Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoro va Surxondaryoda 53 mingdan ortiq daraxt yoz chillasida ko‘chirilishi aytilgandi...  

Buxoro va Surxondaryoda 53 mingdan ortiq daraxt yoz chillasida ko‘chirilishi aytilgandi...  

Ijtimoiy tarmoqlarda «tabiat» vaziri Abduhakimovga 53 174 tup daraxtni o‘ldirishga xulosa berish topshirilgan» mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur xabar matniga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev imzolagan 2023-yil 21-iyuldagi 58-sonli hukumat bayonnomasi bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimovga Buxoro viloyatida 31 371 tup, Surxondaryo viloyatida esa 21 803 tup daraxtlarni ko‘chirishga xulosa berish topshirilgan. Ijro uchun berilgan muddat esa yoz chillasining o‘rtasi, aniqrog‘i 28 iyulga belgilangan.

Mazkur vaziyatga e’tibor qaratgan iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov «iyul oyida daraxt ko‘chirish bu daraxt qotilligi bilan baravar» deydi. 

O‘z navbatida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning maslahatchisi Rasul Kusherbayev vazirlikka mazkur ikki hududda daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish haqidagi murojaatlar kiritilganini tasdiqladi.

«A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining 150-228 km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida avtomobil yo‘lining kengayishi hisobiga 31 371 tup daraxtlarni ko‘chirishga hamda Surxondaryo viloyatining 4R105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yo‘lining 5-70 km va 4R100 «Mang‘uzor-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov» avtomobil yo‘lining 128-174 km qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 22 615 tup daraxtlarni ko‘chirish yoki kompensatsiya to‘lovlarisiz kesishga ruxsat berish masalasida murojaatlar kiritilgan», – deb yozadi vazir maslahatchisi.

Kusherbayevning bildirishicha, ekologiya vazirligi tomonidan daraxtlarni kesishga qarshi joriy etilgan moratoriy talablaridan kelib chiqib, har ikkala holatda ham rad javobi berilgan.

«Va bundan buyon ham ruxsat berishga doir har qanday murojaat va topshiriqlarga rad javobi beriladi.

Mazkur masala kuni kecha vazir A.Abduxakimov ishtirokida takroran muhokama qilinib, moratoriy talablariga qat’iy rioya qilgan holda daraxtlarni saqlab qolish bo‘yicha vazirlikning pozitsiyasi ishlab chiqildi va tez kunlarda ikkala hududda ham bu masalada jamoatchilik ishtirokida eshituv tashkil etilishi belgilandi», – deydi vazir maslahatchisi.

Ammo «vazirlik daraxtlar yo‘qotilishiga doir mazkur loyihalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasida qat’iy» ekanini ta’kidlagan Kusherbayev «ikkala hududda ham bu masalada jamoatchilik ishtirokida eshituv tashkil etilishi»dan murod aholining yo‘llar kengayishiga roziligini olishmi yoki daraxtlar kesilmasligigami, bunga oydinlik kiritmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring