Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga kirib kelayotgan 7 kilodan ortiq narkotik moddalar fosh qilindi (video)

O‘zbekistonga kirib kelayotgan 7 kilodan ortiq narkotik moddalar fosh qilindi (video)

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida giyohvandlik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlandi.

Xususan, Xizmatning Navoiy va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Nurobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Urgut tumanida yashovchi, 2003-yilda tug‘ilgan shaxs Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1984 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi bilan til biriktirib, Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 2 kg. 875 gr. «opiy» moddasini 40,5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Shuningdek, DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Samarqand-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina Jomboy tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi, 1993 va 1996 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxsning yonida 1 kg. 616 gr. «opiy» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Toshkent-Farg‘ona» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina Namangan viloyatining Pop tumanidagi YPX maskanida to‘xtatildi.

Ammo, to‘xtash jarayonida avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1987-yilda Bag‘dod tumanida tug‘ilgan shaxs avtomashina oynasidan bir dona paketni uloqtirib yuboradi.

Shundan so‘ng, ushbu paket xolislar ishtirokida tekshirib ko‘rilganda, unda 1 kg. 915 gr. «gashish» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkokur’yerlar tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan ajal og‘usini olib ketayotgan bo‘lgan. U giyohvandlik vositasini 8 ming AQSh dollariga sotib olgan.

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Farg‘ona tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs 770 gr. «gashish» moddasini 7 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Qirg‘iz Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu narkotik moddaning haqiqiy egasi Farg‘ona tumanida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro ekanligi aniqlanib, u ham ushlandi.

Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring