Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tiriklayin ko‘milgan mahram

Tiriklayin ko‘milgan mahram

Jallodlardan biri salom berganicha Rahmonbergan mahramga peshvoz chiqdi. Ikkinchi jallod esa otning jilovini tortib, hayrat ila boqayotgan mahramga dedi:

– Taqsir, otdan tushsangiz, xon hazratlarining farmoniy oliysini bajarishga keldik.

Mahram saroy a’yoni emasmi, har ikkala xon jallodini yaqindan tanir, biroq bir kun kelib aynan o‘zining hayoti ular qo‘lida yakun topajagini o‘ylab ham ko‘rmagan edi...

Rahmonbergan mahram Xiva xonligidagi eng obro‘li davlat amaldori bo‘lib, bosh vazir Islomxo‘janing yordamchisi hisoblanar, XX asr boshlarida Xiva xonligida o‘tkazilgan islohotlarning bunyodkorlaridan edi.

Unga Xorazmda faqat Isfandiyorxon (1910–1918 yillarda xon bo‘lgan) va bosh vazir Islomxo‘ja (1872–1913 yillarda yashagan) buyruq bera olardi.

Xonlikdagi ana shunday eng obro‘li mahram bugun xon jallodlari oldida indamay turardi. Tabiiyki, mahram jallodlarning xon topshirig‘ini bajarishini bilar, biroq xon uni o‘limga hukm qiladi, deb sira o‘ylab ko‘rmagan edi.

– Sizni Isfandiyorxon hazratlari tiriklayin ko‘mishga amr etdilar, tushing otdan! – dedi daroz jallod xayol surib qolgan mahramga.

Rahmonbergan otdan tushdi:

– Xon Allohning yerdagi soyasidir. Peshonasiga Alloh hukmdorlikni yozgangina xon bo‘la oladi. Agarki xonimiz shunday debdimi, Isfandiyorxonning amri vojibdir, – dedi mahram.

Mahramning oti esa egasi tushganidanoq Ichan qa’ladagi Ota darvoza tomon chopqillab ketdi.

Ayni kuzning sokin tong mahalida Ichan qal’ada jimjitlik edi.

Do‘sti Yusuf pechkachinikidan saharlik qilib kelayotgan mahram egnidan zarbof to‘nini yechib, cho‘ntaklaridan tillalarini oldi-da, jallodlarga berdi.

– Boshlangiz, qayerga borurmiz? – deb so‘radi mahram.

Rahmonbergandan zarbof to‘n va bir hovuch tilla olgan jallodlar:

– Qochmoqchi bo‘lsangiz, shoshiling. Hali tong mahali, hech kim yo‘q. Biz sizni topolmadik, deb qo‘ya qolamiz, – dedilar.

– Yolg‘on so‘zlamak, xon farmonidan qochmoq gunohdir. Peshonamga yozilgan Alloh hukmidan qochib qayerga borurman?! Yo‘l boshlang, hukmni ijro etinglar, – dedi islomiy e’tiqodli mahram jallodlarga.

– Uydagilar bilan xayrlashsangiz bo‘larmidi,– deya jallodlardan biri mahramga so‘nggi imkoniyatni berdi.

– Yo‘q, faqat namoz o‘qib olay, – Rahmonberganning javobi shu bo‘ldi.

 Shu tarzda Ichan Qal’adagi Qo‘sha darvozaning chap tomonida tayyorlab qo‘yilgan xandaq yoniga keldilar. Namozini o‘qib bo‘lgan mahram yuziga fotiha tortib, asta handaqqa tushdi-da, qibla tomonga qarab boshini tizzalari orasiga olib, o‘rnashib o‘tirdi.

 Jallodlar belkurak bilan tuproq tashlay boshladilar...

 Shu tariqa 1913 yilning sentyabr oyida Xiva xoni mahrami Rahmonbergan Isfandiyorxon farmoniga ko‘ra tiriklayin yerga ko‘mildi.

Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi?

Xiva xonligi bosh vaziri Islomxo‘ja Xorazm tarixida buyuk islohotchi sifatida nom qoldirgan. U o‘z yordamchisi Rahmonbergan mahram bilan XX asrning boshlarida ko‘plab bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan.

Ichan Qal’aning shimoliy tomonidagi vayrona yerlarning obod qilinishi, Rossiya bilan aloqalar yaxshilanib, Xivada pochta va telegraf binosi, 1912 yilda esa zamonaviy rus tibbiyotchilari ishlaydigan shifoxona qurilishiga ham aynan Rahmonbergan mahram boshchilik qilgandi.

U ustozi Islomxo‘ja bilan 1911–1913 yillarda Nurillaboy bog‘idagi ovro‘pacha shakldagi saroy qurilishida ham o‘z hissasini qo‘shgan. O‘sha vaqtdagi Moskva shahri gubernatori N.I.Guchkov bilan Islomxo‘ja va Rahmonbergan mahram maslahatlashib, rus arxitektori A.M.Roopni Xivaga chaqirtirdi.

Shuningdek, Volgabo‘yidan chaqirtirilgan Muso Sabanovich Yangio‘rozov xonlikda birinchi marta elektr chirog‘ini aynan yuqoridagi Nurillaboydagi saroyga o‘rnatgandi.

Shu kabi o‘sha davr uchun zamonaviy inshootlar barpo etayotgan, qolaversa, 1910 yilda xon tasdiqlagan 10 bandlik islohot dasturini hayotga tatbiq qilayotgan Islomxo‘ja bilan Rahmonbergan mahramning Xorazmda obro‘si g‘oyat baland edi. Ular islohot dasturiga ko‘ra, xonlikka temir yo‘l keltirish, yop va kanallar qazish, ularga temir ko‘priklar o‘rnatish, soliqlarni kamaytirish kabi ishlarni ham endigina boshlagandi.

Ammo 1913 yil 9 avgustda Islomxo‘janing o‘ldirilishi, sentyabr oyida esa Rahmonbergan mahramning...tiriklay yerga ko‘milishi bilan xonlikda islohotlar to‘xtab qoldi.

G‘oyatda xushsurat, ilmu ma’rifatli, rus tilini biladigan Rahmonberganni hasadgo‘y Matvafo Baqqolov, Ashur mahram, Husaynbek, Shiyxnazarboy kabi saroy a’yonlari xonga yomonlagandilar. Ular Isfandiyorxonga «mahram ruslar bilan til biriktirgan kofir, oq podshohga yaxshi ko‘rinib, Islomxo‘ja bilan taxtingizga egallamoqchi» deb ig‘vo qilgandilar.

Qolaversa, 1913 yil 9 avgustida saroydagi guruhbozlar, chor jandarmeriyasining fitna qurboni bo‘lgan Islomxo‘janing o‘limidan so‘ng Matvafo Baqqolovlarning navbatdagi qurboni Rahmonbergan mahram bo‘ldi. Bu paytda Isfandiyorxon guruhbozlar ta’siriga tushib qolgan edi.

Garchi g‘iybatchilar mahramni tiriklayin yerga ko‘mdirgan bo‘lsalar-da, Rahmonbergan Xivada qurilishiga boshchilik qilgan shifoxona, pochta-telegraf binosi, Nurillaboy saroyi kabi yodgorliklar yer yuzida boqiydir.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring