Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

«Muallaq darvesh»... bir yilda nimalar o‘zgardi?

«Muallaq darvesh»... bir yilda nimalar o‘zgardi?

Foto: «Xabar.uz»

U har kuni 45 kilometr yo‘l bosib ishga qatnaydi. Turizm rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun pul berilmaydi.

Bundan bir yilcha muqaddam Buxoroning eski shahar qismidagi muallaq darvesh roli ijrochisi, teatr aktyori Baxtiyor Ashurov bilan suhbat uyushtirgan edik. Xo‘sh, ko‘plab hamyurtlarimiz va mehmonlar qiziqish bildirgan mazkur g‘oya ijrochisi bugun qayerda? Yil mobaynida darvesh bilan bog‘liq nimalar yuz berdi? Quyida shu xususda bilib olasiz.

– Baxtiyor, ilk savolimiz: siz bugun ham teatrga barvaqt kelib, kitob o‘qiyapsizmi? O‘tgan bir yilda nimalarni mutolaa qildingiz?

– Ha, albatta, shu yil mobaynida men ko‘plab tarixiy hamda zamonaviy asarlarni olib o‘qishni joiz deb bildim. Negaki hozirgi kunda teatrlarda barcha tanbehlar sahna asarlari uchun yozilayotgan asarlarga kelib taqalmokda. Men ham bu borada shu kichkina «sir»ga qiziqib qoldim. Qiziqqanim sababi bir savolga borib taqaladi: nega avallari tomoshabinlar olqishi va talablari bilan sahnadan tushmagan o‘lmas asarlar bugungi kunda tomoshabinini kutmoqda? Bu, menimcha, teatrlarda ijodiy jarayonning sustligi va loqaydlikdan bo‘lsa kerak. O‘zimga xos izlanishlarimdan amin bo‘lishimcha, ulug‘ ustozlarimiz muhit, sharoit, joy va mansab tanlashmagan va ko‘plab kitoblar o‘qib, o‘z ustida ishlashgan.

Kitob o‘qishni kanda qilganim yo‘q. Stanislavskiyning «Akterning o‘z ustida ishlashi» hamda o‘zbek klassik asarlarini tez-tez mutolaa qilib turaman.

Darveshlik «faoliyat»ingiz qanday bo‘lyapti? Odamlar hozir ham qiziqish bildirishyaptimi?

– Bilasizmi, saytingizda chiqqan birinchi suhbatimizdan so‘ng ko‘pchilik meni tanib qolgan. Bir yilda tadbirlarda yigirma martacha ishtirok etdim. Darvesh rolida bir necha soat «muallaq» o‘tirishimga to‘g‘ri kelgan. Oyoqlarim og‘rimaydi, uvishmay qolgan hozir. O‘rganib qolarkansan, kishi. Uch marta gastrollarga chiqdik. Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan qovun sayliga taklif qilishdi. U yerda bizni katta qiziqish bilan kutib oldilar. Tomoshabinlar qurshovida ancha vaqt qolishimizga to‘g‘ri keldi. Hamkasblar va do‘stlar orttirdik. Men odamlarni bu darajada hayratda qoldiramiz deb o‘ylamagandim.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun turizm o‘choqlaridan biri bo‘lmish Buxoroga sayyohlarning tashrif buyurishi qay darajada?

– Mana, ikki-uch yildan buyon turizm sohasida juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Ichki turizm yo‘nalishlari joriy etildi, mahalliy aholining ham qiziqishi juda katta. Biz, san’at ahli ham bundan mustasno emasmiz. Ijodiy jamoamiz bilan birgalikda mehmonlar uchun Buxoro amirligi qo‘rg‘oni bo‘lmish Ark tarixiy obidasida amirning qabul marosimini sahnalashtirib, xorijiy hamda ichki turizm sayyohlariga havola etib kelyapmiz. Sayyohlar soni sezilarli darajada oshgan.

– Siz muallaq o‘tiruvchi darveshsiz. Buxoroda muallaq turuvchi ikki alloma ham paydo bo‘lgandi. Ularning ijrochilari kim? Har holda hamkasblaringiz bo‘lsa kerak?

– Ha, ular mening do‘stlarim, qadrdon hamkasblarim. San’at va madaniyat institutlarini tamomlagan Nurali Turdiyev, Ilhom Toirov va Rustam Rahmatov. Ular ham mazkur loyihalarda katta qiziqish va mahorat ishtirok etishdi. Biz birgalikda ko‘plab safarlarda bo‘ldik. Shahrisabzdagi xalqaro maqom festivali, Toshkentda o‘tkazilgan turizm yarmarkasi va, yuqorida aytganimdek, Sirdaryodagi qovun sayllarida. Bir oyoqda muallaq turuvchi afandi, uchar alloma va muallaq o‘tiruvchi darvesh...

Tarixiy obidalar maskanida muallaq o‘tirish va turish attraksionlarini bajaradigan aktyorlarga haq to‘lanadimi? Har holda sizlardan vaqt, jismoniy kuch talab qilinadi.

– Yo‘q, bizga haq to‘lanmaydi. Chiqishlarimizni shu bugunga qadar beminnat va xolisona ijro etib kelmoqdamiz.

Foto: «Xabar.uz»

Shaxsiy hayotingizda nima gaplar? Buxorolik bo‘la turib haliyam Buxoroda ijara uyda yashayapsizmi?

– Shaxsiy hayotimda biroz qiyinchiliklarga duch kelyapman. Otam og‘ir xastalika chalingach, ijara uyni tark etishga to‘g‘ri keldi. Hozir oila a’zolarim bilan qishloqdaman. Qizim shu yerdagi maktabning ikkinchi sinfida o‘qiydi. Uning qishloq sharoitiga ko‘nikishi qiyin kechyapti. Har holda kichkinaligidan shahar sharoitiga ko‘nikkan edi. Turli to‘garaklarga qatnab turardi. Badiiy gimnastika, ingliz va rus tillarini o‘rganishni boshlagandi. Qishloqqa qaytganimizdan so‘ng shaharni qo‘msab, xarxasha qilgani-qilgan. To‘g‘ri-da, axir qancha imkoniyatlarni qoldirib kelgan, injiq va xomush bo‘lib qolgan.

Rostni aytsam, o‘zim ham charchadim. Ijarama-ijara yashab, uchta bolani yetaklab, u yerdan bu yerga ko‘chish oson emas.

Sizni sahnada «Hindistonlik kelin» komediyasidagi shirkat raisi rolida ko‘rgan edim. Sir bo‘lmasa, teatrda oylik-maoshingiz qancha? Uch nafar farzandni boqishning o‘zi bo‘lmaydi. Ro‘zg‘orni but qilish, tirikchilik masalalarini qanday hal qilyapsiz?

– O‘zbekston xalq artisti Ubaydulla Baqoyev tomonidan sahnalashtirilgan «Hindistonlik kelin» – sof tuyg‘ularga boy asar. Shirkat raisiga kelsak, men obrazimni sevib ijro etdim. Sahnada yaratgan qahramonimning timsollari hayotda uchrab turadi. Bunday insonlarni yoqtirmayman, negaki ular layoqatsiz, mansabparast va shijoatsiz. Men fidoyi, jonkuyar, mehnatkash insonlarni hurmat qilaman.

Oylik maoshim... Allohga shukr, ro‘zg‘orni tebratib turibman. Ammo har kuni 45 kilometr yo‘l bosib, ishga qatnashning o‘zi bo‘lmas ekan. Uy-ro‘zg‘or, bola-chaqa, ularni yedirish, ichirish, kiyintirish... Ishqilib amallayapman.

Foto: «Xabar.uz»

Tasavvur qilaylik, siz teatr direktorisiz. Qanday ishlarni amalga oshirgan bo‘lardingiz?

– Men uchun juda qiyin savol. Bilasizmi, hozirgi zamonda rahbarlik juda katta mas’uliyatni talab qiladi. Bugungi rahbar kecha-yu kunduz izlanishi, qo‘l ostidagi xodimlardan yuz chandon oldinda bo‘lishi va o‘zini bir oilaning boshlig‘i deb his etmog‘i zarur. Xodimlarga vazifalarni taqsimlash, asarlar qo‘yish, pesalarning mualliflari bilan har bir obraz ustida alohida ishlash talab qilinadi. Rahbarning ertangi amalga oshiradigan har bir ishi oldindan yangicha va zamonavaiy bo‘lmog‘i zarur.

Teatr reklamalarini nihoyatda boyitish maqsadga muvofiqdir. TV, radio, gazeta, jurnallarda teatr faoliyati va pesalardan xabarlar, anonslar berish va faqat qaynoq ijod qilish zarur deb bilaman.

– Muallaq o‘tiruvchi darvesh attraksioni bahonasida siz sayyohlar bilan «tanishdingiz». Turizmni rivojlantirish uchun yana nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?

– Men turli millat sayyohlari bilan tanishdim. Ularning qiziqishlarini orttirish uchun qadim davrlardan qolgan shahar xarobalarida maroqli uchrashuvlar uyushtirish, obidalar oldida ertaknamo ovqatlanish maskanlari qurilsa, foydadan holi bo‘lmaydi. Sun’iy suv havzalari, eko-bog‘lar, ko‘hna davr ruhini berish uchun jonli ot-aravalar, kechki gulxan atrofida choyxo‘rlik-gashtaklar tashkil etish ham ayni muddao. Xullas, juda ko‘p ishlar qilish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring