Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkinjon Karimov

Har qanday vaziyatda ham samimiylik muhimdir.

Aks-sado. Rahbarlikka kim loyiq?

Aks-sado. Rahbarlikka kim loyiq?

Illyustrativ surat

Foto: «Sunrise-aktobe.kz»

2018-yilning 4-yanvar kuni «Xabar.uz»da «Nega ko‘pchilik davlat xizmatchisi bo‘lgisi kelmaydi?» nomli maqola e’lon qilingan edi. Bu maqola o‘quvchilarimiz tomonidan yaxshi kutib olindi, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi, bo‘lmoqda. Elektron pochtamizga mavzu yuzasidan bir nechta maqola kelgan bo‘lib, quyida matematik-olim Erkinjon Karimovning bu boradagi fikr-mulohazalari bilan tanishasiz.

* * *

Bir kichik oilaga bosh bo‘lishning qanchalik og‘irligi, mas’uliyatli vazifa ekani deyarli barchamizga ayon. Qoni bir, hayotdagi maqsadi mushtarak bo‘lgan kichik bir jamoa — «oila»ni farovon, tinch-xotirjam hayot sari yetaklashda qanchalik donishmandlik, fidoyilik talab qilinsa, jamiyatda tutgan o‘rni, vazifasi boisgina birlashib turgan insonlar jamoasini boshqarish uchun yuqorida ta’kidlangan xislatlarga ega bo‘lishdan tashqari, jamiyat manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yishdek noyob fazilat juda zarurdir.

Jamoaga kim rahbarlik qilishi kerak? Bu savol jo‘nday ko‘ringani bilan unga javob topish g‘oyat mushkul masala. Lekin biz bu boradagi fikrlarimizni, garchi ular kimlargadir sub’yektiv ko‘rinsa-da, bildirib o‘tmoqchimiz.

Rahbarlikka nomzod mutaxassisligi bo‘yicha o‘z ishining ustasi, ixtiyoriy masalada o‘z mustaqil fikriga ega, prinsipial, ma’naviyati kuchli, to‘g‘riso‘z, shuningdek, insonlar bilan munosabatda yetarlicha diplomat, o‘z jamoasida munosib o‘ringa ega, e’tiqodli inson bo‘lishi kerak. Jamoaning manfaati yo‘lida o‘z shaxsiy manfaatlariga qarshi bora olishga qodir, jamoaning umummaqsadi yo‘lida sobitqadam bo‘la olishi ham talab etiladi.

Birinchi navbatda o‘z sohasining kuchli mutaxassisi bo‘lishi — jamoaning maqsad sari to‘g‘ri yo‘ldan qulay usullarda yetishiga asosiy garovdir. Rahbarning turli masalalarda o‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lishi jamoadagi turli manfaatlarni ko‘zlovchi guruhlarning ta’siriga tushib qolishdan asraydi. Bu shaxsiy fikrning mutlaq noto‘g‘ri bo‘lmasligini esa o‘z sohasida yetuk mutaxassis ekani ta’minlaydi.

Rahbarning prinsipialligi jamoada shakllangan an’analar, asosiysi, qonun-qoidalarga amal qilishda, jamoa ahilligini ta’minlashda, bir maqsad yo‘lida mushtarak qilishda juda qo‘l keladi. Jamoadagi qonun-qoida buzilishlariga kim tomonidan yo‘l qo‘yilganidan qat’i nazar, prinsipial pozitsiyadan turib bir xil jazolanishi yoxud jamoa maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatganlarni rag‘batlantirish masalalarida ham prinsipiallikka amal qilish rahbarni jamoaning tom ma’nodagi lideriga aylantiradi.

Rahbarning yuksak ma’naviyat egasi bo‘lishi barcha zamonlarda, turli jamoalarda ham asosiy xislat sanalgan. Busiz jamoa to‘g‘ri yo‘ldan adashishiga shubha yo‘q. Keyingi o‘rinlarda ta’kidlaganimiz to‘g‘riso‘zlik, diplomat bo‘lishlik ham jamoaning bir rahbar qanoti ostida effektiv ishlashiga zamin yaratadi. Diplomatlik deganda, avvalo, turli fikrlarga tolerantlik, ularga ob’yektiv baho bergan holda yakuniy qarorni qabul qilishni nazarda tutdik.

Keyingi fikrimiz rahbarning e’tiqodi haqida edi. E’tiqodli inson deganda kimni nazarda tutamiz? Bizning fikrimizcha, e’tiqod bu tizimlashtirilgan fikrlar majmuasiga sodiqlik, uning an’analarida sobitqadam bo‘lishlikni bildiradi. Xalq orasida e’tiqod deganda birinchi navbatda diniy e’tiqod tushuniladi. E’tiqodli inson deganda xudoga ishongan, iymonli insonni ko‘z oldiga keltiradi xalqimiz. Bu asrlar davomida shakllangan murakkab tushunchaning oddiy ko‘rinishidir. Bizning nazdimizda ham e’tiqodli inson — xalq manfaati yo‘lida jonkuyar bo‘lgan, insonlarga faqat yaxshilik sog‘inadigan, xalqimiz qoniga singib ketgan dindagi aqidalarimizga sodiq mustahkam irodali insondir.

Yana rahbarning ma’naviyatga qaytsak. Buni oddiy bir oila boshlig‘i bo‘lgan kichik rahbar misolida ko‘rib chiqsak. Oilaning rahbari ma’naviy buzuq, ko‘p yolg‘on gapiradigan bo‘lsa, farzandlar uchun oddiy bir o‘rnak sifatida ularni tubanlik sari yetaklashi oddiy haqiqat. Boshqaruvdagi qattiqqo‘llik niqobi ostidagi qo‘pollik, ko‘p hollardagi so‘kag‘onlik oilaning kelajakdagi muvozanati buzilishiga olib keladi.

Farzandning xatosi uchun uni qo‘pol so‘zlar bilan so‘kishlik, omborxona yoki og‘ilga qamab qo‘yishlik bilan jazolash, qo‘rqitishning oqibati o‘laroq farzand xatosini to‘g‘ri tushunib, kelajakda bu xatoni takrorlamasligi kafolatlanadimi? Albatta, yo‘q! Oila boshlig‘i vaqt o‘tib, ana o‘sha farzand qaramog‘ida qolganda ilgari qo‘llangan jazolarning «aks ta’sirlari»ni o‘z tanasida his qiladi.

Rahbar qanchalik kuchli ma’naviyat egasi bo‘lsa, jamoada ana o‘sha ma’naviyat andozaga aylanadi. Rahbarning o‘rinbosarlari ham shu ma’naviyatdan oziqlangan munosib insonlar bo‘lib yetishadi.

Fikrimiz so‘ngida ancha qiyin xislat — jamoa manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yishlik haqida to‘xtalamiz. Bu xislat insonda birgina oila doirasida shakllanmaydi. Mazkur fazilatni insonda shakllantirishda birinchi navbatda oiladagi tarbiya muhim o‘rin tutsa, mahalla-ko‘y, jamiyatdagi tarbiyaviy muhit ham kam rol o‘ynamaydi. Bizning fikrimizcha, jamoa manfaati tushunchasini shakllantirish maktabgacha tarbiya muassasalarida boshlansa, maktab davrida faollashadi va oliy o‘quv yurtlari, mehnat jamoalarida tobiga keltiriladi.

Ushbuni o‘qib turib, o‘zingizda rahbarlik salohiyatini sezsangiz, yurt manfaati shaxsiy manfaatingizdan ustun bo‘lsa, rahbarlikka intiling. Buning hech aybi yo‘q. Kimdir sizni amalparast, boshqasi «karerist» desin, e’tibor qilmang. Asosiysi, kichik bir jamoada bo‘lsa-da, rahbarlik qilib, yurt ravnaqiga ko‘proq hissa qo‘sha oling. Yurt deganimizni juda balandparvoz gap deb tushunmang. Sizni o‘rab turgan jamiyat, siz bilan birga hayot kechirayotgan atrofingizdagi odamlar, hududingiz siz uchun yurtning bir parchasi ekanini unutmang.

Erkinjon Karimov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring