Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qaysi qurilmalarni tokda qoldirish xavfli?

Qaysi qurilmalarni tokda qoldirish xavfli?

Telefoningiz quvvatga to‘lganida yoki fenni ishlatib bo‘lgach, «vilka»ni elektr tarmog‘idan uzib qo‘yasizmi? To‘g‘ri, ba’zida bunga erinamiz, ammo hushyorlik hech qachon zarar qilgan emas. Unutmang, ayrim qurilmalarni tokda qoldirish o‘ta xavfli!

Fen: bu qurilmani hech qachon elektr toki bilan «yolg‘iz» qoldirmang. Balki haftalab ishlatmassizdir, biroq bitta arzimas texnik nosozlik ham qisqa tutashuvga va yong‘inga sabab bo‘lishi mumkinligini unutmang!

Elektr ustara va elektr tish cho‘tkalari: agarda shunday qurilmalardan foydalansangiz va ular akkumulyatorli bo‘lmasa, aslo vannaxonada qoldirmang, doimiy tokka ulangan bu qurilmalarning nam joyda turishi xavfli.

Printer va shaxsiy kompyuter: bu qurilmalarni ham ishlatib bo‘lib, tokdan uzib qo‘ygan ma’qul. Faqat istisno tariqasida printerlarni «kutish tartibida» tokda qoldirish mumkin.

Televizor va stereotizimlar: hadeb tokka ulab-uzish bu qurilmalar holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani uchun ularni tokda qoldirsangiz bo‘ladi. Ayniqsa, OLED-ekranli televizorlar toksiz «yasholmaydi»: tinmay uzib qo‘yilaversa tez buziladi.

Smartfonlar: quvvat olib bo‘lganidan so‘ng zaryadlash moslamasi shtekerini qizib ketmasligi uchun darhol tokdan uzib qo‘ying. Ayniqsa, arzon quvvatlash moslamalarini ehtiyot bo‘lib ishlating, yong‘in xavfi bor.

E’tibor bering! Havo aynib, chaqmoq chaqayotganida barcha qurilmalarni tokdan uzib qo‘yish tavsiya etiladi.

Hech kuzatganmisiz, ishlatilmasa ham tokda turgan qurilmalar ko‘pincha iliq holatda bo‘ladi. Ya’niki fen, telefonni quvvatlagich yoki kompyuter bo‘ladimi, siz foydalanmayotgan bo‘lsangiz ham, agar tarmoqqa ulangan bo‘lsa, tokni sarflashda davom etaveradi. Albatta, birgina qurilma ko‘p tok «yemaydi», biroq ularning soni 5-10 ta bo‘lsa-chi?!  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring