Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zarrabin: Bolalar uchun qanday yangi yil tomoshalari namoyish qilinmoqda?

Zarrabin: Bolalar uchun qanday yangi yil tomoshalari namoyish qilinmoqda?

Foto: «Xabar.uz»

Yangi yil negadir yilning eng mo‘’jizali bayrami bo‘lib tuyuladi. Kishi bolaligini, undagi ertaklarni sog‘inadi. Insonlar yaxshi niyatda bir-birlariga sovg‘a-salom ulashishadi. Dunyoning barcha joylarida ertak qahramonlari ishtirokida yangi yil tomoshalari tashkil qilinadi.

Stanislavskiydan «Bolalar uchun qo‘yiladigan tomoshalar qanday bo‘lishi kerak?» deb so‘rashganida, «Kattalar tomoshasidan ham yaxshiroq. Chunki bolalarni aldab bo‘lmaydi»,— degan ekan. 

Mo‘jizaga ishongan bola ulg‘aygach, o‘zi ham, albatta, xayolot mevasini hayotga tatbiq etishga, ertak qahramonlari singari yaxshilikning amalga oshishi uchun kurashishga, jasoratli bo‘lishga, yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishga intiladi. Xo‘sh, poytaxtimiz tomoshagohlarida bolajonlarimiz uchun qanday tomoshalar ko‘rsatilmoqda. Kattalarning nigohini bolalarcha nigoh bilan almashtirib, zarrabin orqali ertak tomoshalarini kuzatdik.

Nigora Umarova

Turkiston saroyida 2018-yilning 3, 4, 5, 6-yanvar kunlari soat 11:00, 15:30da «Tomosha» bolalar teatr studiyasi «Mo‘jizalar bor ekan» ertagini namoyish qiladi. «Divan-tur»da sayyohatga chiqqan bolalar — Asal, Shirin va Temur Otash maskani, Taomlar saltanati, Toshlar saltanati, Soatlar saltanatiga sayyohat qilishadi. Yo‘lda ularga Qarg‘a xola, Tosh odam, Patir amaki, Qaymoq xola, Super-odam, Lego, Kinder-syurpriz, Smaylikxon-u, Dyurassel, Internetbek-u, Fleshkavoylar uchraydi. Bolajonlar soxta Qorboboga ishonib toshga aylanishganida haqiqiy Qorbobo ularni yovuz sehrgar — Tosh odam sehridan qutqaradi. Foto: «Xabar.uz»

Alisher Navoiy nomidagi opera va balet katta teatrida Ernst Teodor Vilgelm Gofmanning «Qarsildoq va sichqonlar podshosi» asari asosida Pyotr Chaykovskiy musiqasi bilan sahnalashtirilgan «Qarsildoqning qaytishi» baleti bolajonlarga Yangi yil sovg‘asi sifatida taqdim qilinmoqda. Spektakldagi voqealar kattalar nigohida faylasufona va serqirradek tuyulsa, bolalar nigohida u yorqin va o‘ta sehrlidir. Bolajonlar uchun mo‘ljallangan «Qarsildoqning qaytishi» spektakli 2018-yilning 2-yanvaridan 14-yanvargacha bo‘lib, tomosha soat 10:00, 12:00, 14:00, 16:00da boshlanadi. Foto: «Xabar.uz»

Rus Akademik drama teatrining bolajonlarga taqdim etayotgan sovg‘asi «G‘aroyib ertak yoki Sindbodning sarguzashtlari» deb nomlanib, bolalar myuzikli sifatida sharq ertaklari asosida yaratilgan bu tomoshada safarga chiqqan jasur dengizchi Sindbod yo‘lda qaroqchilarga duch keladi, ular bilan kurashadi, Maykl Jekson zombisi iskanjasidan odamlarni qutqaradi. Yangi yil myuzikli 2-yanvardan 10-yanvargacha har kuni, soat 11:00, 13:00, 15:00larda bo‘lib o‘tadi. Foto: «Xabar.uz»

O‘zbek Yosh tomoshabinlar teatrining bolajonlar uchun namoyish qilayotgan Yangi yil tomoshasi ham sharq ertaklari asosida tayyorlanib, «Alouddinning sehrli chirog‘i» deb nomlanadi. Alouddin va mag‘riblik yovuz sehrgar o‘rtasidagi yaxshilik hamda yomonlik o‘rtasida gikurash 3D-formatdagi yorqin chiroqlar, rang-barang raqslar bilan bolajonlar e’tiboriga havola qilingan. Tomosha 2018-yilning 2- yanvaridan 14-yanvarigacha bo‘lib o‘tadi. Boshlanish vaqti: 10:00, 12:00, 14:00, 16:00. Foto: «Xabar.uz»

2018-yilning 8, 9 va 10-yanvar kunlari poytaxtning «Istiqlol» san’at saroyida katta yangi yil tomoshasi — Andersenning eng mashhur ertagi asosida sahnalashtirilgan «Qor malikasi» oilaviy myuzikli namoyish etiladi. Tomoshalar soat 11.00, 13.30, 16.00larda bo‘lib o‘tadi. Ertak syujeti o‘zgarmas. U muhabbat, do‘stlik va ezgulik kuchi haqida hikoya qiladi. Myuziklda mumtoz musiqa ohanglari zamonaviy musiqa ohanglari bilan uyg‘unlashgan. Yorqin liboslar, chiroyli manzaralar, jozibali musiqa — bularning barchasi nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalarini ham ertakona dunyo, sehrli muhit og‘ushiga oladi. Axir Hans Kristian Andersenning mumtoz asari faqat saboq berib qolmay, tarbiyalaydi ham. Unda eng yaxshi insoniy fazilatlar: sadoqat, vafo, do‘stlik, ezgulik xislatlari namoyon. Foto: «Xabar.uz»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring