Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda erini pichoqlab qo‘ygan ayolga sud hukmi o‘qildi

Buxoroda erini pichoqlab qo‘ygan ayolga sud hukmi o‘qildi

Buxoro viloyati Peshko‘ tumanida yashovchi ayol turmush o‘rtog‘ini pichoqlab, unga tan jarohati yetkazdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudi sudyasi Farruh Ikromovning Xabar.uz’ga bildirishicha, unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Peshko‘ tumanining Qo‘rg‘ontepa qishlog‘ida tug‘ilgan F.Z. 2018-yilda shu tumanning Afshona qishlog‘ida yashovchi N.J. bilan turmush qurgan. Bir nafar farzandlari dunyoga kelgach, ular o‘rtasida turli kelishmovchilik paydo bo‘la boshlagan. N.J.ning surunkali spirtli ichimliklar iste’mol qilishi ayolni holdan toydirgan va bu oilada tortishuvlarni avj oldirgan. Turmush tashvishlaridan bezgan F.Z. bir nafar voyaga yetmagan farzandini olib shu qishloqdagi xonadonlardan birida ijarada turib yashay boshlagan.

Shunday kunlarning birida Fazilat turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, farzandini yolg‘iz o‘zi boqishda qiynalayotganini aytib, undan ovqat keltirib berishini so‘ragan. Bu paytda to‘yxonada mast holda o‘tirgan er xotini va bolasiga to‘yxonaning ovqatidan olib borgan.

Ayol bu gal ham erini mast holda ko‘rib, jahllangan va uni yuvindi ovqat keltirganlikda ayblagan. O‘zaro tortishuv boshlangan. Mast er xotinini urib, so‘kkan. Shunda ayol bolasini ko‘tarib, bu ijara uydan ham chiqib ketishi, narigi qishloqda yashovchi opasi va pochchasi bilan yashashini bildirib, qochib chiqishga uringan. Biroq, er uni yana urib, fohishalikda ayblagan va qo‘lidan tortib ichkariga sudragan.

Erining zulmidan qochib ulgurgan F.Z. eri N.J.ning o‘ziga qarab tashlanib kelayotganida chaqqonlik bilan qo‘liga oshxona pichog‘ini olgan va  jonholatda pichoqni erining qorniga urgan. N.J. esa shunday holatda ham bir qo‘li bilan Fazilatning bo‘ynidan bo‘g‘gan va ikkinchi qo‘li bilan o‘zining qornida sanchilib qolgan pichoqni sug‘urib olgan.

«O‘shanda men o‘zimni himoya qilmasam, erim o‘zimni pichoqlab tashlardi. Ayni shu holatda voyaga yetmagan farzandimning chinqirab yig‘lagani ko‘z oldimdan ketmaydi», – deydi ayol sudda.

N.J. o‘z qornidan pichoqni chiqarib olgan va pichoq o‘rnidan qon keta boshlagan.

U yarim yo‘lda hushini yo‘qotgan. Qishloqdoshlari uni Peshko‘ tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borishgan.

Ayolning xatti-harakatlari uchun unga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «l» bandi, ya’ni badanga qasddan og‘ir shikast yetkazish ayblovi qo‘llanilgan.  

Sud hujjatlariga ko‘ra, ayolning oilaviy sharoiti va qaramog‘ida uch yoshli voyaga yetmagan farzandi borligi inobatga olinib, unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring