Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulga bordi

Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulga bordi

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulga bordi. Mehmonlarni Tolibon hukumatining Savdo ishlari vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy kutib olgan.

«Sputnik Afg‘oniston» nashriga ko‘ra, Xo‘jayevga 45 nafar vakil hamrohlik qilmoqda. Delegatsiya tarkibi O‘zbekiston Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov, transport vaziri Ilhom Mahkamov, konchilik va geologiya vaziri Bobir Islomov, tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov, Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, shuningdek yana turli tuzilmalar rahbarlari va tadbirkorlardan iborat.

Tolibon hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Baradar Oxundning ma’lum qilishicha, bu tashrifda ikki tomon o‘rtasida savdo, tranzit va iqtisodiy aloqalardan tashqari, temir yo‘l, transport, Afg‘onistondagi konlarni texnik qazib olish, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Mulla Abdul G‘ani Baradar Oxund o‘z nutqida Afg‘oniston va O‘zbekiston tarix davomida ikki yaxshi qo‘shni davlat bo‘lishgani va ular doimo xavfsizlikda bo‘lganini ta’kidlagan.

U, shuningdek, Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo va tranzit maqsadida O‘zbekiston yo‘llaridan ko‘proq foydalanayotganini aytib, O‘zbekiston tomonidan Afg‘oniston yuklari uchun tranzit to‘lovini arzonlatishni so‘ragan.

«Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida muvozanatli savdo balansiga ega bo‘lishi uchun Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksporti sezilarli darajada oshishi kutiladi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Afg‘oniston uchun maxsus imtiyozli tariflarni ko‘rib chiqishi kerak», – deydi Mulla Baradar.

Jamshid Xo‘jayev o‘z navbatida, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan qishloq xo‘jaligi, transport, temir yo‘l, savdo, tranzit, suv xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati sohalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv so‘ngida Mulla Abdul G‘ani Baradar Oxund O‘zbekistonga Hirotdagi zilzila qurbonlariga ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirdi va ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring