Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etildi

Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etildi

Toshkentda bir qator yirik xorijiy kino tashkilotlari 2023 yilning oxirgi kunlarida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan birga tarixiy filmlarni yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Kuni kecha «Renessans» kino uyida turkiy tilli davlatlar kinochilari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, «Turksoy» tashkiloti matbuot kotibi Salim Ezer, Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi kino boshqarmasi bosh direktori Erkin Yilmaz, «Qozoqfilm» prezidenti Azamat Satibaldi, Qirg‘iziston Kinematografiya departamenti direktori Akjol Bekbolotov, Ozarbayjon Kinematografiya agentligi direktori Orhan Fikretog‘lu ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tuzildi. Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov esa yilning muhim voqeligi haqida shunday fikr bildirdi.

– Hammamizga ma’lumki, Muhtaram Prezidentimiz sohani yanada rivojlantirish maqsadida muhim topshiriqlarni oldimizga vazifa qilib qo‘ydilar. Bu topshiriqlardan biri 50 ta tarixiy film yaratish. Aynan shu vazifani bajarish uchun turkiy tilli davlatlar bilan bir qator qo‘shma loyihalar memorandumlari imzolandi. Xorijlik hamkasblarimizning biz bilan hamkorlik qilish uchun bildirgan ishonchi, nafaqat Davlatimiz rahbarining olib borayotgan odilona va ochiq siyosati, balki kinematografiya sohasidagi islohotlarining natijasidir.

«Turksoy» tashkiloti matbuot kotibi Selim Ezer o‘zbek kinematografiyasining doimiy fikrdoshi sifatida, aynan Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etilganini alohida e’tirof qildi:

– Toshkentda tarixiy voqelik bo‘ldi! Bunday imkoniyatni bizga taqdim qilgani uchun Davlatingiz rahbari hurmatli Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiramiz. Turkiy mamlakatlar kinoustalari birlashib yangi kinoloyihalar bilan dunyoga chiqamiz.

«Turksoy» tashkiloti bu yil o‘zining 30 yoshini nishonlamoqda. Bu voqelik har bir turk dunyosi mamlakatlari uchun unutilmas ahamiyatga ega. Ushbu mamlakatlar orasida madaniy va tarixiy merosni targ‘ib etish, uni avaylab asrash va kelajak avlodga yetkazish borasida kino sohasining muhim o‘rni bor, — dedi «Turksoy» bosh kotibi Sulton Rayev nomidan Salim Ezer.

Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi kino boshqarmasi bosh direktori Erkin Yilmaz Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etilishini tarixiy voqea deb atadi.

— Buni tarixiy kun deb atash mumkin. Chunki bu turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida kino tarmog‘ini yoyish uchun tashlangan katta qadam, tarixiy voqea hisoblanadi. Albatta, bunda kinoga davlatingiz va Prezidentingiz tomonidan qaratilayotgan e’tiborning o‘rni katta, – dedi Erkin Yilmaz.

Turkiy tilli mamlakatlar kinematografiyasida katta voqelikka aylangan ushbu kun haqida «Qozoqfilm« direktori Azamat Satibaldi shunday fikr bildirdi:

– O‘zbek kinosidagi misli ko‘rilmagan yangiliklar, rivojlanish, islohotlar bizni juda xursand qilmoqda. Aynan Markaziy Osiyo kinematografiyasida o‘zbek filmlariga bo‘lgan qiziqish ortmoqda. Albatta, milliy kinematografiyangizdagi bunday ijobiy islohotlarda Davlatingiz rahbarining e’tiborini alohida ta’kidlash mumkin. Har bir sohaga qaratilgan e’tibor kelajakda o‘z samarasini ko‘rsatadi. Kino sohasi ham bundan mustasno emas. Yurtingizda kinoni halqaro maydonga olib chiqishga bo‘lgan kuchli qiziqish bizni hayron qoldirdi va havas qilishimizga sabab bo‘ldi. Va o‘z navbatida bu kabi tashabbuslarning ishtirokchisi ekanligimizdan faxrlanamiz, – deya ta’kidladi «Qozoqfilm» prezidenti.

Turkiy tilli davlatlar kinochilari uyushmasi tashkilotining shtab-kvartirasi Toshkent shahri etib belgilandi. Ushbu nufuzli tashkilotga ittifoqdoshlarning yakdil qarori bilan Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov rais etib saylandi.

Bundan tashqari yig‘ilishda Kinematografiya agentligining Xitoy va Rossiyalik hamkorlari ham ishtirok etishdi. Jumladan, Xitoyning «Jinsanqi» madaniy kompaniyasi rahbari Syao Szinsyansi nutq so‘zladi va unda Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan «Bir makon — bir yo‘l» Samarqand xalqaro kinofestivali haqida ma’lumot berdi.

Takidlash lozimki, «Qozoqfilm« direktori Azamat Satibaldi va Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘rtasida «Al-Forobiy» badiiy ko-produksiya filmi, Sankt-Peterburgdagi «Lendok» hujjatli filmlar kinostudiyasi direktori Aleksey Telnov va Firdavs Abduxoliqov o‘rtasida «Masjid» va «Sehrli ko‘za» ko-produksiya loyihalari bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi. Endilikda ushbu qo‘shma loyihalar bo‘yicha kinoijodkorlar hamkorlikda yangi filmlar yaratishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring