Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Lirik chekinish: Rossiyadagi migrantdan maktub

Lirik chekinish: Rossiyadagi migrantdan maktub

Foto:«UzTAG»

«Assalomu alaykum, olis tog‘lar bag‘ridagi mo‘jazgina qishlog‘im...

Mana sovuq diyordagi uchinchi qishniyam o‘tkazdik. «Brigadamiz» yetti kishidan iborat. Qish bo‘yi ichkarida, bino remonti bilan mashg‘ul bo‘ldik. Hozir kunlar ancha ilidi. «Ilidi» deganiyam ayoz ortiq yuzingdan chaqmaydi, daraxtlar uyg‘onib, kurtak chiqaradi. Men yurtimda bu vaqtlar qirda sarg‘ayayozgan bedalarga chalg‘i urgan bo‘lardim... Sovuq diyorning sovuq siyratidan ichingga issiq kirishi ham qiyin...

Xullas, kechasi tush ko‘rdim. Hovlimizdagi gilos g‘arq pishganmish. Oftobda ajib yaltiragan, barglar ortidan «ko‘z qisgan» giloslar... Ariqchada suvning shildirashi eshitiladi. Gilosni muzdek suvda chayib, yeyishni o‘ylab, og‘zimga suv keldi. Daraxtga tirmashdim. Tanasi g‘adir-budur, barg-u, mevalari go‘zal, ajib yaratiq... Rusda hanuz daraxtlar uyg‘onolmay karaxt.

Daraxtga chiqib gilosxo‘rlikni boshlayman degan vaqtimda uyg‘onib ketdim. Hatto tush ham ota hovlimda yana biroz yayrashimni istamadi.

Yonimda sheriklar uxlamoqda. Mana G‘iyos — bu yil uylanmoqchi. Mo‘ylabi maysadek, xushsurat. Ko‘ngil qo‘ygani «Rossiyada mardikor» deb unamayotgan emish. Sho‘rlik eshitib, «uyimdagi borimni sotib, o‘qimagan ekanmanda» dedi yig‘lamsirab.

Nariroqda Asqarali yotibdi. 20 yillik usta. Jo‘jabirdek jon. Beshta qizi bor. Har yili borib, bittasini uzatib qaytib keladi. Aytishicha, navbatdagisini uzatganda, 5 ming «ko‘kat» qarz bo‘lib qolganmish...

Keyingi joyda pishiq-puxta Qosimbek yotibdi. Nima yetmaydi, shu bolaga. Uyi, mashinasi, chiroyli oilasi bor, qo‘li gul... Orqavarotdan eshitishimcha, uyida zerikarmish. Rossiyaga kelmasa, qishloqda portlab ketarmish... Ajab...

Xullas, bizda shunaqa gaplar, qishlog‘im. Qachon boraman noma’lum. Imoratni yangilamoq darkor. Unga esa pul kerak, pul...

Xayr».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring