Toshkentda O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi
Toshkent shahrida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
– Bugun o‘ziga xos san’at va madaniyat bayrami. Ushbu quvonchli voqea bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari va muxlislarini, butun xalqimizni samimiy muborakbod etaman, - deydi Prezident.
San’atkor xotirasini e’zozlash, ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, Prezident qarori qabul qilinib, 2021 yilda Botir Zokirovning 85 yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi. Ulug‘ hofiz nomidagi milliy mukofot ta’sis etildi. U haqda ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratildi. Yaqinda Botir Zokirovning xotira kechasi mamlakatimiz jamoatchiligi hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan atoqli san’atkorlar ishtirokida katta shodiyona sifatida o‘tkazildi.
Botir Zokirov tahsil olgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan ko‘chaga uning nomi berildi. Ushbu konservatoriya huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati instituti barpo etildi. Haykal ham aynan ushbu majmuada barpo etildi.
– Bu haykal Botir Zokirov xotirasiga o‘rnatilgan ramziy bir timsoldir. Ayni paytda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atni ravnaq toptirish yo‘lida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulug‘ ijodkorga eng munosib yodgorlik bo‘ladi, – dedi davlat rahbari.
Ma’lumot uchun, Botir Zokirov 1936-yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2000-yilda «Buyuk xizmatlari uchun» va 2021-yilda «El-yurt hurmati» ordenlari bilan mukofotlangan.
Botir Zokirov 49 yil umr ko‘rgan. Lekin shu yillar davomida o‘zidan rang-barang va boy ijodiy meros qoldirgan. Uning sehrli ovozi yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borib, xalq qalbidan, san’atning oltin fondidan joy olgan. Dunyoning madaniyat poytaxtlarida o‘zbek san’atini zo‘r muvaffaqiyat bilan namoyish etgan.
Xonanda 1955-yilda, ayni kuchga to‘lgan paytida og‘ir dardga yo‘liqadi. Bir necha marta jarrohlik amaliyotlarini boshidan o‘tkazadi. Shifokorlar unga qo‘shiq aytishni taqiqlab qo‘yadi. Lekin shu ahvolda ham ijoddan, kuylashdan to‘xtamaydi.
Botir Zokirov umr bo‘yi yangilikka intilib yashardi. Sharq folklori va zamonaviy estrada san’atini uyg‘unlashtirib, «Myuzik xoll» ijodiy jamoasini tashkil etgan, xonanda va kompozitor sifatida ko‘plab iste’dodli yoshlarga ustozlik qilgan. Respublikada xizmat ko‘rsatgan «Yalla» ansamblining tashkil topishida Botir Zokirovning xizmati beqiyos.
Tadbirda Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy san’at tarixida butun bir davrni tashkil etishi ta’kidlandi. Uning boy merosini chuqur o‘rganish va xalqqa yetkazish ishlarini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga alohida qaror tayyorlash topshirildi. Unda Toshkent shahrida san’atkorning memorial muzeyini barpo etish, estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik-tanlov va talabalar uchun davlat stipendiyasi joriy etish, badiiy film yaratish, Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ko‘zda tutiladi.
Marosimda Botir Zokirovning izdoshlari, san’at va madaniyat namoyandalari so‘zga chiqdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter