Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Britaniya tomoni o‘zbekistonlik 1,7 ming mehnat muhojirini rad etgan: sabablari aytildi

Britaniya tomoni o‘zbekistonlik 1,7 ming mehnat muhojirini rad etgan: sabablari aytildi

Bandlik vazirligi Buyuk Britaniyaning «Telpasc» (Ethero) tashkiloti hamda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritdi.

Gap shundaki, joriy yilning 1-mart sanasida Buyuk Britaniya ish beruvchisi O‘zbekistondan vaqtincha ishga yuborish bo‘yicha 2,5 mingdan ortiq fuqaro orasidan 1 822 nafarini tanlab olgan va shundan 1 687 nafari ularga ko‘rsatiladigan turli xizmatlar uchun shartnomaga asosan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisobraqamiga 1,7 mln so‘mdan to‘lovni amalga oshirishga ham ulgurgan.

Shunga ko‘ra, ularning 229 nafariga viza rasmiylashtirilgan hamda 46 nafari mart-aprel oylarida Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketgan. 183 nafari esa may-iyun oylarida borishi kerak edi.

Biroq, aprel oyiga kelib, suhbat jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarning elektron pochtalariga ularni ishga qabul qilish rad etilgani to‘g‘risida xabarlar kelgan. Bu esa «Telpasc» orqali ishga ketish uchun ro‘yxatdan o‘tganlarning haqli e’tirozlarini keltirib chiqardi.

O‘z navbatida Bandlik vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan holat nazoratga olinib, ish beruvchi kompaniyadan izoh so‘raldi.

So‘rovga javoban Britaniya tomoni mamlakat fermer xo‘jaliklarida kuzatilgan kuchli jala oqibatida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suv bosgani, natijada O‘zbekistondan tanlab olingan fuqarolarning asosiy qismini joriy yilgi mavsumda ishga joylashtirish imkoniyati pasaygani haqida ma’lum qilgan.

Vazirlik, ro‘yxatdan o‘tgan va to‘lovlarni amalga oshirgan fuqarolarga mazkur masalada ayrim yechimlarni taklif qilib, jumladan, ishchi viza yoki kompaniya tomonidan mehnat shartnomasining loyihasi yuborilmagan bo‘lsa, Agentlikning hududiy filiallari xodimlari bilan bog‘lanib,  to‘langan pulni hech qanday to‘siqsiz plastik kartaga o‘tkazib olish imkoniyati borligini eslatmoqda.

Shuningdek, fuqaro shartnomada ko‘rsatilgan pul mablag‘larini qaytarib olmasdan kutishi va imkoniyat bo‘lishi bilan undan foydalanishi ham mumkin.

«Vazirlik mas’ullari faqatgina «Telpasc» rekruting kompaniyasi bilan cheklanib qolmasdan, zudlik bilan ishchi guruh shakllantirib mutaxassislarni Britaniyaga xizmat safariga yuboradi. U yerda boshqa ish beruvchilar bilan ham muzokaralar o‘tkazib, imkoniyat bo‘lishi bilan birinchi galda ro‘yxatdan o‘tgan, to‘lovlarni amalga oshirgan yurtdoshlarimizni Angliyaga vaqtincha ishlash uchun jo‘natish choralarini ko‘radi. Tabiiyki, bu jarayon biroz vaqt oladi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring