Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 62 foizi zo‘ravon tarbiya usullarini boshdan kechirgan – YuNISEF

O‘zbekistonda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 62 foizi zo‘ravon tarbiya usullarini boshdan kechirgan – YuNISEF

Har yili dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq bola jismoniy, hissiy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi.

Multiindikator klaster kuzatuvi (MISS) esa O‘zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 3 nafar boladan 2 nafari (62 foiz) zo‘ravonlik bilan tarbiyalash usullarini boshdan kechirgani (jismoniy jazo va/yoki psixologik tajovuz), 15-19 yoshli qizlarning 33 foizi er o‘z xotinini kaltaklashga haqli deb hisoblashini ko‘rsatgan.

Bu haqda bugun, 10-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi va YuNISEF tashkiloti vakillari ishtirok etgan davra suhbatida ma’lum qilindi.

Davra suhbati ishtirokchilari mas’ullarni bolalarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qilish, O‘zbekiston bolalari uchun xavfsizroq va yanada qulay muhitni yaratish yo‘lidagi birinchi muhim qadam sifatida «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qilish uchun milliy darajada tezkor va qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdilar.

«Zo‘ravonlik nafaqat inson huquqlarini poymol qiladi, u bolaning qolgan hayotiga ham ta’sir qiladi. Biz ushbu o‘tkir muammo bo‘yicha jimjitlikka chek qo‘yib, bu muammo hali ham mavjud bo‘lishiga sababchi jamiyatdagi munosabatni o‘zgartirmoqchimiz», – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.

Ta’kilanishicha, zo‘ravonlikni to‘xtatish bo‘yicha maxsus qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga yaqinda kiritilgan o‘zgartishlarga mos keladi, bu esa, o‘z navbatida, qizlar, o‘g‘il bolalar va ayollarni zo‘ravonlikdan huquqiy himoya qilishni kuchaytiradi. Bundan tashqari, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi maxsus qonun zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘p tarmoqli xizmatlarni rivojlantirish va amalga oshirishni ta’minlaydi.

«Ushbu qonun, agar qabul qilinsa, O‘zbekiston farzandlarining hayotini shakllantirish, ularni himoya qilish, tarbiyalash va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga ega.

Qonun loyihasining tili va maqsadi bolalarni himoya qilishning eng yuqori standartlarini aks ettirishi juda muhim, bu shunchaki qog‘ozdagi so‘zlar emas, balki O‘zbekistondagi barcha bolalar hayotini o‘zgartiruvchi kuchdir», – deydi YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring