Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anomal issiqdan sog‘lom chiqish uchun nima qilish kerak?

Anomal issiqdan sog‘lom chiqish uchun nima qilish kerak?

2023 yilning yozi qaynoqqina ob-havo bilan kirib keldi. Garchi «O‘zgidromet» joriy yozda anomal issiq bo‘lmaydi, deya bayonot bergan bo‘lsa-da, iyun oyi me’yordan 2-3 daraja issiqroq bo‘lishi va harorat 40-42 darajagacha ko‘tarilishidan ham ogohlantirib o‘tdi.

Global iqlim o‘zgarishlari oqibatida yuz berayotgan ekstremal ob-havo bilan bog‘liq hodisalar biz uchun kutilmagan hol emas: anomal qishdan keyin jazirama yoz kelishi ancha oldin taxmin qilingan edi.

Yoz issig‘ini yengil o‘tkazish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘zining qator tavsiyalarini ishlab chiqqan va uni har yili yangilab boradi. Umuman olganda, ko‘pchilik yozda nima qilish kerakligini biladi: oftobda yurish mumkin emas, ko‘proq suv ichish zarur… Amal qilishga kelganda esa, har doim ham hafsala topilavermaydi.

Olimlar allaqachon anomal sovuqdan ko‘ra issiq ob-havo odam organizmi uchun xavfliroq degan xulosaga kelgan. Masalan, AQShning Garvard universiteti tadqiqotchilari issiqlik odam uchun sovuq havodan 5 barobar xavfli ekanligini isbotlagan. Chunki sovuq havoda yozga qaraganda 30 foiz ko‘proq kislorod bo‘ladi. Bakteriya va mikroblar sovuqqa chidamli emas, qor esa haqiqiy havo filtridir. Toza sovuq havo charchoqni yengillashtirib, stresslarni yengishga yordam beradi. Afsuski, issiq esa buning aksi.

«Xabar.uz» JSST tavsiyalari asosida yozni yengil o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqdi.

Kimlar uchun xavfli?

Issiq havo, birinchi navbatda, qariyalar, chaqaloqlar, surunkali kasalligi bor bemorlar va ochiq havoda ishlaydiganlar uchun xavfli. Issiqda uzoq qolish yurak-qon tomir, nafas olish va buyrak  kasalliklarini va ruhiy salomatlik muammolarini kuchaytirishi mumkin. 

Yozning yana bir katta muammosi: yoshman, sog‘lomman, deb hisoblab, issiqni nazar-pisand qilmaslik va oqibatda quyosh urishi yoki undan ham yomoni, issiqlik urishidir. Oqibatda tana suvsizlanib, bosh og‘rig‘i, tana harorati oshishi, ko‘ngil aynishi, holsizlik, burundan qon ketishi va hatto xushdan ketib, yiqilish holatlari kuzatiladi.

Shunday noxush holatga tushmaslik uchun:

  • Quyosh nuri faol bo‘lgan vaqtda ko‘chaga chiqmaslik: 12:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘i eng xavfli hisoblanadi.
  • Derazalardan quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishining oldini olish: kunduz kunlari qalin parda yoki jalyuzi bilan to‘sish yordam beradi.
  • Xona harorati kunduz kunlari 32 darajadan, kechki vaqtda esa 24 darajadan oshib ketmasligini nazorat qilib turish kerak.
  • Og‘ir jismoniy ishlarni kunning salqin vaqtida bajarish tavsiya qilinadi.
  • Bolalar va hayvonlarni avtomobil ichida qoldirish o‘ta xavfli.
  • Tana suvsizlanishining oldini olish uchun chanqamasangiz ham, tez-tez va oz-ozdan suv ichib turing. Kofe, energetik va spirtli ichimliklar, shakarli shirin suvlar issiqda tanani qiynaydi, xolos. Oddiy suv, turli damlamalar, ayron, limonli suv esa yengillik beradi.
  • Yog‘li va oqsilga boy ovqatlarni kamroq iste’mol qilgan ma’qul.
  • Iliq dush qabul qiling. Bu usul tanadagi ortiqcha issiqlikni chiqarishga yordam beradi.
  • Tabiiy matodan tikilgan, ochiq rangli va keng kiyimlar kiyishga harakat qiling.
  • Kunduz kunlari bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaksiz ko‘chaga chiqmang.
  • Dorilarni saqlashda ham yozda ko‘proq e’tiborli bo‘lish kerak. 25 gradusdan baland haroratda dori sifati o‘zgaradi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring