Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shahnoza To‘raxo‘jayeva

Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil (Jaloliddin Rumiy)

Deputatlar, ikki ko‘zimiz sizda endi!

Deputatlar, ikki ko‘zimiz sizda endi!

Yil so‘ngida Prezidentning xalq vakillariga murojaat qilib, real hayotimiz haqida real gaplarni aytishi yaxshi an’anaga aylandi. Bardavom bo‘lsin.

Aytilganidek, moliya-iqtisod sohasida ancha murakkab yil bo‘ladi, belni mahkam bog‘langlar, aziz yurtdoshlar.

Kelayotgan yildan soliqni kam to‘laymiz, demak budjetga soliq tushumi kamayadi. Prezident «bu oson ish emas, ammo samarali soliq ma’muriyatchiligi orqali bu davrdan eson-omon o‘tamiz» deyapti. Ya’ni soliq imtiyozlarini kamaytirish, QQS joriy etish va hokazo. O‘zi rivojlangan dunyo tajribasidan ma’lum, soliq stavkalari qancha past bo‘lsa, soliq to‘lovchilar ko‘payadi, chunki katta soliqni to‘lashni istamay, «qora iqtisod»ga qochgan qatlam qonuniy ishlashga o‘tadi. Ishqilib, bu formula bizda ham ishlasin, «o‘zbek modeli» bo‘lib ketmasin.

Odamlar tushunishi kerak: farovon yashashni istaydimi, halol yashashdan boshqa chora yo‘q. O‘g‘rilik barakani uchiradi, hatto o‘g‘rining o‘zida ham farovonlik bo‘lmaydi. O‘g‘rilik qilmay, halol ishlashga sharoit yaratilyaptimi, xavfsiramay, badbinlik qilmay, yaxshi gumonda keyingi qadamlarni qo‘yish, islohotlarga ishonish kerak.

Soliq imtimyozlarining bosqichma-bosqich bekor qilinishi halol raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi. Bu yo‘lda ilk qadamlar qo‘yildi. Monopoliya ham yo‘q qilinsa yaxshi bo‘lardi. Unga ham navbat yetadigan ko‘rinadi...

Ayollar haqidagi statistika tashvishlantiradi: 13 ming ayol nochor ahvolda deyildi. 13 ming nochor ayolning ortida bir nechtalab farzandlari ham borligini hisobga oling, bu statistikaga kirmay qolgan yana necha minglab ayollarni oling... Hali qiladigan ishingiz ko‘p, erkaklar!

«Nogironligi bo‘lgan farzandni parvarish qilayotgan onalar uchun alohida nafaqa turi joriy etiladi». Soliq tushumi kamaygan yilda bu qadam – oson bo‘lmasa kerak. Lekin QQS tufayli (yana boshqa qator sabablarga ko‘ra) narxlar oshishi mumkin. Demak, kuchli ijtimoiy himoya kerak.

Kanalizatsiya va suv islohotiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishga prezident 2 oy muxlat berdi. Reja ishlab chiqishga bu muddat yetsa ham, real muammoni bartaraf etishga bir necha yillar kerak bo‘ladi, nazarimda. Uyimiz yerto‘lasidan chiqib yotgan qo‘lansa hid va bug‘ buni tasdiqlayotgandek... 

«Osiyo o‘yinlari»ga mezbonlik qilish g‘oyasi yaxshi, 100 foiz qo‘llab-quvvatlayman. Bizning ko‘chalarda ham bayram bo‘lsin!

«O‘zbekiston tarixi» kanali ochilishi... xo‘o‘sh. G‘oya yaxshi. Ammo bizning TV bilan, bilmadim-da... Xususiy kanal qilish kerakmikan balki. Tarix haqida ko‘rsatuvlar, filmlar, shoular yaratish murakkab va qimmat ish.

Ma’lumot uchun: Buyuk Britaniyada suratga olingan «Imperiya bahosi» degan hujjatli-tarixiy filmning 1 ta seriyasi budjeti 18 mln $.

Reytingi baland, qiziqarli qilaman deyishsa, juda zo‘r telekanal bo‘ladi. Ammo qila olisharmikan? Ko‘ramiz... 

Prezident parlamentga ko‘p vakolatlarni beryapti (mas’uliyatiga qo‘shib): vazirlarni tayinlash, budjetni shakllantirish... Hatto hokimlar ham parlamentdagi maxsus kengash tasdig‘idan o‘tib, keyin tayinlanarkan.

Gap yo‘q! Demokratik harakatlar. Faqat parlament bu vakolat va mas’uliyatni ko‘tara olarmikan? Parlament – bu sizu biz, xalq degani, u yerda biz saylagan vakillar o‘tiribdi.

Deputatlar, endi ikki ko‘zimiz sizda bo‘ladi. Odamlar ham endi deputatlarni o‘ylab saylashi kerak, chunki ular real kuchga aylanishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring