-kop», «tik-tik», hatto itning vovullashiga o‘xshash.

Afsuski, bu xastalikka chalingan odam teatr, kino va ibodat qilish mumkin bo‘lgan joylarda o‘zini noqulay his qiladi. Hatto talabalikka qabul qilinayotganda kutilmagan g‘ayritabiiy tovushlari bilan boshqalarga xalaqit bermasligi uchun alohida xonada imtihon topshirishga majbur. Endi uning maktabda darsda o‘tirishini tasavvur qiling-a. Bunday kasallikka chalingan bolalar sinfdoshlari oldida kulguga qolmaslik uchun maktabga borishdan bosh tortadilar.

Agar shunday muammosi bor insonning maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashiga to‘g‘ri kelib qolsa-chi? Avvalo, bu tashxis bilan qaysi maktab o‘qituvchini ishga olish mumkin? Va qaysi o‘qituvchi ovoz chiqarishi bilan bog‘liq barcha muammolariga ko‘zni chirt yumib ishlashi mumkin? Bunday xastalik bilan kasallangan inson o‘qituvchilik kasbini tanlashi to‘g‘rimi? Tanlaganda ham yo‘lida uchraydigan har qanday to‘siqni yengib o‘ta oladimi? 

Bred ismli amerikalik o‘qituvchi haqidagi bo‘lgan voqealar asosida tasvirga olingan kino, avvalo, insonning irodasiga bag‘ishlangan.  

Kinoning asl maqsadi nima edi?

Turetta sindromiga bolakay yetti yoshlarida chalinadi. Va maktabga borganida uni bolalar mazax qiladi. Shunda direktor barcha o‘quvchilarni yig‘ib, bolani o‘rtaga chiqaradi, g‘ayritabiiy ovozini hammaga eshittiradi. Va buni bolakay ataylab qilmayotganini, buning davosi hali topilmaganini o‘quvchilarga tushuntiradi. Uni mazax qilish emas, balki shu maktabda o‘zini erkin sezishi uchun qo‘llab-quvatlashini so‘raydi.  Shundan so‘ng uni hech kim mazax qilmaydi. Va kino birinchi maqsadiga erishadi — bolakayning muallimlik kasbiga muhabbati o‘sha maktab direktorining unga bo‘lgan munosabati tufayli tug‘iladi.

Bred Koen institutga o‘qishga kiradi. O‘qishni bitirgach, ish izlab kirmagan eshigi qolmaydi. Ammo suhbat jarayonida g‘ayritabiiy ovozini eshitgan maktab direktorlari uni ishga olmaydi. Biroq u maqsadi yo‘lida ortga qaytmaydi. Xo‘sh, uni kim ruhlantirib turadi? Onasi har doim unga bo‘sh kelmasligini, albatta uddalashini tinimsiz ta’kidlaydi. Kino ikkinchi maqsadiga erishdi, ya’ni onaning farzand hayotidagi o‘rnini ochib berdi. Kinoning uchinchi maqsadga erishgani — ishonchni o‘ldirmaslikni o‘rgatganidir.

Bred qanday o‘qituvchi?

Axiyri yigitni maktabga qabul qilishadi va bir-ikki kun sinashadi. Avvaliga bolalar uning ustidan kuladi, ammo bir kun o‘tmasdanoq mehribon, quvnoq, izlanuvchan bu o‘qituvchini yaxshi ko‘rib qolishadi. O‘qituvchi  ularga ham bu kasallik ekanligini, zarari yo‘qligini tushuntiradi. Kino bu epizod orqali to‘rtinchi maqsadiga erishdi. Ya’ni, bolalar turetta sindromiga o‘xshash, umuman tabiiy kamchiligi bor odamlardan kulmaslikni o‘rganadi. Kinoning beshinchi maqsadga erishuvi esa nuqsoni bor odamlarning jamiyatda faol bo‘lishga haqqi borligini tomoshabinga yetkaza olganida.

Xo‘sh, bolaning hayotida otasining o‘rni qanday bo‘lgan?  Hatto mana shu ota-bola epizodi ham chiroyi ochib berilgan. Dastlab otasi uning o‘qituvchi bo‘lishiga sira ko‘zi yetmaydi. Hatto o‘zi ishlayotgan qurilish kompaniyasiga o‘g‘lini oddiy ishchi qilib oladi. Ana shu yerda Bred otasiga «siz hech qachon meni qo‘llab-quvvatlamagansiz, hatto uyalgansiz», degan gaplarni aytadi.

Ammo bir kuni otasi Bredga imtihon topshirish uchun alohida xona bermagan institut mas’ullari bilan talashib-tortishadi va o‘g‘li uchun sharoit yaratib berishlariga erishadi. Ota-bola o‘rtasidagi tushunmovchilik shu tariqa bartaraf etiladi va mehr g‘alaba qozondi. Bu kinoning oltinchi maqsadga erishuvi edi.

Endi muhabbat masalasi. Axir, kino muhabbat sahnalarisiz kino emas-da. Bred qizlar uni tushunmasligidan qo‘rqadi, ammo bir kuni qarangki, Nensi ismli sohibjmol qiz yoqtirib qoladi — g‘ayritabiiy tovushlari bilan. Kino yettinchi maqsadiga erishdi. Ya’ni, insonning faqat qalbini sevish mumkinligini isbotlab berdi.

Maktabda Tom ismli juda bezori bola bo‘ladi. Ammo o‘qituvchi uning ko‘ngliga yo‘l topadi. Birgina epizodga e’tibor qarating. Tom mutolaaga qiziqmaydi, ammo o‘qituvchi kitobning unga boshini o‘qib beradi. Tom  davomini o‘qimaysizmi, deb so‘raganida o‘qituvchi o‘zing hozir davomini o‘qiysan va ikkalamiz voqeaning qolganini bilib olamiz, deydi. Mana shu epizod orqali ikkita maqsadga erishiladi, biri o‘quvchida mutolaaga qiziqish uyg‘otish, ikkinchisi — o‘qituvchi va o‘quvchining bir qadam yaqinlashuvi.

Kino shunday tugaydiki, Bred Koen «Yil o‘qituvchisi» nominatsiyasiga erishadi. U minbarga chiqib nutq so‘zlashdan oldin qattiq hayajonlanadi: «pok-pok», «kop-kop», degan ovozlar chiqaradi, boshini har yonga qimirlatadi, hayajoni to‘xtagach: «bu kasallik mening do‘stim. Mana shunday natijalarga erishishimga shu do‘stim yordam berdi. Hech narsadan chekinmaslikni, ortga qaytmaslikni, o‘z kasbimga qattiq mehr qo‘yishni o‘rgatdi», deydi. Hamma qarsak chalib yuboradi.

Kino orqali nimalarni o‘rgandim?

Dunyoda shunday xastalik borligi va bu qo‘rqinchli emasligi, balki bunday odamlar hamma qatori sevishi, hamma qatori ishlashi, faol bo‘lishi mumkinligini, qolaversa, irodali insonning baribir maqsadiga yetishishini bilib oldim. Yana o‘qituvchi kasbining nechog‘lik maroqli va ulug‘ kasb ekanligini yana bir bor mana shu kino aytib berdi.

Har yili  o‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan barcha kanallarda qayta-qayta Fransiyaning «Xorchilar», «Muallima», Rossiyaning «Birovning xati», «Dushanbagacha bir gap bo‘lar», Amerikaning «O‘qituvchi», Xitoyning «Otamning izlari» kabi kinolari namoyish etiladi. Masalan, Xitoyning «Otamning izlari» kinosini olib ko‘raylik. Qishloqqa kelgan yosh o‘qituvchi yigitning kasbiga sadoqati va u muhabbat qo‘ygan qizning vafodorligi haqidagi filmni qayta-qayta ko‘rsangizda zerikmaysiz.

Xorij kinolarini ko‘rib shunday xulosaga kelganman: Biror soha — masalan, shifokor, o‘qituvchi, jurnalist, o‘t o‘chiruvchi, quruvchi yoki dehqon haqida kino olishlari uchun ssenariy yozuvchi, rejissyor va aktyorlar har qanday sohani, odamlarni, xarakterni chuqur o‘rganishadi, ularning qalbini chuqur his qilishadi.

Muvaffaqiyat nimada?  

Afsuski, bizda ana shunday mehnatdan qochishadi. Bu shunday mehnatki, insonni tushunish mehnati. Go‘zallikni yaltiroq narsalardan qidirmaslik, aksincha yaltiroq bo‘lmagan narsalardan, ya’ni balchiqdan oltin yombi topish mehnati. Ijodkor, avvalo o‘z asarida insonning go‘zal qalbi har qanday hashamdan, har qanday boylikdan ustunligini ko‘rsata olsagina muvaffaqiyatga erishadi.

Qaysidir yozuvchi yozganidek, yurakdan chiqqani yurakka yetib boradi. Yurakka yetib borshi uchun har qanday ijodga inson qalb bilan yondoshish kerak. Qaysidir mashhur chet ellik kinorejissyor, «Men pul topish uchun kino ishlamayman, kino ishlash uchun pul topaman», degan ekan. Mana, chet el kino sanoatining muvaffaqiyati nimada?

Bizning telekanallarimizda hamon qaynona-kelin, boy qiz va kambag‘al yigit yoki aksincha kambag‘al qiz va boy yigit mavzusi. Negadir shunday kinolar ko‘paygan sari qaynonalar johil, yoshlar sabrsiz, muhabbat va go‘zallik soxtalashib bormoqda. Ha, aytgancha haligacha birorta o‘qituvchi haqida kino ololganimiz yo‘q.

Xo‘sh, nega bizda ana shunday kinolar ishlab chiqilmaydi. Chunki ushbu soha mutaxassislarining ko‘pchiligi o‘z ustida ishlamaydilar. Bugunning qahramoni  faqat zavod-fabrika qurgan yoki sportda g‘olib bo‘lgan odam emas. Balki qalb go‘zalligi bilan odamlarga yaxshilik ulasha olgan inson aslida. Nimaga xorijda insonning tabiiy nuqsonidan kulish yoki o‘zidan uyalish hissi u qadar kuchli emas. Chunki ularning har bir narsa mohiyatini chuqur ochib bera oladigan mana shunday kinolari bor. Axir bizda ham irodasi bilan qanchadan-qancha muvaffaqiyatlarga erishayotganlar kammi? Imkoniyati cheklangan hamyurtlarimiz uchun o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarga borganimda qo‘l-oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmaydigan yoshlarning yasagan buyumlari meni lol qoldiradi. Afsuski, ularning qay mashaqqatlar bilan san’at asarlarini yasashini tasavvur etolmaymiz. Aynan kino bizga o‘sha tasavvurni beradi. Unday odamlarga hurmat bilan qarashni o‘rgatadi. Nimaga shunday insonlar haqida kino olish mumkin emas?

Axir hayot faqat chiroyli uylar, chiroyli mashinalar, chiroyli kiyingan qiz-yigitlardan iborat emas-ku. To‘g‘ri bizda ham kichik epizodik rollarda ana shunday odamlar ko‘rinib qoladi. Ammo shunchalik beo‘xshov olishadiki, imkoniyati cheklangan inson ayanchli taassurot qoldiradi yoki ruhiy xasta odam kulguli tasavvur uyg‘otadi. Chet el kinolarida esa unday emas. Qahramon imkoniyati cheklangan yoki ruhiy kasal bo‘ladimi sizni o‘sha insonni tushunishga, hatto yaxshi ko‘rib qolishga majbur qiladi. Ana shunga insoniylik fazilatlarining tarbiyalanishi deyiladi.

Kinolarimizda muhabbat qiyofasi yo‘q...

Amerikaning to‘ylari bo‘lganiga 30 yildan oshgan er-xotin haqidagi «Muhabbat qiyofasi» degan kinoni ko‘rgandim. Shu kinoni ko‘rgan borki, muhabbatning borligiga ishonadi.

Ammo biz unchalik ishongimiz kelmaydi, chunki ishontiradigan manba yo‘q. Qalbimizni turtkilab ochadigan kinolar yo‘q. Lekin shunday odamlar oramizda ko‘p-ku. Ular haqida nega kinolar yo‘q? Meni har doim bir narsa ta’sirlantiradi. Qishlog‘imizda Majid ismli otaxon kampirini har kuni yoz faslida kanda qilmasdan opichlab, «quyoshning chiqishini yaxshi ko‘radi», deb supaga olib chiqib qo‘yardi. Agar chet elliklar mana shunday voqealarning guvohi bo‘lganda qanday chiroyli kino ishlardiya, deb o‘ylayman.

Yoki bir qahramonim bor. Turmush o‘rtog‘ini aravada tadbirlarga olib yurish uchun tungi smenada ishlaydi. Mana sizga muhabbat haqida ajoyib kino. Mana shunday kinolarni ko‘rib yoshlar o‘rnak olmaydimi? Qalbida mana shunday qahramonlik qilish tuyg‘usi uyg‘onmaydimi?

Men ba’zi kino ijodkorlarni qalbsiz insonlar deb o‘ylayman. Chunki har qanday ijod namunasini yaratish uchun inson faqat katta qalbga ega bo‘lishi kerak. Qalbsiz yaratilgan narsalar esa hamisha usti yaltiroq, ichi qaltiroq bo‘lib qolaveradi. Qalbni tariyalashning yo‘li — oddiy odamlar orasida ko‘proq yurish, ularni his qilish, eng sara asarlarni o‘qish va chet elning ana shunday kinolarini qayta-qayta ko‘rish orqali sinchiklab o‘rganishdir. Chunki oramizda kino olishga arziydigan qahramonlar juda ko‘p... Faqat biz ularni kuzatmaymiz, o‘rganmaymiz, his qilmaymiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring