Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Insoniylik: adabiyotda, tarixda, xorijda, oramizda...

Insoniylik: adabiyotda, tarixda, xorijda, oramizda...

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Yoxud sham yorug‘ida sham haqida yozilgan maqola   

Adabiyotning maqsadi insoniylikdan saboq berish. Insonparvarlik odamlarga hamdardlik, ularni qanday bo‘lsa, shunday qabul qilishni anglatadi. Shuning uchun ko‘plab asarlarda ushbu fazilatlarga alohida urg‘u beriladi. Rus adabiyotida qadrli asarlarga aylangan ba’zi qahramonlar hayotiga nazar tashlasak.

A. Platonov o‘zining «Yushka» asarida bosh qahramon yetim bolaga g‘amxo‘rlik qiladi. U barcha pullarni bolaning o‘qishi uchun ajratadi. Ijaraga, o‘zi uchun kiyim-kechak olishga imkoni yo‘q edi. Ammo u bor topgan-tutganini bir insonning hayoti uchun bag‘ishladi.

M. Sholoxovning «Inson taqdiri» asaridagi urush qatnashchisi Andrey Sokolov hayotning shafqatsizligiga qaramay mehribonlikni unutmaydi. Oilasidan ayrilgach, farzand asrab oladi va unga g‘amxo‘rlik qila boshlaydi. U mehribon va urushdan keyin ham mehribon inson bo‘lib qoladi.

A. Kuprinning «Mo‘’jizaviy tabib» asari bizni mehr-shafqatga o‘rgatgan eng yaxshi asarlardan biridir. Bosh qahramon kambag‘al oilaga hech narsa tama qilmay yordam ko‘rsatadi, odamlarga dori-darmon va oziq-ovqat sotib olish imkonini beradi. Qahramon odamlarni ochlikdan qutqaradi. 

L.Tolstoyning qahramoni Natasha Rostova bolaligidan mehr va muruvvatli oilada voyaga yetgan ayol. Moskvadagi yong‘in paytida Natasha zargarlik buyumlari va to‘plangan mol-mulkini qurbon qilib, yaradorlarga yordam beradi. Fidokorona yordam, mehribonligi tufayli o‘nlab odamlarga o‘sha paytda omon qolishga yordam berdi. Adabiyotdagi ushbu misollarni tahlil qilganingizda, har qanday sharoitga qaramay, insoniylikni doimo saqlab qolish kerak, degan xulosaga kelishingiz mumkin.  Mana nima uchun biz ko‘proq kitob o‘qishimiz kerak...

Ochlikda ham yo‘qolmagan odamiylik

Endi tarixga qaytsak...

«Vatandosh» nashrining 2021 yil 9 may sanasida nashr qilingan Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan «101 o‘zbek askari» haqidagi maqolani o‘qir ekanman, askarlarning ochlikda ham odamiyligini yo‘qotmaganliga oid parcha etiborimni tortdi: «1942 yili Amersfoort yaqinida o‘ldirilgan 101 o‘zbekni ko‘rgan odamlar bugun barmoq bilan sanarli. Agar bir qiziquvchan golland bo‘lmaganida, bu o‘zbeklarni dunyo butkul unutib yuborardi. Markaziy Niderlandiyaning Amersfoort shahri yaqinidagi o‘rmonda har bahor yuzlab gollandlar to‘planishadi. Ular tong sahar o‘rmonda 101ta sham yoqishadi. Bu shamlar natsistlar qo‘lida o‘lim topgan va keyin yarim asr unutilgan 101 o‘zbek askarining ramzidir.

Ular haqida bundan 18 yil burun mahalliy jurnalist Remko Reyding qiziqib qolgan. Reyding bir necha yil Rossiyada ishlab, ona shahri Amersfoortga qaytgach, bir o‘rtog‘i unga shahar yaqinida sovet qabristoni borligini aytadi. Remko Reyding konslagerda aynan ushbu 101 asrga nisbatan juda shafqatsiz munosabat qilinganini ham aniqlaydi.

«Ilk uch kun ularni ataydan tashqarida, simto‘r bilan o‘ralgan joyda och-nahor saqlashadi» – deydi Reyding. — «Negaki nemis tasvirchilari kelib, tashviqot filmi olishni rejalashtirgan edi. Natsistlar «yovvoyi chala odamlar» qanday qilib non ustida talashib, urishishini tasvirga tushirmoqchi bo‘lishadi».

«Kameralarni to‘g‘rilab, och asirlarga qarata non uloqtirishadi» – davom etadi Reyding – «Biroq shu yerda ularni hayratga solgan voqea ro‘y beradi. O‘zbeklardan bittasi sekin turadi-da, nonni yerdan oladi. Keyin shoshmasdan, qo‘lidagi qoshiq dastasi bilan nonni teng bo‘laklarga bo‘ladi. Bu orada boshqa o‘zbeklar o‘rinlaridan qo‘zg‘almay, sabr bilan kutishadi. Hech biri na urishadi, na talashadi» – davom etadi suhbatdoshim.

«Keyin o‘zbeklar non bo‘laklarini teppa-teng baham ko‘radilar. Xullas, natsistlarning rejasi ish bermay, hafsalasi pir bo‘ladi».

Real voqealarda odamiylik

Amerikalik Osette Durand o‘g‘li uchun maktabga ikki kishilik ovqat berib yuborgan. Ovqatning bittasini o‘g‘li Dilan kambag‘al do‘sti uchun olib borgan. Dilanning bu ishidan xabar topgan maktabning voleybol jamoasi a’zolari unga 400 dollar xayriya qilishdi. Ammo Duran oilasi boshqa kambag‘al maktab o‘quvchilarining tushliklarini shu mablag‘lar hisobidan to‘lashga qaror qildi, shunda ular ham hamma bilan teng ravishda oshxonada ovqatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 

Amerikalik politsiya xodimi Lourens de Prim sovuq kunda nafaqat oyoq kiyimi, balki oyog‘ida paypoq ham bo‘lmagan uysiz odamni ko‘chada ko‘rib qoldi. Yalangoyoq odam bilan gaplashgandan so‘ng, Lourens oyoq kiyimining o‘lchamini bilib oldi, va  eng yaqin do‘konga borib, unga paypoq va etik sotib oldi. Keyin Lourens oyoq kiyimlarni ehtiyotkorlik va mehr bilan o‘sha odamga kiygazib qo‘ydi.

Kerol Sakman umuman mashhur shaxs emas, balki oddiy badavlat amerikalik ayol. Bir kuni u Manxetten bo‘ylab sayr qilib, tasodifan sinish yoqasida turgan o‘yinchoqlar do‘koniga kirib ketdi va barcha o‘yinchoqlarni sotib oldi. Ayol bu o‘yinchoqlarni Nyu York shtatidagi yetimxonalarga tarqatdi — bir yo‘la ikki karra odamiylik qildi. Do‘kon egasini jar yoqasidan olib qoldi va yetim bolalarni xursand qildi.  

Amerikalik Kenton Li esa Keniyalik qanchadan qancha bolajonlarning oyoqlarini asragan yigit. U Keniyada volonter bo‘lib xizmat qiladi. U bir kuni kichkina qizaloqning oyog‘idagi krossovkalarini ko‘rib qoladi. Oyog‘iga sig‘magan boshmoqchalarning oldi qirqilgan bo‘ladi. Keyin u juda ko‘p bolalarni kuzatadi. Oyoq yalang yurgan bolalarning tovonlaridagi yiringli yaralar, tilingan, shilingan jarohatlar, virus tushgan tuzalmas kasalliklar Kentonni o‘ylantirib qo‘yadi. Afrikalik bolalarning yalangoyoq yurishi ulardagi yetishmovchilik, yo‘qchilik bilan bog‘liqligini tushunib yetadi. Keyin u 2009 yil 5 razmerga kattaradigan, ya’ni o‘sadigan poyabzallarni o‘ylab topadi. Usti haqiqiy charm, tagi mustahkam rezinadan ishlangan poyabzallar yoniga ham, bo‘yiga ham «o‘sadi». Dastlab ushbu oyoq kiyimlarning 3000 jufti tezda sotilib ketadi. Keyinchalik Kenton juda ko‘p shunday boshmoqchalarni sotib olishga qurbi yetmaganlarga sovg‘a qiladi. Bola bog‘chaga chiqqandan toki maktabni tugatgancha kiyishi mumkin bo‘lgan bu oyoq kiyimlar atigi 30 dollarga sotiladi. Gapning qisqasi, Kenton yaratgan kashfiyot millionlab bolalarning hayotini yaxshilaydi, taqdirini o‘zgartiradi...

Dunyoni larzaga solgan tashlandiq bola surati...

2016 yil 31 yanvar bundan roppa rosa to‘rt yil oldin  qashshoq bolalarga yordam berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan daniyalik volonter Anya Ringgren Loven Nigeriya qishloqlardan birining ko‘chalarida  ovqat so‘rayotgan abgor ahvoldagi kichkintoyni ko‘rdi.  U darhol bolaga yonida olib yurgan suv va ovqatni berdi. Bola go‘yo birinchi marta ovqatni ko‘rayotgandek tashlandi. Ma’lum bo‘lishicha, bola ota-onasi tomonidan jodugarlikda ayblanib ko‘chaga haydalganida bir yoshdan oshgan go‘dak bo‘lgan va bir yilga yaqin  boshpana va ovqat izlab ko‘chada yurgan.  Unga Anya Xoup ya’ni Umid, deb ism berdi. Xaloskor ayol  internetga joylashtirgan suratlar butun dunyoni larzaga soldi.

Odamlar «Sizning yordamingiz — ularning hayoti» xayriya jamg‘armasi hisob raqamiga pul o‘tkazishni boshladilar. Bir million dollarga yaqin mablag yig‘ildi. Ushbu mablag‘lar Umidning sog‘lig‘ini tiklashga va unga o‘xshab ota-onalari tomonidan o‘limga mahkum bo‘lgan barcha bolalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflandi.

Mahalliy shifokorlarning ma’lumot berishlaricha Umidga o‘xshagan bolalarning oiladan quvilishiga sabab gipospadiya xastaligi (bola jinsiy a’zosining anatomik tuzilishi anomaliyasi) borligi aniqlangan va bu odatdagi jarrohlik yo‘li bilan tuzatiladi. Biroq, bu jamiyatda bunday nuqson bilan tug‘ilgan bolalar qarg‘ishga qolgan yoki jodugarlikkda ayblanib ko‘chaga haydaladi yoki o‘ldirib yuboriladi.

Xoup — Umidda bu kasallikdan tashqari orttirilgan bir qancha xastaliklar davolandi. Ehtimol unga berilgan Umid ismi  Xoupning yashab ketishiga sabab bo‘lgandir. Hozir Umid sport to‘garaklariga qatnashadi, surat chizishni yaxshi ko‘radi. Uning qarindoshlarini qidirish natija bermadi. Bola ba’zida bundan to‘rt yil oldingi ayanchli suratiga qaraydi, lekin rahm, shafqat, qo‘rquv, achinishni his qilmaydi. U bunga ota-onasini ham ayblamaydi. Chunki unga nigeriyalik bolalarning bunday ayanchli taqdir qurboniga aylanishiga ota-onani emas, balki jamiyatni, qashshoqlik, ilmning yo‘qligi va mahalliy xurofot, urf-odatlarni sabab deb ko‘rsatishgan.

Bugungi kunda u Nigeriyaning Eket shahridagi o‘zi kabi 35 nafar  bola bilan muruvvat uyida yashamoqda. Yaqinda Umid hayotida birinchi marta sochini kestirdi. Bola nihoyatda qiziquvchan, quvnoq, mehribon va samimiy bo‘lib o‘sdi: «Ko‘rib turganingizdek, bola baxtiyor. Dunyodagi barcha g‘amxo‘r odamlardan va mehribonlik uyi tarbiyachilaridan minnatdormiz. Mehr-muhabbat bor joyda umid ham bor!», deb yozadi Anya o‘zining Facebook sahifasida.

Anya turmush o‘rtog‘i nigeriyalik Devid Emminuel bilan «Umidlar mamlakati» yangi bolalar uyini tashkil qilishga kirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, 10 yil ichida Nigeriyaning 36 viloyatidan ikkitasida 15000 bola jodugarlikda ayblanib, 1000 ga yaqini o‘ldirilgan. Shu bois Anya dunyodagi ayanchli taqdirli bolalarni  himoya qilish uchun qalbida umid bilan yangi bolalar uyining ochilishini kutayapti.

Otning o‘limi itning bayrami

Bu sarlavhacha biroz qo‘poldek ko‘rinadi. Ammo...

Kuni kecha yarim kun chiroqning o‘chishi O‘zbekistonning kattagina hududini qamrab oldi. Tabiiyki chiroq yo‘q bo‘lgach hamma shamga yopishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda shamning birdaniga qimmatlab ketganini yozishdi. Aslida bunday tasodiflar shunchaki tasodif emas. Bunga karantin mahali ham juda ko‘p guvohi bo‘ldik. Bu yuqorida keltirilgan misollarimiz ilojsizlikdan qilinadigan ilojsizlikmas, shunchaki nafsi ochlik, qanday qilib bo‘lsada foyda olish.  

Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda ham bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

«Kecha shu shamni 10.000 so‘ng dedi Universamda. Jahlim chiqdi odamlarda vijdon yo‘qligidan...», «Kecha bir-biriga yordam berish o‘rniga 30000 so‘mdan sotishdi», «7000 so‘mdan sotilibdi, oxiri shuniyam topib bo‘lmadi», «Magazinda tushgacha arzonroq sotilgan sham, soat 12 dan keyin 4,5 mingdan kelibdi, ikki baravar qimmatiga, keyin ular besh mingdan sotishdi. Onamning mahallasida 4 tasi 25 mingdan sotilibdi», «O‘zi aslida odamlarda ayb, bitta sham bir necha kunga yetadi, xuddi bir umrga chiroq o‘chadigandek g‘amlashga tushib ketishdi...»

Ha, kecha yarim kun kutilmagan nosozlikka ayrimlarda shuncha toqatsizlik. Ijtimoiy tarmoqda yana bir foydalanuvchi yozganidek: «Kecha rosa izlab 25 000 sumga sham topib, xursand bo‘lib uyga kirsam chiroq yonsa deng».

Ha, chiroq yonishi, avvalgidek hayot o‘z izga tushishi aniq edi, faqat vahimaga, kichikkina musibatdan katta foyda olishga harakat qilish ko‘ngilga xiralik yetkazgani qoldi xolos...  Sham kabi tez erib bituvchi topilgan daromad, foyda qachongacha uddaburonlarni ko‘nglini yoritib turadi, mana shunisi sham kabi xira va achchiq tutunli...

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring