Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri 75 yoshga to‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni mukofotladi

O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri 75 yoshga to‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni mukofotladi

10 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining birinchi mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam Axmedov 75 yoshni qarshiladi. Yubiley munosabati bilan Mudofaa vazirligi markaziy apparatida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yo‘llangan tabrik maktubini O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, iste’fodagi general-polkovnik Rustam Axmedov O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, O‘zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Tadbirda O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov ham so‘zga chiqib, Rustam Ahmedovning o‘zbek xalqi va O‘zbekiston oldidagi eng buyuk xizmatlarini, jumladan, milliy armiyani yaratish va uni saqlab qolishdagi ulkan mehnatini alohida e’tirof etib, mustaqil O‘zbekistonning birinchi mudofaa vazirini tabrikladi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari faxri bo‘lgan ustozga Mudofaa vazirligining esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Tantanali marosimda MDHga a’zo mamlakatlardan vakillar, jumladan, Rossiya Federatsiyasidan iste’fodagi general-leytenant Gennadiy Borisov, Qirg‘iziston Respublikasidan iste’fodagi general-mayor Risbek Mirzamatov, polkovnik Janibek Kaparov hamda polkovnik Erkin Osmanov ishtirok etib, yubiley egasini qutlug‘ 75 yosh bilan muborakbod etdilar.

“Bugungi bayram uchun barchaga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Yoshlarning, jumladan, harbiylarning ma’naviy salohiyatini oshirish, ularga zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarni berish, biz kabi iste’fodagi harbiylarga Vatanimiz manfaatlari uchun yana xizmat qilish imkoniyatini yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimizga rahmat aytib qolaman. Bugun menga topshirilgan «Do‘stlik» ordeni biz, faxriylarga berilayotgan yuksak e’tiborning namunasidir. Men bundan juda ham hursandman”, — deya o‘z minnatdorchiligini bildirdi Rustam Axmedov.

Ana shunday bayram tadbiri Qurolli Kuchlar davlat muzeyida ham o‘tkazildi.

Rustam O‘rmanovich Axmedov 1943 yilda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tug‘ilgan. Qo‘qon shahridagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrifikatsiyalash texnikumini tamomlagan. 1962—1965 yillar davomida Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtida tahsil olgan.

Xizmat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari bo‘yicha vazir — milliy gvardiya qo‘mondoni (1991 yil), O‘zbekiston mudofaa vaziri (1992—1997 yy.), O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri (1997—1998 yy.) lavozimlarida xizmat qilgan.

2018 yilning yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan, mudofaa vazirining maslahatchisi etib tayinlangan va hozirgi kunda ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring