Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand prokuraturasi 420 mln so‘mlik «Ayfon»lar xaridiga izoh berdi

Samarqand prokuraturasi 420 mln so‘mlik «Ayfon»lar xaridiga izoh berdi

Bir muddat oldin «Revizor» kanali davlat xaridlarining maxsus axborot portlai ma’lumotlariga tayanib, Samarqand viloyati prokuraturasi xodimlari uchun qariyb yarim milliard so‘mga «iPhone» smartfonlari sotib olgani haqida yozgan edi. 

Mazkur portal ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 28-dekabr kuni Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan 420 mln so‘mga 21 dona iPhone 14 Pro Max 1TB smartfonlari va 25,3 mln so‘mga ayni shu modeldagi smartfondan yana bir dona xarid qilingan.

Samarqand viloyat prokuraturasi mazkur xarid yuzasidan rasmiy tushuntirish berib, unda iPhone smartfonlari «viloyat prokuraturasi organlarida xizmat qilayotgan rahbar xodimlariga» ekanligi hamda bu «inson, jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida» xarid qilinganini bildirgan.

«Mazkur mobil aloqa telefonlari viloyat prokuraturasi organlarida xizmat qilayotgan rahbar xodimlarga sektor faoliyatini yaxshilash, inson, jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida jismoniy va yuridik shaxslar bilan ma’lumot almashishda foydalanish maqsadida budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan harid qilinganligi ma’lum qilinadi», – deyiladi viloyat prokuraturasi tushuntirishida. 

«Revizor» kanali esa, o‘z o‘rnida, yana bir qiziq faktga to‘xtaladi. Gap shundaki, Majburiy ijro byurosi ma’lumotlarida Samarqand viloyati prokuraturasining umumiy qarzdorligi 10 mlrd 505 mln so‘mni tashkil etishi aks etgan. Deyarli barcha ijro hujjatlarini mazmuni «jinoyat natijasida yetkazilgan zarar»ni undirish bilan bog‘liq.

Biroq, Samarqand viloyati prokuraturasi o‘z izohida MIBdan qarzdorlik bo‘yicha tushuntirish bermagan.

Ma’lumot uchun, aprel oyi davomida davlat budjetining daromadlari 19,3 trln so‘mni, xarajatlari esa 25 trln so‘mni tashkil etgan. Oy davomida davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining farqi 5,7 trln so‘mdan oshgan.

2024-yilning o‘tgan 4 oylik davrida jamlangan defitsit esa 25,6 trln so‘mga yetgan.

Shuningdek, iPhone smartfonini xarid qilgan davlat tashkilotlarining boshqa ro‘yxati:

  • Dehqonobod tumani tibbiyot birlashmasi 14,4 mln so‘mga bir dona Apple iPhone 14 Pro Max 256GB;
  • Qashqadaryo viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasi 24,7 mln so‘mga ikki dona Galaxy S23 Ultra 512 GB; 
  • O‘zbekiston Kinematografiya agentligi 10 mln so‘mga bir dona Galaxy S22 Ultra 256GB, 19,8 mln so‘mga yana ikki dona Galaxy S22 Ultra 256GB va 15,8 mln so‘mga iPhone 15 Pro 256GB Natural titanium; 
  • «Ma’naviyat va ma’rifat» markazining Toshkent viloyati bo‘limi 51 mln so‘mga ikki dona iPhone 15 Pro Max 1TB; 
  • Xorazm viloyati hokimligi Yoshlar daftari jamg‘armasidan 16,9 mln so‘mga bir dona iPhone 15 Pro Max 256GB;
  • Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti (Surxondaryo) 30,6 mln so‘mga ikki dona iPhone 15 Pro Max 256GB.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring