Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Mening dadam bor!”

“Mening dadam bor!”

Ota(li)siz o‘sgan bolalar o‘ziga bo‘lgan ishonch, munosabatlar o‘rnatish, jamoatchilik orasida o‘zini namoyon qilish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelishadi.

Siz farzandingizni yaqinlaringiz qaramog‘ida qoldirib uzoq muddatli safarga ketganmisiz?

Farzandli bo‘lish inson hayotini ma’lum muddatga muzlatib qo‘ymaydi. Biz hali ham ishlashimiz, rivojlanishimiz, pul topishimiz, yashash sharoitlarimizni yaxshilash uchun intilishimiz kerak. Shuningdek, endi bu mas’uliyatlar qatorida bizning gardanimizda farzandimizning moddiy, ma’naviy va ruhiy ehtiyojlarini ta’minlash, qondirish ham bor.

Har bir ota-ona umri davomida bir marotaba bo‘lsa ham farzandini kimningdir qaramog‘ida qoldirib, u yoki bu hududga jo‘nab ketish vaziyatiga duch keladi. Bu odatda moddiy qiyinchiliklar natijasida yuzaga keluvchi mehnat migratsiyasi ham, intellektual maqsadlar, xizmat safarlarini qamrab oluvchi aqlli migratsiya ham bo‘lishi mumkin.

Bu ikki turdagi “tashlab ketish”ning farqini tushunish muhim. Garchi bu yondashuv subektiv bo‘lsada. “Aqlli migrant” odatda farzandini barcha zaruriy sharoitlar bilan ta’minlangan joyda qarovchilar uni yaxshi parvarish qilishiga ishonch hosil qilgan holatda tashlab ketadi. Odatda “qora mehnat” bilan shug‘ullanuvchi mehnat migranti esa farzandini u qadar mukammal bo‘lmagan sharoitda (shu sharoitni yaxshilash maqsadida) qoldiradi va uning nafaqat ruhiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlaridan ham bexabar bo‘ladi. Feysbuk tarmog‘idagi “Ayol” guruhida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mazkur sub’yektiv fikrni ma’lum ma’noda isbot etadi.

“O‘zbekistonda ota-onalardan biri yoki ikkalasi ham chet elga migratsiya qilganda ko‘pincha bolalar boshqa oila a’zolarining vasiyligida qoladi. Bunday bolalar rivojlanish, psixosotsial va hissiy muammolarga duch kelishi mumkin, chunki ota-onalarning yo‘qligi bolaga g‘amxo‘rlik qilishda muammolarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, ota-onalarning migratsiyasi bolaning ta’limi, sog‘lig‘i va ijtimoiy mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ota-onalarning yo‘qligi uy ishlari va boshqa mas’uliyatlarni orttirishi tufayli bunday bolalarda erta balog‘atga yetish holatlari kuzatilishi mumkin, bu to‘yib ovqatlanish, o‘quv natijalariga ta’sir qilishi va depressiyaga olib kelishi mumkin”.

YuNICYeFning “Migratsiyaning O‘zbekistondagi bolalarga ta’siri” 
qisqa hisobotidan

Boshqa bir qancha xalqaro tashkilotlar, tadqiqot institutlari ham mehnat migratsiyasi va ota-ona (yoki ulardan biri) va farzand separatsiyasining psixologik ta’sirlarinig naqadar ahamiyatli ekanligini ta’kidlaydi.

“Chet elga ishlash uchun ketuvchilarning katta qismini erkaklar tashkil qiladi. Ular oilaning moddiy ta’minoti, ertangi kun uchun xavotirsiz yashashini muhim deb hisoblashsa-da, farzandlarning otasiz ulg‘ayishi — bir qancha ruhiy muammolarga olib kelishini bilish lozim. Er va xotin o‘rtasida munosabatlar sog‘lom va sevgiga asoslangan bo‘lishiga qaramay, faqatgina onasi bilan ulg‘ayotgan bolalar — psixikasi uchun zarur narsalarni ololmaydi.

Ota-onaning bitta uyda qanday qilib ahil-inoq yashayotgani, muammolarni va kelishmovchilarini qanday hal qilayotgani, inqirozlardan qanday chiqayotganini ko‘rish — bolalar uchun juda muhim. Shu tariqa ular kelajakdagi jufti yoki turmush o‘rtog‘i bilan, umuman odamlar bilan munosabatda qanday bo‘lishni o‘rganishadi. Ota va onasini kamdan-kam birga ko‘radigan farzandlar esa shunday muhim tajribani o‘zlashtirolmasligi va shaxslararo munosabatlarda ko‘p muammolardan qiynalishi mumkin. Ayniqsa, qiz farzandlar erkaklar bilan qanday munosabatda bo‘lishni o‘rganolmasligi mumkin.

Otasi oilani boqish uchun chet elga ketgan bo‘lsa, bolalar aybdorlik hissi bilan ulg‘ayishi mumkin — “bizni deb otamiz mehnatdan qiynalyapti, onamiz ham yolg‘iz” deya. Aybdorlik hissi esa bolaning xotirjam o‘sishiga imkon bermaydi. Ota-onasini ortiqcha qiynamaslik uchun shaxsiy muammolarini aytmaslik, istaklaridan voz kechishdan tortib “men tug‘ilmasam, yaxshiroq bo‘lar edi” degan o‘y qiynaydigan depressiya kuzatilishi mumkin.

Ota chet elda ekan, onasining turli sabablarga ko‘ra e’tiborsizligi yoki zo‘ravon munosabatiga duch keladigan bolalar ham bor. Ulardagi himoyasizlik, yolg‘izlik hissi katta psixik travmaga olib keladi. Bolalarning ruhan sog‘lom bo‘lishi uchun moddiy farovonlikdan ko‘ra, oilaviy munosabatlardagi sog‘lom muhit muhimroqdir.

Shuning uchun oila qurayotganda yoki farzandli bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rayotganda juftlik “Biz farzandlarimizni birga o‘stirishga tayyormizmi? Moddiy ta’minotimiz farzand dunyoga keltirish va uni ulg‘aytirish uchun qanchalik yetarli? Chet elga ketib ishlashga va farzandimni juftim yoki boshqa odamlarga qoldirishga majbur bo‘lmaymanmi?” deya o‘zlariga savol berishi juda muhim.

Sarvinoz Omonova (psixolog)

   *    *    *   

“Turmush o‘rtog‘im har besh yilda bir marta kelar edi. Har kelganida homilador bo‘lganman…”

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan so‘rovlarimiz natijasida mavzumizga mos qahramon tanlab oldik. O. opaning uch farzandi bor. U bizga o‘z taqdiri haqida so‘zlab berishga rozilik berdi.

“Farzandlarimning otasiga sovchilar orqali turmushga chiqdim. Ba’zi tomonlardan o‘zaro aloqalarimiz bo‘lganligi bois yaxshi odamlar degan xayolda uzatishgan. Turmush o‘rtog‘im sharoitlari tufayli maktabni bitiriboq Rossiyada ishlab oilasiga moddiy yordam bergan. Shu sababdan ham mas’uliyatli, yosh bo‘lsada oilasiga yordam berishga tirishadigan, yaqinlarini qadrlaydigan yigit deya meni turmushga chiqishga rozi qilishgan. O‘sha paytlar endi universitetni tamomlagan kezlarim edi. Turmush o‘rtog‘im esa maktabni endi bitiriboq mehnat bilan mashg‘ul bo‘lgan, balki uning shu shu jihatlarini, mehnatkash, yaqinlariga mehribon ekanligini qadrlaganman…

To‘ydan oldin ikki marta uchrashganmiz

Sovchilar kelishgach, turmush o‘rtog‘im bilan bir marta ko‘rishdik, shu bilan yana ishlagani Rossiyaga ketdilar. Bu orada hatto telefonda ham gaplashib turmadik, oradan o‘n oy o‘tib qaytdilar. Yana bir marta ko‘rishdik va shu bilan to‘yimiz bo‘ldi. Bir-birini deyarli ko‘rmagan, tanimagan odamlar birga yashab boshladik. Yangi ro‘zg‘or, yangi oila a’zolar, qiyinchiliklar, hali hech narsaga moslashib ulgurmasimdan turmush o‘rtog‘im oradan ikki oy o‘tib yana Rossiyaga otlandilar. Men hali o‘zim moslashib ulgurmagan ro‘zg‘orda qolaverdim. Ular ketgandan bir oycha o‘tib ilk farzandimga homiladorligimni bildim.

O‘sha paytlar qo‘l telefonlari sanoqli odamdagina bo‘lar, mahalla markazida telefon bo‘lib, qishloqdagilar Rossiyaga ketgan oila a’zolari bilan shu telefon orqali gaplashishardi. Men yosh bo‘lganim uchunmi, meni ham olib borib gaplashtiringlar, deyolmaganman. Erim ham, balki uyalgandir. Shunday qilib, 9 oy homiladorligimda erim yonimda bo‘lmadi, yosh kelin-kuyov hatto biror marta telefonda ham gaplashmadik. Uyda turli muammolar bo‘lar, mening ham toksikozim og‘ir o‘tar, bu uyda men bilan hech kimning ishi yo‘q edi. Ota uyimga ketib qolgim kelardi. Juda ko‘p siqilardim.

Qizim ko‘zida nuqson bilan tug‘ildi

Homiladorlikni patalogiyalar bilan o‘tkazdim, tug‘ishim arafasida erim keldi, shifokorga bordik, qonim “50” chiqqandi. Davolandim, bularning hammasini erimning oila a’zolari istehzo bilan kuzatishar, ularning fikricha, men go‘yoki bahona qilayotgandim. Uyda asosiy boquvchi erim hisoblanib, u topadigan pulga qarab qolgan juda ko‘p oilaviy masalalarimiz bor edi. Tabiiyki, yangi mehmon kelgach xarajatlar ko‘lami ortdi. Qizim juda ham bezovta, kechasi-yu kunduzi yig‘lab chiqar, odamning ko‘ziga qaramas edi. Uydagilarni esa shifokorga borishga ko‘ndira olmasdim, chaqaloq shunday bo‘ladi deyishar, men esa havotirda ich-ichimdan zil ketardim. Chillasi chiqqach erimni qizimizni shifokorga olib borishga ko‘ndirdim. Farzandimiz tug‘ma ko‘z bosimi balandligi bilan tug‘ilganligini, tezroq operatsiya qildirmasak butunlay ko‘r bo‘lib qolishi mumkinligini aytishdi. Men endi tamom bo‘lgan edim. Operatsiyani Toshkentda qildirishni maslahat berishar, erim uyda bo‘lganligi sabab qo‘limizda pul yo‘q edi. Bolam uch oylik bo‘lganda bir amallab pul to‘plab operatsiya qildirdik. Endi qizimga alohida parvarish, vaqti-vaqti bilan qayta tekshiruvlar zarur edi. Ammo buni na erim, na uning oilasidagilar tushunishni istashmasdi. Ularning nazdida go‘yoki operatsiyadan keyin hammasi zo‘r bo‘lib ketishi kerak edi.

Operatsiyadan so‘ng erim yana Rossiyaga jo‘nab ketdi. Ketishidan oldin iltimos pul to‘plab Toshkentdan bir xonali bo‘lsa ham uy olib qizimizni qaratylik, o‘zingiz ham ko‘rdingizku qanchalik azob chekayotganini deb yalindim. Turmush o‘rtog‘im ketgach yana shu oilada bemor qizim va begonadan farqsiz odamlar bilan qolib ketdim. Ular erimning pulini sovurayotganimni aytib tez-tez meni ruhan qiynashardi. Men esa qizimning shunday tug‘ilgani uchun o‘zimni ayblab, homiladorlikda o‘zimni ehtiyot qilmaganligim uchun ich etimni yerdim. Qizimning imkoniyati cheklanganlik nafaqasini qaynona-qaynotam ishlatishar, na bu pulni, na erim ishlab topgan pulni qo‘limga ham ushlamagan edim.

Bu orada qizimni qayta tekshiruvlarga Toshkentga olib borish uchun chekkan zahmatlarim faqat o‘zimga ayon. Qizim ikki yoshlarga kirganda dadasi qaytib keldi. Lekin u ishlab yuborgan pullarni uydagilar allaqachon ishlatib yuborishgandi. Erim yana hech vaqosiz qolgan edi. Orada ukasi katta qarz bo‘lib qolib, erim uni to‘lashga yordamlashish uchun Gretsiyaga ketmoqchi bo‘ldi. Men qattiq qarshilik qildim, shu yerda qoling, Toshkentga ketamiz, ijarada turib bo‘lsa ham birga ishlaymiz, hammasiga birga erishamiz deb qattiq iltimos qildim. Chunki men yana homilador bo‘lib qolgan edim…

Yana ketdi

Erim yana meni aldab, ko‘ndirib, bir yildan keyin qaytib kelaman, Toshkentdan uy olib, birga yashaymiz degancha yana ketdi. Qo‘limda bir bola, qornimda bir bola, tinimsiz siqilish meni holdan toydirgandi. Homilam 8 oylikdan 9 oylikka o‘tishiga biroz vaqt qolganda mazam bo‘lmay qoldi. Qaynonam eskicha qildirish kerakdir, dedilar-u, shu bilan indamadilar. Mayli, dushanba kuni do‘xtirga boraman deb qaror qilgandim. Lekin bekor qilgan ekanman. Ahvolim to‘satdan og‘irlashib, zudlik bilan shifoxonaga olib kelib farzandimni tug‘dirib olishdi. Chiroyligina, sog‘lom, ko‘zlariyam soppa-sog‘ o‘g‘il bola tug‘ildi, biroq sakkiz oylik tug‘ilgani uchunmi, 3 kun yashadi…

Endi ado bo‘lgandim, hammasida o‘zimni ayblardim. Ota-onamga ajrashish haqida aytganimda, sabr qil deyishardi.

Sabr…

Bu orada qancha mojarolar bo‘ldi, lekin endi menga hech narsa qiziqmas edi. Bor xayolim turmush o‘rtog‘imga qizimizning taqdiriga befarq bo‘lmaslikni qanday uqtirishni o‘ylash bilan band edi. Kunlardan bir-kun qaror qildim: erimga xohlasangiz, kelib yashang, bo‘lmasa, ajrashamiz deb qizimni olib Toshkentga ketdim. Uning taqdiriga befarq bo‘lolmasdim.

Toshkentda ukalarim, akamning qizi (ular ishlayotgan va talaba edilar), biz - hammamiz birgalikda yashay boshladik. Qizimni maxsus bog‘chaga berdim. Uning o‘ksinib katta bo‘lishini xohlamas, barcha sharoitni qilib berishga tirishardim. O‘zim ishlay boshladim. Qizim 4 yoshga kirganda otasi qaytib keldi. Butunlayga qaytdi deb o‘ylagandim, adashgan ekanman. Qaytish uchun biletni ham sotib olib, bir oylik ta’tilga kelgan ekan.

Toshkentda yashamaysan deb qizim va meni yana qishloqqa olib ketdi. Erim kelganida yana homilador bo‘lib qolganimni bildim. Xo‘rligim keldi. Bir yilda qaytaman deb yo‘qolib ketdingiz, Toshkentdan uy ham olmadik, o‘zim ketgandim, qaytarib keldingiz, endi ketmaysiz deb qattiq yig‘ladim. Lekin erim baribir yana ketdi. Hozir shu kunlarni o‘ylasam, bekor qilganman, asabiylashib faqat o‘zim va farzandlarimga jabr qilgan ekanman deyman…

Oradan 8 oy o‘tib o‘g‘lim tug‘ildi. Qizimning kasali unda ham bo‘lishi mumkinligidan qo‘rqib, shifokorga olib bordim. O‘glimda ham xuddi shu kasallikning yengilroq formasi aniqlandi. Operatsiya qildirdik. Erimga endi Toshkentda qolaman, bolalarimni ortiq qiynamayman, bizga ham pul yuborib turing deb qat’iy aytdim. Biz qoldik, erim har 3-4 oyda pul jo‘natib turadigan bo‘ldi.

Qizim 7 yoshdan o‘tib maktabga chiqqan, o‘g‘lim 2 yoshdan o‘tgan paytda dadasi uch yil deganda qaytib kelib, o‘g‘li bilan tanishdi.

O‘g‘lim “anavi odam kim, nega keldi. Yo‘qolsin, ketsin” deb, dadasini tanimay, begona qilib uzoq vaqt undan qochib yurdi.

Turmush o‘rtog‘im yana qaytish bileti bilan kelgandi. Bu safar avvalgidan ham kuchliroq to‘polon qildim. Ketmaysiz yoki javobimni bering, bu nima ahvol, na o‘zingizni, na pulingizni ko‘rsam, yashamayman ortiq bunday dedim. Qaynonam meni “ERSIRAB QOLGAN XOTIN”ga chiqardi, Tushunyapsizmi? Shu bilan erim yana qaytib ketdi. Biz Toshkentda qoldik.

Qizim maktabga, o‘g‘lim bog‘chaga borar, hayotimiz bir maromga tushib qolgan edi. Endi erim haqida uncha o‘ylamasdim. Dam olish kunlari qishloqqa borib ota-onamnikida turib kelardik, shunda odamlarning gaplari meni biroz xafa qilardi. Menga begona erkaklar yomon ko‘z qarash qilishni boshlagandi. Erimga bu haqida aytgandim, keyinchalik shuni ham yuzimga solib o‘zimni aybdor qilgan paytlari bo‘lgan. Uning o‘rnida bo‘lganimda xotinimga shunday munosabat qilishga jur’at qilgan odamga nisbatan nima qilishni o‘zim bilardim. Eh…

Uchinchi farzandim…

Qizim 9 yoshdan, o‘g‘lim 4 yoshdan o‘tganda otasi yana qaytish biletini oldindan sotib olib bir oyga qaytib keldi.

Endi erimni u qadar qoling den qistamasdim, chunki bolalarim katta bo‘lib qolgan, ularni yaxshi yedirib ichirish, o‘qitish, davolatish bilan band edi fikr-u xayolim. Turmush o‘rtog‘imga endi asosan uy olish masalasini tez-tez eslatardim.

Erim Gretsiyaga qaytib ketganda uchinchi farzandimizga homilador ekanligimni bildim…

Ikki farzandimni davolatish va boshqa masalalar bilan bog‘liq xarajatlar, ijarada yashayotganimiz… Xullas, uchinchi farzandimni dunyoga keltirmoqchi emasdim. Lekin yaqinlarim, ota-onamning maslahatlari bilan bu fikrimdan qaytdim.

Hamma narsa niyatga bog‘liq ekan, qizimning ko‘zini tekshirtirgani SamPIga borganimda “quyon lab”li bolachaning onasi bilan tanishib qoldim. U juda tushkun holatda edi. Men o‘z hayotimni bo‘lishdim va “shukr qilmaysizmi, kichik operatsiya bilan tuzalib ketadi va shu bilan bu muammo sizni butun umrga tark etadi. Axir boshqa joylari sog‘-ku, ko‘zlari sog‘-ku, qaniydi mening ham farzandlarimning ko‘zi emas, labi bo‘lsa…” dedim.

“Quyon labli” bo‘lib dunyoga keldi…

Qizim 10, o‘rtancha o‘glim 5 yosh bo‘lganda kichik o‘g‘lim “quyon labli” bo‘lib dunyoga keldi…

Bu muammo haqida farzandim tug‘ilishidan oldinroq bilganim sababi u dunyoga kelguncha bunday nuqson bilan dunyoga kelgan bolalarni qanday parvarishlash, qanday ovqatlantirish, umuman, hamma-hammasi haqida uzoq o‘qib, izlandim. 4 oylikda birinchi, 1,5 yoshida ikkinchi operatsiyani o‘tkazdik. Endi faqat gapirishini to‘g‘irlash qolgandi. Logoped-defektologlardan natija ko‘rmayotgan edik.

O‘g‘limning nutqini to‘g‘rilash uchun o‘zim ikkinchi mutaxassislik sifatida defektologiyada o‘qidim. Defektologiyada darslar 80% bola psixologiyasiga yo‘naltirilar ekan. Bu vaqt mobaynida o‘zim farzandlarim tarbiyasida yo‘l qo‘ygan xatolarni anglab bordim va ularni tuzatishga intildim. Nosog‘lom muhitda tug‘ilgan bolalar qandaydir nuqson bilan tug‘ilishi ehtimoli yuqori ekanligini bildim.

Bolalarim ota mehrisiz katta bo‘lishdi. Keyinroq videoqo‘ng‘iroqlar ommalasha boshlagach ham otasi deyarli umuman farzandlarimiz bilan gaplashmadi. Kelgan paytlarida ham bolalarim otasi bilan xuddi begona bilan muloqot qilgandek gaplashar, bu meni xafa qilardi. Bolalarim ota mehriga to‘yib katta bo‘lishini istagandim…

Otasi bilan munosabatlar eng ko‘p qizimga ta’sir qildi

Ko‘cha ko‘yda ota-qiz munosbatlarini ko‘rib qolsa ham, qizimga qattiq ta’sir qiladi. Juda ta’sirchan, tez yig‘lab yuboradi. O‘tgan yili gaplashib turganimizda “Onaning farzandlari uchun qilishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi ishi ularga yaxshi ota tanlashi ekan, siz bizga yaxshi ota tanlolmagansiz” dedi…

Qizim dunyoga kelganda juda kuchsiz edim, muammolar qarshisida bukilib qolgandim, yosh edim. Uning tarbiyasida ko‘p xato qildim. Ularni tuzatishga harakat qilyapman. Juda ham ko‘ngli bo‘sh, salga yig‘lab yuboradi. Lekin juda ham mehribon, aqlli, maktabda yaxshi baholarga o‘qidi, hammaga yordam bergisi keladi, o‘zidan yosh qizlarga motivatsiya berib yuradi.

O‘rtancha o‘g‘limga homiladorligimda siqilishlar, ratsion bilan bog‘liq muammolar sababli suyaklarida muammolar bor, oyoqlari qiyshaydi. O‘zi ham biroz asabiyroq, ichi tor. Lekin o‘qishi kerakligini, yaxshi o‘qishi kerakligini anglaydi, o‘qiydi. Kichkinaligida “Aya, dadam kelmasa, nega boshqa dada olib kelmaysiz” degani hech yodimdan chiqmaydi.

Kichkina o‘g‘lim tarbiyasida ancha o‘zimni tiklab olganim, kuchli ayolga aylanganim seziladi. Juda aqlli, umuman asabiy emas, yaxshi o‘qiydi, shaxmatga qatnaydi.

Agar otasi farzandlari bilan gaplashishni istasa, masofalar halaqit qilmasdi. U, shunchaki, istamadi. Yigirma yilga yaqin vaqt mobaynida nima topdi, bilmayman (uy ham olmadi, yaqinlarim, ota-onam va aka-ukalarim yordami bilan o‘zim uy oldim), ammo oilasini, farzandlarini yo‘qotdi. Begona bo‘ldi.

Lekin bolalarim otasini yomon ko‘rmaydi, otasi tomondan qarindoshlarnikiga tez-tez borib turaylik deydi, otasini yaxshi ko‘radi. Nafrat sezmaganman. Qizim kichkinaligida hamma to‘siq va taqiqlarni yengib Toshkentga kelishga kuch topganimga shukr qilaman. Farzandlar bizdan ularni dunyoga keltirishimizni iltimos qilmagan. Bizning haqqimiz yo‘q ularni baxtsiz qilishga. Men farzandlarim uchun, ularning baxti uchun nima kerak bo‘lsa, qilishga harakat qilyapman. Bolalarimga “dadang ham shunaqa bo‘lishini istamagan, taqdirda bu” deb aytaman. Bolalarim kichkinaligida ularni ota-onamga tashlab uy olish uchun harakat qilish fikri bor edi. Lekin bolalarim ham onasiz, ham otasiz o‘sishini istamadim. Xudoga shukr, ular yonimda, hammasiga birga erishdik.

Migratsiya masalalarini yoritganda ularning psixologik aspektlarini ham inobatga olish muhimki, e’tiborsiz qoldirilganda bu jarayon bevosita kelajak avlodning taqdiriga xavf soladi. 

Dilbar Elamanova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring