Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiy tilli davlatlar kinofestivalida O‘zbekiston 3 ta mukofotni qo‘lga kiritdi

Turkiy tilli davlatlar kinofestivalida O‘zbekiston 3 ta mukofotni qo‘lga kiritdi

Turkiyada 8-12 noyabr kunlari «Korkut Ata» turkiy tilli davlatlar xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kinofestivalda Rashid Malikovning Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «Tutqunlik» filmi hay’at a’zolarining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Ali Hamroyevning «Xalq jasorati» filmi esa hujjatli kino yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga «Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun» maxsus mukofoti topshirildi.

Kinofestival hay’ati raisi Mesud Uchakan o‘zbek filmlaridagi insonparvarlik g‘oyalarni olqishlashdi:

«O‘zbek filmlarining gumanizm g‘oyalarini ilgari surishi bizga juda yoqdi. «Mehr» operatsiyasi haqida suratga olingan «Tutqunlik» filmi alohida olqishga loyiq. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush kechayotgan yerlardan o‘z fuqarolarini qaytarish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbusini alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Bu ulkan insoniylik va gumanistik loyihadir», — dedi hay’at raisi.

O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ham o‘z navbatida fikrlarini bildirdi.

«Mazkur mukofot so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekistonda olib borilayotgan kino islohotlariga katta baho deb bilaman. Mazkur islohotlar bevosita prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan bog‘liq. Menga berilgan mazkur mukofotni barcha o‘zbek kinoijodkorlariniki, deb bilaman. Chunki buning ortida juda katta jamoa va hamjihatlikdagi mehnat turibdi. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», — dedi Firdavs Abduholiqov.

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Ahmet Demirkan hamkorlik haqida so‘zladi:
«Endilikda biz O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan aloqalarni o‘rnatamiz, hamkorlikda xalqaro kinoloyihalarni amalga oshiramiz. O‘ylaymanki, bu hamkorligimiz katta natijalar beradi»
Shuningdek festival davomida o‘zbek kinosi kuni o‘tkazilib, «Tutqunlik», «Xalq jasorati» filmlari hamda Jahongir Axmedovning «Ilhaq» kartinasi premerasi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Turkiya telekanallarida o‘zbek filmlari namoyish etildi.

Kinofestival davomida o‘zbek delegatsiyasi tomondan turli kompaniyalar bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Kinofestivalning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etib, turkiyalik hamkasbi bilan duet kuyladi. Ularning chiqishi tashrif buyurganlarda yorqin taassurot qoldirdi va olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring