Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shahnoza To‘raxo‘jayeva

Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil (Jaloliddin Rumiy)

Shifokorni urganni qamash kerak(mi?)

Shifokorni urganni qamash kerak(mi?)

Foto: «AiF»

Rossiyada vrachlarga elektroshoker tarqatishmoqda, Ukrainada yakkakurash turlarini o‘rgatishayapti, Irlandiyada ularga jismoniy tajovuz qilganlik uchun 5 yilgacha qamoq jazosi belgilandi, Iroqda shifokorlarga qurol olib yurishi uchun ruxsat berildi...

Joriy yil 29-yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Mazkur loyiha bilan o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilmoqda.

Loyiha ma’qullansa va amalga joriy etilsa, ushbu modda nafaqat vrachlar, umuman xizmat vazifasini ado etayotganda tajovuzga uchragan har qanday kasb egasiga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. Lekin nega aynan Sog‘liqni saqlash vazirligi bu loyiha bilan chiqayapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Biz shu savol bilan vazirlikka murojaat qildik.

Sog‘liqni saqlash vazirligining izohi

Ruslan Muhammadiyev, Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘lim boshlig‘i:

Afsus bilan aytish kerakki, bugungi kunda bemorning o‘limi yoki sog‘lig‘i holati yomonlashishida biror-bir aybi bo‘lmasa-da, shifokorni ayblash va unga noqonuniy tajovuz qilish holatlari ko‘payib ketmoqda. Oxirgi paytlarda bunday g‘ayriqonuniy tajovuz aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p uchrayapti.

«Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi. Oqibatda, xizmat vazifasini o‘tab turgan tibbiyot xodimlarining sog‘lig‘iga, hattoki tiklab bo‘lmaydigan jarohat yetkazgan aybdor shaxs­lar ham ayrim hollarda hech qanday jazo o‘tamasdan qolib ketmoqda. Bu esa tibbiyot xodimlarida o‘zlariga nisbatan sodir etilgan tajovuzlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishdan hech qanday naf yo‘q, degan tushuncha paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Kuzatuvlar bunday g‘ayriqonuniy tajovuzga uchragan shifokorlarning beshtadan faqat bittasigina huquqni muhofaza qiluvchi organlarga aybdorni javobgarlikka tortishni so‘rab murojaat etishayotganligini ko‘rsatmoqda».

Yaqindagina Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «Ipoteka bank» binosi oldida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimiga zo‘ravonlik qilgan haydovchiga nisbatan sud hukmi o‘qilib, u ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilganligi to‘g‘risidagi xabarlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

O‘tgan yil 3 avgust kuni vodiy viloyatlarining birida M.M. tez tibbiy yordam xodimlarining kech yetib kelganini, ular kelgunga qadar bobosining vafot etganini aytib, tez tibbiy yordam shifokori Sh.S.ga o‘rtacha og‘ir darajadagi tan jarohati yetkazgani ko‘pchilikka ma’lum. Vaholanki, ayni holatda shifokor bemorning yashash manziliga 10 daqiqa ichida yetib borgan va borgan paytda bemor allaqachon vafot etgan bo‘lgan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi M.M. Jinoyat kodeksining 105-moddasi, birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, lekin jazo shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilangan. Mazkur shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qilgunga qadar ham unga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Oddiyroq aytganda, hech qanday aybi bo‘lmagan, bemorga yordam berish istagida o‘z vaqtida yetib kelgan shifokorning sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan jarohat yetkazgan shaxs amalda hech qanday jazo o‘tamagan.

Bu yerda e’tiborli jihati nimada? O‘z xizmat vazifasini bajarayotgan, tegishli jismoniy va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va yonida o‘qotar quroli ham bo‘lgan ichki ishlar xodimiga mushtumzo‘rlik qilgan qonunbuzarning harakatlari bezorilik deb baholanadi va aybdor sud hukmi bilan jazo o‘tash uchun ozodlikdan mahrum etish joylariga yuboriladi. Lekin xuddi shunday xalqqa xizmat qilayotgan oddiy shifokorning sog‘lig‘iga hech bir sababsiz tiklab bo‘lmaydigan jarohat yetkazgan shaxsning harakatlari bezorilik, deb topilmaydi va u yengilroq jazoni ko‘zda tutuvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan sudlanadi hamda jazodan qutulib qoladi.

«Jamiyatimizda ko‘payib ketayotgan bunday illatni oldini olishning eng asosiy va samarali yo‘llaridan biri sifatida yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, bunday harakatlarni bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilish lozim, — deydi Ruslan Muhammadiyev. — Sababi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002 yil 14 iyundagi 9-sonli «Bezorilikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida»gi qarorining 13-bandiga muvofiq, basharti, shaxs o‘z xatti-harakatlari bilan ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotganligini va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganligini ham yaqqol anglagan bo‘lsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim».

Tashvishli statistika

Yuqorida biz vrachlarga bemorlar tomonidan tajovuz butun dunyo bo‘ylab u yoki bu darajada kuzatilishini, unga qarshi har bir mamlakat o‘ziga yarasha choralar qo‘llayotganini aytdik. Ammo bu bilan hammada ham shu ekan, deya qo‘l qovushtirib o‘tirish ham bo‘lmaydi.

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili bemorlar tomonidan shifokorlarning davolash natijalaridan asossiz ravishda norozilik bildirib, ularga nisbatan shaxsiy adovati oqibatida Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 30 ga yaqin holatda hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida 3 nafar tibbiyot xodimiga nisbatan jismoniy va ma’naviy zarar yetkazilgan.

Bizda aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyati darajasini, umuman ijtimoiy rivojlanishimizning bugungi darajasini hisobga olgan holda, shifokorlarning huquqiy, ijtimoiy va ruhiy himoyasi masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu davr taqozosi.

Tanganing ikkinchi tomoni

Armanistonda bu tajriba amalga oshirilgan, ya’ni Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha modda kiritilib, vrach o‘z xizmat vazifasini bajarayotganda, uning hayoti va salomatligiga xavf soluvchi tan jarohati yetkazish uchun 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish chorasi belgilandi. Lekin bu keng jamoatchilik tomonidan norozilik bilan qabul qilindi.

Avvalo, nega vrachlar uchun alohida huquqiy himoya berilayapti, axir, har qanday insonga nisbatan tan jarohati yekazish uchun javobgarlik bor-ku, degan e’tiroz bo‘ldi.

Qolaversa, o‘ziga yordam berish uchun kelgan odamni sababsiz urib ketish g‘alati-ku? Vaqtida kelmagandir, yordam berolmagandir yo noto‘g‘ri davolagandir... balki umuman tizimda xatolik bordir. Shu sababli vrachlarni himoyalashdan avval har bir fuqaroning sifatli tibbiy yordam olish huquqini himoya qilish kerak emasmidi?

Mutaxassislar fikri

Furqat Tojiyev, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari:

— Loyiha bilan Jinoyat kodeksining bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish jinoyati uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 277-moddasining, uchinchi qismini quyidagi qo‘shimcha bilan to‘ldirish taklif etilmoqda:

«z) o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, —»

Bunda ushbu jinoyat uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.

Amaliyotda xizmat vazifasini o‘tayotgan shaxslarga qilingan zo‘ravonlikka jazo uning oqibatlariga, ya’ni yetkazilgan shikastga qarab beriladi.

O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan og‘ir shikast yetkazish esa besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ya’ni, hozirgi Jinoyat kodeksida ushbu jinoyat uchun jazolar yetarlicha belgilangan.

Loyihada taklif etilayotgan jazo, nazarimizda, qilinayotgan jinoyat darajasiga mos emas. Nazariy jihatdan shifokorni yoki MIB xodimini bir shapaloq urganligi uchun (hozir jarima to‘laydi) shaxs 5 yilga qamalib ketishi mumkin.

Shu sababli ushbu masalani atroflicha tahlil qilib ko‘rish kerak.

Obidjon Latipov, shifokor:

— Ushbu hujjat loyihasi Sog‘liqni saqlash vazirligidan chiqqani men uchun kutilmagan, ammo juda ijobiy holdir.

Nega vrachlarni alohida himoya qilish kerak, ularning boshqa soha vakillaridan nima ortiq joyi bor, degan savol o‘rinsiz. Chunki vrachning bemorlar tomonidan kaltaklanishi va unga jismoniy zarar yetkazilishi ko‘chada ikki insonning o‘zaro kelishmovchilik tufayli janjallashib qolishidan farqli holatdir.

Shifokor o‘z ro‘zg‘ori uchun mahsulot olgani bozorga xaridor sifatida yoki biznesi uchun kredit so‘rab bankka murojaat qilgan mijoz emas. Shifokor xizmat burchi yuzasidan odamlarga yordam bergani borayapti. Agar u kechikkan yoki biron sabab bilan bemorga vaqtida yordam bermagan bo‘lsa, bu yerda faqat uning aybi bilan bu voqea sodir bo‘lmagan. Vrach vaqtida yetib borishi uchun yaxshi ulov va yo‘llar, malakali tibbiy yordam ko‘rsatishi uchun zarur dori-darmon va uskunalar, bilganlarini adashmay to‘g‘ri qo‘llashi uchun lozim shart-sharoit kerak. Xullas, tizimning tizimli muammo­larida vrachni ayblab, unga qo‘l ko‘tarishni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi va buni jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat, deb baholash kerak.

Abdulazizxon Akramov, shifokor:

— Vrachlar xizmat vazifasiga ko‘ra insonlar bilan ko‘p muloqot qiladilar. Bu muloqot faqatgina tibbiyot muassasida emas, undan tashqarida ham ro‘y berishi mumkin. Masalan, shifokor bemorning uyiga boradi. Har xil odam bor: ruhiy kasal, giyohvand, ichkilikboz yoki tajovuzkor. Yo bo‘lmasa, bemorligi tufayli injiq, qarindoshlari esa asabiy... Shunday muhitga kasb taqozosi bilan kirib boradigan, hech bir qurolsiz va himoyasiz insonlarga huquqiy himoya bo‘lishi kerak.

Xulosa

Umuman olganda, jazoni kuchaytirish jinoyatning kamayishiga xizmat qilmaydi. Ushbu yo‘nalishda fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etish lozim.

Jamoatchilikning shifokorlarga nis­batan to‘g‘ri munosabatini shakllantirish uchun ushbu masalaning bugungi kun tartibiga qo‘yilgani ijobiy holdir. Zero, shifokorlarga qarshi ko‘tarilgan qo‘l oxir-oqibat insonning o‘z salomatligiga qarshi ko‘tarilgan qo‘lga aylanishi shubhasizdir.

Manba: insonvaqonun.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring