Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Ajoyib xayolparast»dan «Zalolat»gacha. Yangi seriallarimizga xiyonatdan boshqa mavzu topilmayaptimi?

«Ajoyib xayolparast»dan «Zalolat»gacha. Yangi seriallarimizga xiyonatdan boshqa mavzu topilmayaptimi?

O‘zbek ayol obrazi

Odil Yoqubovning «Baxt qushi» hikoyasi asosida suratga olingan «Ajoyib xayolparast» filmini nima uchun yaxshi ko‘ramiz, har safar ilk marta ko‘rayotgandek ekran qarshisiga mixlanamiz.

Avvalo, kinoni eslashimiz bilan sevimli aktyorlarimiz Baxtiyor Ixtiyorov va Aida Yunusova ko‘z oldimizda gavdalanadi. Sodda, boyib ketishni orzu qiladigan, xotinini chin dildan sevadigan Hasan va munis chehrali Tamila haqiqiy o‘zbek oilasidagi o‘zbekcha hayot, o‘zbekcha munosabatlarni yorqin ifodalab bergandek. Kinoning biron joyida bezatilgan shohona uy, shohona nonushta yoki kechki ovqat qo‘yilgan dasturxonni ko‘rmaysiz. Tamila eriga biron marta baqirib-chaqirmaydi yoki qovoq-tumshuq qilmaydi. Kinoda qamchisidan qon tomadigan qaynona, zaharxanda qaynsingil ham yo‘q. Aida Yunusova bir paytlar ko‘rsatuv uchun bergan intervyusida «Filmdagi obrazim menga sira qiyinchilik tug‘dirmagan, chunki Tamila menga juda yaqin, o‘zimga o‘xshaydi, xarakterimizning umumiy tomonlari ko‘p», degandi.

Ha, «Ajoyib xayolparast» kartinasidagi Tamila obrazi aslida butun o‘zbek ayollarining munis chehrasi, andishasi, og‘ir-bosiqligi. Ushbu kinodagi Aida Yunusova – Tamila o‘zbek qizaloqlariga, qizlariga, bo‘lg‘usi kelinlarga, qaynonalarga nimani o‘rgatadi? Sabr-qanoatni, shukr qilishni, inson qanday bo‘lsa shunday sevishni o‘rgatadi. Ichki xotirjamlik, ichki hayo-ibo aktrisa o‘ynayotgan rol orqali uning yuzida, yurish-turishida, o‘zini tutishida aks etadi. Turmush o‘rtog‘ining xayolparastligiga, puli ko‘p emasligiga qaramay sevadi, samimiy iltifot ko‘rsatadi. Xafa bo‘lganda ko‘z yoshlari shashqator bo‘lib oqmaydi, ostonaga o‘tirib olgancha tizzalariga shapatlab yig‘lamaydi, xafaligini siniqqina jilmayish orqali «izhor» qiladi.

Bugunchi? Keyingi paytlarda ishlanayotgan kinolardagi ayollar obrazi qanday? Yo o‘ta xokisor yo o‘ta shallaqi. Qo‘l belda, ko‘zlar katta-katta ochilgan, ensa qotirilgan. O‘zbek ayollarigagina xos bo‘lsa kerak lab burib, ensa qotirish hatti-harakatlari.

«Baxt qushi» hikoyasiga yozilgan mana shu ssenariy, ya’ni «Ajoyib xayolparast» kinosi bugungi kun rejissyorlariga taqdim qilinganida bugungi aktrisalarimiz, aktyorlarimiz bu rollarni qanday ochib berishardi? Yoki rejissyorlar tomonidan qanday o‘zgartirishlar kiritilardi?

Avvalo, Hasanning xotini Tamila erini mensimasdi, chunki u kambag‘al va xayolparast. Bu xayolparast qahramon barcha kinodagi obrazlar orqali mazaxlanardi. Tabiiyki hatto xotini ham Hasanni tushunmasdi. Xotin qo‘lini beliga qo‘ygancha, eriga og‘zidan tupuk sachratgancha shunday degan bo‘lardi: «E, quyon-puyoningiz bilan jonga tegdingiz, sizning dastingizdan na biron tuzuk kiyim kiyoldim, na biron joyga sayohatga boroldim», «E boshimni og‘ritmang, jonga tegdi shu quyonlaringiz»... Biz bugun o‘zbek ayollari deganda kinoda qo‘lini beliga qo‘ygancha yoki shop qilgancha o‘g‘liga, turmush o‘rtog‘iga yoki boshqalarga baqirib-chaqirib jazavaga tushayotgan o‘zbek onalarini, o‘zbek qizlarini, o‘zbek ayollarini ko‘z oldimizga keltiramiz.

«Xatiko» xorij filmini hammamiz yaxshi bilamiz. Bir sahna ko‘rinishida bosh qahramon kichkina kuchuk bolasini uyiga olib keladi. Kechasi bilan kuchuk bolasi ayolning ilmiy ishlarini yirtib, titib tashlaydi. O‘sha joydagi mana bu dialogga e’tibor beringa, ayol kuchuk bolasini uyiga olib kelgan «aybdor» eriga: «Azizim, axir bu mening bir necha yillik mehnatim, hammasini yirtib tashlabdi», deya yozg‘iradi. Ammo ichki bir madaniyat bilan, jazavaga tushmasdan turmush o‘rtog‘idan xafaligini bildirib qo‘yadi. Aslida jahl kelganda aql ketadi, lekin uni chiroyli ko‘rsatish va bildirib qo‘yish faqat ichki madaniyati go‘zal insonlargagina xos bo‘lsa kerak.

Bizning filmlarimizda negadir jabrlangan ayollar haqiqatga shallaqilik bilan, alamzadalik bilan jazavaga tushib erishmoqchi bo‘ladilar.

Seriallarda xiyonat mavzusi

Keyingi paytlarda o‘zbek seriallarini xiyonatsiz tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Go‘yoki serialga xiyonat aralashmasa serial o‘z dolzarbligini yo‘qotadigandek. Masalan, bir kinoda ota yoki ona xiyonatkor va bu – tabiiy hol. Xuddi dunyoda erkak zoti qurib ketganidek, opa singlisining eriga ko‘z olaytiradi, bu esa turk seriallarining ta’siri bo‘lsa kerak. Xuddi dunyoda qiz zoti qurib ketganidek, do‘sti do‘stining xotiniga ko‘z olaytiradi. Birinchi navbatda, xiyonatkorlikni targ‘ib qiluvchi ushbu seriallar bizga nima beradi?

Yoki buning ortida millatning ma’naviyatini o‘ldirishdek ataylab uyushtirilayotgan g‘oya yotibdimi? Bunga kim javob beradi? Ertaga bu seriallar tufayli pornografiyani ochiq-oydin ko‘rsatadigan va tabiiy qabul qiladigan avlod yetishib chiqmaydi, deb kim kafolat beradi? Afsuski mana bunday har tomonlama yarim yalang‘och seriallar ertangi avlodni ham shunday tarbiyalaydi.

Xususiy kanallarda efirga uzatilgan «Zalolat» filmini olib ko‘raylik. Xotirasini yo‘qotgan Azizning xotini Nargiza osongina eriga xiyonat qiladi. Erining do‘sti bilan kafema kafe, restoranma restoran yuradi. Ichkilikka beriladi. Xorij kinofilmlarida xiyonat lavhasi o‘zgacha ochib beriladi. Ayol nega xiyonat qildi. Unga mehr yetishmadimi, eri tomondan e’tibor yetishmadimi, xiyonat qilgan ayolning vijdoni qiynalyaptimi, avvalo, mana shu tuyg‘ularga e’tibor qaratiladi. O‘zbek seriallari va kinolarida-chi?

Ayolga erning e’tibori, muhabbati qiziqmas. Kinolarimizda afsuski aksariyat hollarda ayol eri kasal bo‘lib qolsa, eri bo‘sh-bo‘yov bo‘lsa, erining ishi yurishmay qolsa, eri pul topolmasa, eri sovg‘alar berolmasa ayol albatta xiyonat yo‘liga kiradi, ya’ni har doimgiday moddiyat birinchi o‘rinda. Er-xotin o‘rtasidagi samimiy, iliq mehr-muhabbat har doimgidek parda ortida. Xo‘sh, o‘sha kinodagi ayolning, erning, do‘stning xiyonati orqali jamiyatdagi qaysi kamchilik yoki og‘riqli nuqta ochib berilmoqda? Bu kimgadir ibrat bo‘la oladimi? Yaqinda xususiy kanallardan birida qo‘yilgan «Qadam» serialida keliniga tegajog‘lik qilmoqchi bo‘lgan qaynotani ko‘rsatishdi. Bunday qaynotalar hayotda yo‘q demoqchi emasmiz? Ammo bu axloqi buzuq biron qaynotaning tuzalishiga, yaxshi tomonga o‘zgarishiga turtki bo‘ladimi yoki moyilligi bor, ammo ichida yashirinib yurgan yomonlikni uyg‘otib yuborishga xizmat qiladimi?

Dialoglardagi soxtaliklar

Seriallarga yozilayotgan ssenariylarning mavzusi o‘ta jo‘n. Hech biri hayotni kuzatmay yozilganligi bilinib turadi. Hayotni kuzatib yozish uchun odamlar orasida ko‘proq bo‘lish kerak. Aytaylik, biror kasb haqida film ishlandi. Kasbning ichiga kirib borish, kasbga urg‘u berish bir chetda qolib o‘sha kasbdagi insonning shaxsiy hayoti, oilaviy hayotiga ko‘proq urg‘u beriladi. Bu kasbning mashaqqatlari, bu kasbning fidoyilari, kasbga fidoyilik qanday bo‘lishi kerak – mana shu tomonlari ochilmasdan qolib ketaveradi. Eng ayanchlisi, biror kinoda qahramonlarning bir-biridan ajrab turuvchi xarakterini ko‘rmaysiz. Ya’ni, hamma qahramonlar, alamzada, shallaqi yoki o‘ta xokisor. Ayniqsa, ayol qahramonlar yuz ifodasida munislik yoki olijanoblik balqib turmaydi.

Kinolarimizda jarayon, voqea-hodisalar, insonning ichki iztiroblari, tuyg‘ulari deyarli ko‘rsatilmaydi. Tuyg‘ular ko‘rsatilishi o‘rniga ko‘proq tilda aytib ketiladi. Dialoglar ham juda oddiy. Mushohadaga chorlovchi dialoglar, aniq maqsadni ifodalaydigan suhbatlarni deyarli uchratmaysiz.

Mana bu «Bu hayot» o‘zbek serialidagi dialogga e’tibor bering.

– Opa, anavi meni homilador qilib qo‘ygan odam uylanganakan.

– Xafa bo‘lma, singiljon, biron nima qilarmiz.

 – Ayamdayam shunaqa bo‘ganakan-a?

– Yo‘g‘e, onam erga tegib, birinchi mani, keyin sani tuqqan.

– Unaqamasakan. Sizzi birovdan orttirib, keyin dadamga tegvolib, 7 oylikda chala tug‘ib qo‘ydim, deb yurgan. Oyimiz shunaqa behayo bo‘lgan, opajon...

Bu dialog orqali nimani targ‘ib qilishmoqda. O‘zbek qizlarining osongina homilador bo‘lib qolishini, bu oddiy hol ekanligi ko‘rsatib berilmoqda. Eng qizig‘i, onasining o‘tmishdagi xatolarini qizlariga yetkazish ham juda oson. Bu serialda hamma behayolarcha fikr bildirib tashlayveradi. «Onamiz shunaqa behayo bo‘lganakan», degan fikr ortida biz ham shunday behayoliklarni qilaveramiz, degan iddaoni eshitgandek bo‘ldim.

 Yana bir kinodagi mana bu dialogga e’tibor qiling:

To‘yi bo‘lmoqchi bo‘lgan, hatto uzuk taqilgan qiz yigiti bilan tortishib qoldi:

Qiz: – Maraz, it.

Yigit: – Hov sen, o‘zingdan ketma...

Mana shunday quruq gaplardan iborat, ma’ni-matrasiz dialoglarda na andisha, na hayoni ko‘rasiz. Keyinchalik bu so‘zlashuv hayotda ham davom etadi.  Xorij kinolarini ko‘rib shunday xulosaga kelish mumkin: Biror soha – masalan, shifokor, o‘qituvchi, jurnalist, o‘t o‘chiruvchi, quruvchi yoki dehqon haqida kino olishlari uchun ssenariy yozuvchi, rejissyor va aktyorlar har qanday sohani, odamlarni, xarakterni chuqur o‘rganishadi, ularning qalbini chuqur his qilishadi.

Kino – bu mehnat

Afsuski, bizda ana shunday mehnatdan qochishadi. Bu shunday mehnatki, insonni tushunish mehnati. Go‘zallikni yaltiroq narsalardan qidirmaslik, aksincha, yaltiroq bo‘lmagan narsalardan, ya’ni balchiqdan oltin yombi topish mehnati. Ijodkor, avvalo, o‘z asarida insonning go‘zal qalbi har qanday hashamdan, har qanday boylikdan ustunligini ko‘rsata olsagina muvaffaqiyatga erishadi. Qaysidir yozuvchi yozganidek, yurakdan chiqqani yurakka yetib boradi. Yurakka yetib borish uchun har qanday ijodga inson qalb bilan yondashishi kerak. Qaysidir mashhur chet ellik kinorejissyor, «Men pul topish uchun kino ishlamayman, kino ishlash uchun pul topaman», degan ekan. Mana, chet el kino sanoatining muvaffaqiyati nimada?

Bizning telekanallarimizda hamon qaynona-kelin, boy qiz va kambag‘al yigit yoki aksincha kambag‘al qiz va boy yigit mavzusi. Negadir shunday kinolar ko‘paygan sari qaynonalar johil, yoshlar sabrsiz, muhabbat va go‘zallik soxtalashib bormoqda. Ha, aytgancha haligacha birorta o‘qituvchi yoki shifokor haqida kino ololganimiz yo‘q. Ehtimol shuning uchun ham bugun ushbu kasblarning nufuzi pasayib ketayotgandir. Xo‘sh, nega bizda ana shunday kinolar ishlab chiqilmaydi. Chunki ushbu soha mutaxassislarining ko‘pchiligi o‘z ustida ishlamaydilar. Bugunning qahramoni faqat zavod-fabrika qurgan yoki sportda g‘olib bo‘lgan odam emas. Balki qalb go‘zalligi bilan odamlarga yaxshilik ulasha olgan inson aslida. Qalbsiz yaratilgan narsalar esa hamisha usti yaltiroq, ichi qaltiroq bo‘lib qolaveradi. Qalbni tarbiyalashning yo‘li – oddiy odamlar orasida ko‘proq yurish, ularni his qilish, eng sara asarlarni o‘qish va chet elning ana shunday kinolarini qayta-qayta ko‘rish orqali sinchiklab o‘rganishdir. Chunki oramizda kino olishga arziydigan qahramonlar juda ko‘p... Faqat ularni kuzatish, o‘rganish, his qilish darkor, bor gap shu.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring